
Arveladze: Markazlashgan musobaqada barcha teng holatda bo‘ladi
Xabaringiz bor, ertaga "Paxtakor" Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichining 3-turi doirasida "Al-Hilol"ga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida "sherlar" bosh murabbiyi Shota Arveladze va Egor Krimets ishtirok etdi:
"Biz raqibni juda yaxshi bilamiz. Ularning qanday kuchga ega ekanligini ham bilamiz. O‘tgan yil ham Chempionlar Ligasi guruh bosqichida ishtirok etganmiz. Bunday o‘yinlarda maydonga tushganmiz. Bu yil ham o‘z rejamiz asosida ishlab kelyapmiz. Qisqa muddatda o‘tadigan musobaqa barchaga yaxshi imkoniyat taqdim etadi. Bu aynan bir jamoaga ustunlik beradi, deb o‘ylamayman. Faqat meni qiziqtirayotgan bir narsa, har uch kunda o‘yinlarda qanday harakat qila olishimizdir. Boshqa jamoalar ham bunga qanchalik tayyor ekanligi qiziq. Markazlashgan musobaqada barcha teng holatda bo‘ladi. Bu kimgadir yaqqol ustunlik beradi, deb o‘ylamayman.
Barchaga sog‘lik tilayman. Hech kim kasal bo‘lmasligini xohlayman. Biz juda ham jiddiy vaziyatda turibmiz. Barchamiz futbol o‘ynaymiz. Yaxshi o‘yin namoyish etish uchun esa barcha sog‘lom bo‘lishi kerak. Shu bois barchaga sog‘lik tilayman. Raqib safida kasal bo‘lganlar haqida bir gap ayta olmayman. Faqat ularning tezroq tuzalishlarini tilab qolaman.
Har uch kunda o‘yin o‘tkazganimiz qanday ta’sir qilishini o‘yinlar orqali ko‘ramiz. Evropada bu taqvim odatiyga aylangan. To‘g‘ri biz uchun noodatiy holat bo‘ldi, ammo ertaga maydonga tushib o‘ynashimiz kerak, uyog‘ini ko‘ramiz", - dedi Arveladze.
Krimets: "Murabbiyning fikriga qo‘shilaman, bu butun dunyo uchun juda qiyin davr bo‘ldi. O‘ylashimcha, buni biroz bo‘lsa ham enga oldik. Futbolga kelsak, biz bu bahsni anchadan buyon kutayotgandik. Osiyo chempionlar ligasi qayta boshlanishini sabrsizlik bilan kutdik. O‘zbekiston chempionatidagi o‘yinlar orqali bo‘lajak bahslarga tayyorlandik. Ertaga juda qiziqarli o‘yin bo‘ladi.
Biz o‘yinga yaxshi tayyorlandik. "Al Hilol"ning ko‘plab o‘yinlarini ko‘rdik. Ligalar borasida menimcha Saudiya Arabistoni bizdan qaysidir jihatlari bilan ustun bo‘lishi mumkin, ammo barcha jabhada ustun emas. Buni maydonda ko‘rsatishga intilamiz".
Fikrlar