
Asror Aliqulov Qo‘qondagi yirik g‘alaba, qachon Muborakdagi arenaga qaytishi va jamoasining top hujumchisi haqida
Superliganing 12-turida Muborakning “Mash’al” jamoasi safarda “Qo‘qon-1912”ga qarshi maydonga tushdi.
O‘yin mehmonlarning tezkor goli bilan boshlandi. Bu esa “Mash’al”ga qo‘l keldi va bellashuvni kutilmaganda 0:4 hisobida foydasiga hal qildi.
Uchrashuvdan so‘ng “Masha’l” bosh murabbiyi Asror Aliqulov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Qo‘qon jamoasi o‘z uyida tajovuzkor o‘yin ko‘rsatadi, oxirigacha kurashadigan jamoa. Ko‘proq qarshi hujumda harakat qiladi. Tezkor gol urdik, ammo shundan keyin biroz sustlashdik. Oddiy holatlarda to‘p yo‘qotdik. Bu esa “Qo‘qon-1912” jamoasiga hujumlarini boshlashda qo‘l kelardi. Shu bois yigitlarga uqtirgandik, baribir hayajon bo‘ladi. Ikkinchi goldan keyin futbolchilarimizdagi bosim yo‘qoldi va yirik hisobda g‘alaba qozondik. Jamoamiz g‘alabani uzoq yo‘l bosib kelgan muxlislarimiz yonida nishonladilar. Mehnatlari uchun o‘yinchilarimizga minnatdorlik bildiraman.
- Mavsum davomida “Mash’al” doim mehmon sifatida o‘ynamoqda. Bilishimcha, Muborakdagi stadionda ishlar olib borilmayapti. Bu nima bilan bog‘liq? “Mash’al” qachon o‘z uyiga qaytadi?
- Ish olib borilmayapti desak noto‘g‘ri bo‘ladi, ish olib borilmoqda. Ko‘proq muammo – bu chim bilan bog‘liq. Yoritish tizimlari o‘rnatilgan. Chim almashishi kerak, ta’mirlash ishlari davom etyapti. VAR hamda sug‘orish ishlari bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti. Jamoani shunga tayyorlayapmiz. Biz mehmonda o‘ynashga majburmiz. Futbolchilarga ko‘p bosim qilmayapmiz. Asosiy e’tiborni jamoaviy o‘yinga qaratganmiz. Hozircha bizning uy maydonimiz “Sho‘rtan”ning stadioni. Shuning uchun bir xil holatda.
- Xumoyun Murtazoev ikkinchi yoshligini o‘tkazyaptimikin? Hozirgi vaziyatda hujumchilar muammosi bo‘lib turgan holatda “Mash’al” top hujumchisiga ega. Bitta vaziyat va bitta gol...
- Mashg‘ulotlar jarayonida ko‘p mehnat qilyapti. Shuning evaziga ham sermahsullik bor. O‘tgan yilgiga nisbatan ancha engil, joyidan qo‘zg‘alishi, kurashuvchanligi, atletizm tomonlama ham faolligi oshgan. Barchasi mashg‘ulotlardagi qilayotgan mehnatlarining evaziga deb bilaman.
- Sardor Abduraimov ikkinchi bo‘limda o‘yinlarga qo‘shilyapti. Asosiy tarkibda tushishiga nima xalaqit beryapti?
- Bu ko‘proq “Qo‘qon-1912” jamoasining o‘yinidan kelib chiqib. Chunki himoyalanadi. Bizga birinchi bo‘limda kurashuvchan futbolchilar kerak edi. Shuning uchun Sardorni ikkinchi bo‘limga olib qoldik. U yaxshi fikrlaydigan o‘yinchi va to‘p bilan ham yaxshi muomala qiladi. Himoyada ozgina muammolar bor. O‘ylaymanki, Abduraimovni ikkinchi bo‘limga qoldirgan qarorimiz o‘zini oqladi. Sardor hujumlarda o‘zini ko‘rsata oldi, yaxshi harakat qildi.
Fikrlar