"Autsayderlar qatorida yurish haqida o‘ylamayapmiz" - "Qo‘qon-1912" bosh murabbiyi qishki yig‘in, selektsiya va maqsad haqida

  • 1 mart, 05:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro ligadan Superligaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan “Qo‘qon-1912” jamoasi yangi mavsum uchun astoydil tayyorgarlik olib bordi.

Tecno

Jamoa qishki yig‘inning katta qismini Tojikistonning Xo‘jand shahrida olib bordi. Hozirda esa poytaxtda so‘nggi mashg‘ulotlar olib borilyapti.

Jamoa ilk turni 8 mart sanasida vodiy derbisi doirasida mezbon sifatida “Andijon”ga qarshi o‘tkazadi.

Qo‘qonliklar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov Sports.uz uchun yangi mavsum oldidan chempionatga tayyorgarlik masalasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Qishki yig‘in haqida

“Har bir murabbiy o‘z jamoasini yaxshi tayyorlashni xohlaydi. O‘tgan yili mavsum tugashi bilanoq imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda reja tuzgandik. Birinchi bosqichimiz, Qo‘qonda, keyin Toshkentda o‘tdi. Asosiy yig‘inimizni Xo‘jandda olib bordik. Tayyorgarlik uchun sharoitlari yaxshi. To‘g‘ri, Turkiyaga borishni ham rejalashtirgandik. Lekin amalga oshmadi. Xo‘jandda ham yig‘in o‘tkazish uchun hamma sharoit va imkoniyatlar bor. Oxirgi bosqichni Toshkentda o‘tkazyapmiz. Umumiy olib qaraganda, tayyorgarlikdan ko‘ngil to‘ldi”.

Selektsiya to‘g‘risida

“O‘tgan yilgi tarkibdan ko‘p futbolchilarni saqlab qoldik. Ayrim chiziqlarimizga Superligani ko‘rgan, tajribaliroq o‘yinchilarni chaqirdik. Eng asosiysi, jamoamiz ahilligini ta’minlash edi va buni amalga oshirdik. Futbolchilarni nafaqat tajribasiga, balki o‘zini tutishlari, odob-axloqiga ham qarayapmiz va tarkibni yaxshi shakllantirib oldik. Asosan o‘zimiz xohlagan futbolchilarni oldik. Yana ko‘p variantlar bo‘ldi. Har taraflama o‘rganib chiqilgan holda selektsiya qilindi. OKMK, “Neftchi”, “Paxtakor”, “Bunyodkor” kabi moliyaviy tomondan katta imkoniyatlar darajasida emasligimiz bois nomdor futbolchilarni chaqira olmaymiz. Asosiy e’tiborni yoshlarga, o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lganlarga qaratdik va yoshi kattaroq bo‘lsa ham o‘z so‘zini aytmoqchi bo‘lgan yigitlarni jalb qildik. Tarkib yig‘ishdan ham qoniqish hosil qildim”.

“Qo‘qon-1912” ilk turni qaerda o‘tkazadi?

“Maydonimiz deyarli tayyor. Menimcha, Qo‘qonda o‘tsa kerak. Lekin bu hali rasmiy ma’lumot emas. Klubimiz rahbariyatining PFL bilan gaplashib, ruxsat olishi borasida jarayon davom etyapti. Rahbariyatimiz hammasini tayyor qiladilar va o‘ylashimcha, ilk turni o‘z uyimizda o‘tkazsak kerak. O‘z maydonimizda anchadan beri o‘ynaganimiz yo‘q. Muxlislarimiz ham sog‘inib qolishgan”.

Ilk tur oldidan qanday fikrda?

“Derbiga kelsak, “Qo‘qon-1912”, “Andijon”, ”Navbahor” va “Neftchi” jamoalari eskitdan qaysi biri qanday holatda bo‘lishidan qat’iy nazar keskin kurashlar ostida o‘tgan. Har bir murabbiy g‘alaba qozonishni xohlaydi. Birinchi uchrashuv, muxlislarimiz anchadan beri Superligani sog‘inishgan. “Andijon” ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan. O‘tgan yili O‘zbekiston Kubogini yutdi va bu hol jamoa uchun katta motivatsiya bo‘ldi. Jamoada va futbolchilarda futbolga boshqacha qarash bo‘ladi. Albatta, “Andijon”ga qarshi qiyin o‘yin bo‘ladi. G‘alaba qozonishga harakat qilamiz”.

“Qo‘qon-1912”ni asosiy maqsadi xususida

“Superligaga chiqdik va klubni olib qolsak bo‘ldi, degan xayol umuman yo‘q. Autsayderlar qatorida yurish haqida o‘ylamayapmiz. Tarkibimizga yaxshi jamoalardan futbolchilar kelgan. O‘tgan yilgi yigitlar ham oldinga intilyapti va o‘sishga harakat qilishyapti. Jamoamiz o‘tgan yilgiga nisbatan ancha o‘sdi. Murabbiy sifatida o‘zimizga maqsad qo‘yganmiz. O‘rtamiyonadan kuchliroq jamoa bo‘lib, liderlar qatoriga kirishga harakat qilamiz, Xudo xohlasa”.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!