
Asfaltda mast xolda uxlab qolgan Jek nega Roy Kindan qochib yuribdi?!
SPORTS.uz APLning joriy mavsumidagi eng yaxshi pleymeykerlaridan biri bo‘lib turgan Jek Grilish haqida fikr almashadi.
Ichkilik va tungi bazmlar shaydosi
«Aston Villa» sardorini afsonaviy Pol Gaskoynga o‘xshab ketishi bor gap. U ham ichkilik va tungi sayrlarni juda xush ko‘radi. 2015 yilda Jek dam olish maqsadida Ispaniyaga yo‘l oladi. Oradan bir necha kun o‘tib, uning Tenerife ko‘chalaridan birida mast holda uxlab yotgani aks etgan surat internetni portlatadi.
Aslida, tartib-intizom borasida Grilishning muammolari juda ko‘p. 2020 yilda o‘z ijtimoiy tarmoqlaridagi obunachilariga uyda qolishni tavsiya qilgan futbolchi, oradan bir necha soat o‘tib, avtomashinasida baxtsiz hodisaga uchraydi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Jek yashirin tungi bazmga shoshib ketayotgan ekan. Bu xabar omma yuzini ko‘rgach, «Manchester Yunayted» Grilish transferidan voz kechdi.
Qahramonimiz janjal va to‘polonlarga boy hayot tarziga ko‘nikib qolgan. Uni sud zalida ko‘rish odatiy holga aylanib bo‘ldi. Mushtlashuv, model qizlar bilan janjallari, ichkilik va boshqa yomon illatlar sababli, Jek o‘z imijini ancha tushirib yubordi, biroq...
U Roy Kin bilan to‘qnash kelmasligi kerak
Irlandiya terma jamoasi va «Manchester Yunayted» sobiq sardori – Roy Kin anchadan beri Grilishning manziliga «iliq» so‘zlar aytishdan charchamayapti. U "Aston Villa" sardorini Irlandiya terma jamoasidan voz kechgani uchun juda yomon ko‘radi.
Bunga Kinda etarlicha asos mavjud. Jek Irlandiyaning turli yoshdagi terma jamoalarida 19 bor maydonga tushgan. Hatto unga sardorlik bog‘ichi ham topshirilgan. Keyinroq, Grilish Angliya termasi libosini kiyishga qaror qildi.
Muxlislar Grilishni katta musobaqalarda ishtirok etish maqsadida Angliyani tanlaganini sira kechira olmaydi. Roy Kin esa, birinchi imkon bo‘lishi bilan Jekni Irlandiya xalqiga xiyonat qilganlikda ayblamoqda.
«Agar Angliya uchun to‘p surmoqchi bo‘lsang, nega Irlandiyadan kelib tushgan taklifni qabul qilding, bolakay?! Agar sabr qilganingda, ular sen bilan aloqaga chiqar edi. Sen kutishni istamading. Irlandiya xalqiga umid berding va yashil libosni tanlading. Ko‘p o‘tmay, inglizlar aloqaga chiqqanida, darrov senga ishonganlarni unutib yubording. Bu xiyonatdan boshqa narsa emas!»
Grilishning darajasi «Aston Villa»nikidan o‘zib ketdi
«Aston Villa» Grilish uchun begona emas. Uning katta bobosi Billi Garreti «Villa Park» sharafini himoya qilgan. O‘tgan asr boshida to‘p surgan hujumchi birmingemliklar bilan ikki bor Angliya chempioniga aylangan. Oradan 120 yil o‘tib, Garretining avlodi sanalgan Grilish «Villa Park»dagi muxlislarni xursand qilmoqda.
Jekning o‘yini Chempionshipda toblandi. 3 mavsum davomida asosiy ligaga chiqishga uringan klub Grilishning yordamisiz APLga qayta olmas edi. O‘tgan mavsumda aynan Jekning gollari klubni elitada jon saqlab qolishiga ko‘maklashdi. Jek xavfli vaziyat yaratish borasida "top-5" vakillari orasida etakchi. Hatto Bruno Fernandesh, Kevin De Bryuyne, Jeydon Sancho ham hujum boshlashda undan orqada qolmoqda.
Shaxsiy statistikasi ham chakki emas: 6+9 «Aston Villa» futbolchisi uchun fantastik raqamlar. Sayyoramizning eng shiddatli chempionati o‘rtasida bunday natija ko‘rsatish uchun qolganlardan bir bosh baland darajada to‘p surish lozim. Bu ishni hozircha Grilish uddalamoqda. Uning kuchliroq klubga o‘tishi kerakligini allaqachon aniq bo‘lgan, biroq tartibsiz hayot tarzi bunga to‘sqinlik qilmoqda.
Grandlar nega unga ko‘z tikkan?
Birinchi navbatda, Jek ichkilikdan uzoqlashishi kerak. Bu uning super iqtidorini yanada yorqin namoyish etish uchun imkon yaratadi. «Aston Villa» o‘z xaloskori bilan xayrlashishni istamaydi, lekin barcha Angliya terma jamoasi a’zosining ketishini sezib turibdi.
O‘z vaqtida, Fergyusson Giggz va boshqalarni shaxsiy detektiv yollab kuzatgan edi. Balki, Grilishga ham shunday qattiq qo‘l murabbiy kerakdir?! Birmingem klubidan saviyasi baland ekanligini bilib turgan Jekni boshqarish deyarli imkonsiz. Balki, grandlar safida uni to‘liq qo‘lga olish mumkin bo‘lar.
So‘nggi oylarda Jek o‘z hayot tarzini ancha tartibga keltirdi. Mashg‘ulotlardan so‘ng, bazada qolishni boshladi. Jismoniy mashg‘ulotlarga ko‘proq urg‘u bermoqda. «Aston Villa» ustozi Din Smit ham ijobiy o‘zgarishlarni bir necha bor ta’kidlab o‘tdi.
"U o‘z ustida ishlash borasida benazir. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda avvalgidan bir muncha ko‘proq mashq qilayotgani meni xursand qilmoqda. Jek o‘zgacha ekanligini yaxshi biladi. Faqat bu omilni maydonga ko‘chirish uchun mehnat qilish kerak. O‘ylashimcha, buni Grilish yaxshi anglab turibdi».
Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, futbolchi model qizlar bilan ham aloqalarni to‘xtatgan. Hozirda, murabbiylarning ko‘rsatmasini to‘liq bajarish uchun qo‘shimcha nazariy darslar olmoqda.
Katta ehtimol bilan, qahramonimiz o‘zining pik formasiga ko‘tarilganini anglab etgan. Avvalgidek, uning qiliqlarini hech kim yoshlikka yo‘ymadi. So‘nggi 60 ta o‘yinda Grilish «Aston Villa»ning himoyadagi eng yaxshi futbolchisiga aylanib oldi. U har bir o‘yinda o‘rtacha 2,4 bor raqiblardan maydon markazida to‘pni olib qo‘ymoqda. Jek tug‘ma etakchi. Bu hislati orqali biror bir ingliz klubining asosiy futbolchisi darajasiga ko‘tariladi. Agar Grilishning ko‘ngliga yo‘l topadigan murabbiy bo‘lsa, u yaqin kelajakda APLning birinchi raqamli futbolchisiga aylanishi aniq.
Fikrlar