
Asror Aliqulov: "Futbolchimiz xissiyotlarini jilovlay olmadi"
Bugun Pro liganing 11-turida voha derbisi bo‘lib o‘tdi. 3 ta qizil kartochka ko‘rsatilgan o‘yinda “Sho‘rtan” irodasini ko‘rsatib “Mash’al”ni 2:1 hisobida engdi. Mezbonlar 90 va 90+6-daqiqalarda gollar urib g‘alabani ilib ketdi. O‘yindan keyin “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov shunday dedi:
- Og‘ir o‘yin o‘tkazdik. Birinchi bo‘lim xissiyotli bo‘ldi. Futbolchilar qo‘yilgan maqsad va taktikani yaxshi bajarishdi, deya olaman. Gol urdik, yaxshi himoyalandik. “Sho‘rtan”ni qanday o‘ynashini bilamiz. Afsuski, bugun provokatsiyalarga uchradik. Aytish mumkinki, hakam ham ko‘p narsaga yo‘l qo‘yib berdi. Og‘ir o‘yin, qizil kartochka va g‘alabani qo‘ldan boy berdik.
- Birdaniga ikki futbolchi maydondan chetlatildi. Bu jamoadagi tartib-intizom bilan bog‘liqmi yoki hakamlar saviyasimi?
- Birinchi bo‘limda ham Xolto‘raev to‘p uchun kurashlarda tirsaklarini ishga solayotgandi, hakam e’tibor qaratishini kutdik. Lekin baribir futbolchimiz xissiyotini jilovlay olmadi. Bu o‘yinchimizning xatosi. Oxirigacha chidash va futbolchiga xos bo‘lgan harakat qilish kerak. Afsuski, futbolchimiz xissiyotlarini jilovlay olmadi. Iloji yo‘q, endi keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz. Ikkita qizil kartochka bo‘ldi va chetlatilgan o‘yinchilarning o‘rinlarini to‘ldirishga harakat qilamiz.
Fikrlar