
«Ayaks» yoki «Roma»? «Slaviya» uchinchi bor inglizlarni xafa qiladimi? Evropa Ligasidagi vaziyat haqida haqida batafsil
SPORTS.uz Evropa Ligasidagi pley-off ishtirokchilari va ularning imkoniyatlari haqida fikr yuritadi.
Evropada nufuzi borasida ikkinchi o‘rinda turuvchi EL tobora qizg‘in ko‘rinish olmoqda. Chorak final ishtirokchilari o‘z raqiblarini nomini bilib oldi. Unga ko‘ra, bizni yaqin kunlar ichida bir nechta ajoyib to‘qnashuvlar kutib turibdi. Bugun shu haqida atroflicha fikr yuritamiz.
«Ayaks» — «Roma» — 50% ga 50%
- EChL darajasidagi o‘yin. So‘nggi 4 yil ichida bu jamoalarning ikkisi ham Evropa chempionlar ligasi yarim finalida to‘p surgan.
- Italiya va Gollandiya jamoalari o‘rtasidagi yagona bahs 2003 yilda EChLda bo‘lib o‘tgan. Amsterdamda mehmonlar 2:1 natijasi bilan g‘alaba qozongan bo‘lsa, Rimda tomonlar murosa ko‘chasini tanlagan. Gollarni Batistuta, Litmanen, Kassano va Ibrahimovich kiritgan.
Evropa Ligasini bezab berishi taxmin qilingan o‘yin. Erik Ten Xag va Paulo Fonsekaning shogirdlari tomoshabop futbol namoyish etishni xush ko‘radi. Ulardan birini g‘oliblik uchun asosiy da’vogar sifatida ko‘rsatib bo‘lmaydi. Ushbu klassik juftlikda g‘olib bo‘lgan klub katta ehtimol bilan yarim finalda ingliz jamoasi bilan to‘qnash keladi.
«Granada» — «Manchester Yunayted» — 25% ga 75%
- Ispaniyaning o‘rtamiyona jamoasi Angliyaning eng boy tarixga ega klubiga qarshi maydonga chiqib kelishi lozim. «Granada»ning umumiy qiymati 110 million evro. «Qizil iblislar» bugungi kunda 720 million evroga baholanadi. Ushbu summaning o‘ziyoq yaqqol favorit kim ekanligidan dalolat.
- Bu mavsumda «Granada» pley-off o‘yinlarida «Molde»ni dog‘da qoldirdi. Ule-Gunnar Sulsher Manchesterga ko‘chib o‘tishdan avval, aynan Norvegiya chempionini boshqargan edi.
«MYu» bu erga etib kelishdan avval, «Milan» va «Real Sosedad» to‘sig‘idan o‘tdi. Chorak finalda esa, nisbatan kuchsizroq jamoa bilan to‘qnash keladi. Shunga qaramay, Diego Martines jamoasidan ehtiyot bo‘lish lozim. Murabbiy grandlarga qarshi «avtobus» qo‘yishni yaxshi o‘zlashtirgan. «Granada» hozirda to‘p bilan Ispaniyada eng kam munosabatda bo‘ladigan klub sanaladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, jamoa raqibdan kelib chiqib o‘z o‘yinini quradi. Agar «qizil iblislar» tezda o‘z klassini namoyish etmasa, voqealar rivoji kutilmagan tomonga burilib ketishi hech gap emas.
«Arsenal» — «Slaviya» — 60% ga 40%
- E’tiborlisi shundaki, «Slaviya» «Reynjers» va «Lester»ni mehmonda 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, shu erga qadar etib keldi. Klub o‘z o‘yinini namoyish etsa, Londonda ham bu an’anani davom ettirishi hech gap emas.
- Chexiya klubi so‘nggi bor «Arsenal» bilan 2007/08 yilgi mavsumda to‘qnash kelgan. «Kononirlar» o‘z uyida Pragadan kelgan mehmonlarni javobsiz 7 gol bilan siylab yuborgan edi. Javob uchrashuvida esa, tomonlar nursiz durangga imzo chekkan.
«Arsenal» «Benfika» va «Olimpiyakos»ni turnirdan chiqarib yubordi. Arteta boshchiligida haqiqiy kubok jamoasiga aylanib borayotgan «kononirlar»ni oldinda oson bo‘lmagan raqib kutib turibdi. «Slaviya» joriy mavsumda katta klublarni engishni o‘rganib oldi. APLda 3-pog‘onada ketayotgan «Lester» yoki mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan «Reynjers» ham «Slaviya»ga dosh bera olmadi. Katta ehtimol bilan, «Arsenal» ko‘p ter to‘kishiga majbur bo‘ladi.
«Dinamo» (Zagreb) — «Vilyarreal» — 45% ga 55%
- «Vilyarreal»ni 3 karra EL g‘olibi – Unay Emiri boshqarib bormoqda. Ispaniyalik mutaxassis shuningdek UEFA kubogida ham zafar quchgan.
- Zagreblik futbolchilar Evropa Ligasidagi eng kutilmagan natijani qayd etishdi. Londondagi 2:0 dan so‘ng, «Dinamo» o‘z uyida «Tottenhem»ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Mislav Orchish xet-trik qayd etgach, bir kunda Xorvatiyadagi eng mashhur futbolchiga aylandi.
Ispaniyaliklar bu juftlikda favoritdek ko‘ringani bilan, vaziyat o‘zgarib ketishi hech gap emas. «Dinamo» «shporlar»ga qarshi o‘yinda o‘z darajasini ko‘rsatib qo‘ydi. Unay Emiri raqibni yaxshilab o‘rganib chiqishi aniq. Ulardan qay biri yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘lishini oldindan taxmin qilish juda ham murakkab ish.
Yarim finalda kimlar to‘qnash keladi?
«Granada»/«Manchester Yunayted» vs «Ayaks»/«Roma»
«Dinamo Z»/«Vilyarreal» vs «Arsenal»/«Slaviya»
EChLdagi qur’a savatchasi singari bu erda ham bir tomonda kuchliroq klublar jam bo‘lgan. «Ayaks», «Roma» va «MYu» final uchun asosiy da’vogar. Narigi tomonda «Arsenal» va «Vilyarreal» hal qiluvchi o‘yinga yo‘l olish istagida. Ularga kamtarin «Slaviya» va «Dinamo» qarshilik ko‘rsatishga urinib ko‘radi. Katta ehtimol bilan, inglizcha finalga guvoh bo‘lishimiz mumkin. «Manchester Yunayted» – «Arsenal»! Eshitilishi quloqqa yoqimli, ammo bu shunchaki taxmin. Sizningcha, Evropa Ligasi finalida qaysi klublar o‘zaro to‘qnash keladi?
Fikrlar