TIGGO 2 PRO

Futbol allaqachon taktik kurashlardan iborat strategik o‘yinga aylanib ulgurdi. Bejiz kuchli murabbiylar qo‘l ostidagi jamoalar to‘qnashuvi "shaxmat partiyasi", deya nomlanmayapti. Aslida, bu holat kecha yoki bugun boshlangan emas. Biroq aynan zamonaviy futbolda bosh murabbiylarning o‘rni beqiyos bo‘lib qoldi. Kuchli tarkibga mos bo‘lmagan mutaxassis bilan klub aytarli sovrin yuta olmasligini Kovachning "Bavariya"si ko‘rsatdi. Shuningdek, Mourinoning "kasal" "Manchester Yunayted"ini Sulsher oyoqqa turg‘azib, bugun APL chempionligi sari dadil odimlamoqda. Biz esa, turli xil sabablarga ko‘ra, ishsiz qolib ketgan mashhur murabbiylar haqida so‘z yuritamiz.

Leonardu Jardim. So‘nggi klubi - "Monako". 01.07.2014 — 11.10. 2019 yillar oralig‘ida ishlagan.

"Monako"ga ilk bor kelgan paytida Jardim juda katta natijalarga erishgan. Portugaliyalik mutaxassis 2014 yil Klaudio Raneridan qolgan jamoani qabul qilib olganida, "monegasklar" o‘rtamiyonalar qatorida yurardi. Qahramonimiz klubni tez fursatda kuchli uchlikka olib kirdi va ketma-ket ikki mavsum bronza medallariga ega chiqdi. 2016/17 yilgi mavsumda esa, uzoq kutilgan mamlakat chempionligi qo‘lga kiritildi. PSJ gegemoniyasiga chek qo‘ygan "Monako" safida Fabino, Benjamin Mendi, Abdu Diallo, Toma Lemar, Bernardu Silva, Antonio Marsyal, Kilian Mbappe kabi iste’dodlar harakat qilardi. Ularning hozirgi darajasiga chiqishi bevosita Jardim nomi bilan uzviy bog‘liq. Shuningdek, Evrokuboklarda ishtirok etish borasida klub tarixidagi eng yaxshi natijaga ham aynan portugaliyalik murabbiy qo‘l ostida erishilgan. Ya’ni, Liga-1dagi chempionlik mavsumida jamoa EChL yarim finaliga qadar etib boradi. Biroq jamoa prezidenti asosiy tarkibning deyarli yarmini katta mablag‘lar evaziga sotib yuboradi va "Monako" juda og‘ir ahvolga tushib qoladi. Natijalar yomonlasha boshlagach, Leonardu Jardim qilgan xizmatlari inobatga olinmasdan, iste’foga chiqariladi.

Ma’lumot uchun, 46 yoshli mutaxassis 27.01.2019 — 28.12.2019 oralig‘ida ham "monegasklar" bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib bordi. Ammo bu davr mobaynida u hech nimaga erishmadi va tabiiyki, biz uning jamoadagi yorqin davrlarini yodga olishni ma’qul ko‘rdik.

image_2021-01-23_01-59-40

Ernesto Valverde. So‘nggi klubi - "Barselona". 01.07.2017 — 13.01.2020 yillar oralig‘ida ishlagan.

Evropa cho‘qqisidan sekin-astalik bilan tushayotgan "Barselona"ni qabul qilib olgan Valverde qulash tezligini biroz bo‘lsa-da, pasaytira oldi. Boshqacha aytganda, Kataloniya superklubi muxlislarini bir necha mavsum ovutishni uddaladi. Har holda, ketma-ket ikki mavsum La Liga bosh sovriniga ega chiqqan "ko‘k-anorranglilar" yomon futbol namoyish etmayotgan edi. Biroq "blaugranas" muxlislari ichki birinchilikka qanoat qilmay qo‘ydi va endi barcha e’tibor EChLga qaratildi. Bir qarashda, 2018/19 yilgi mavsumda jamoa ajoyib o‘yin ko‘rsatdi, yarim finalning ilk uchrashuvida bo‘lajak chempion ishonchli hisobda taslim etildi. Butun dunyo bo‘ylab "Barselona" tarafdorlari o‘z ovozlarini baralla qo‘yib, g‘oliblik ohangida gapirishni boshlagandi o‘shanda. Ammo bir mavsum avval Rimda ro‘y bergan qo‘rqinchli tush bu safar Mersisaydda o‘zini ko‘rsatdi. O‘yin haqida ortiqcha to‘xtalmagan holda, e’tiboringizni ispaniyalik mutaxassis natijalariga qaratmoqchimiz: Ernesto "Barselona" bosh murabbiyi sifatida 145 o‘yin o‘tkazgan va shularning 66,9 foizida g‘alaba qozongan. Shuningdek, "Atletik" (42,8), "Olimpiakos" (71,5), "Espanol" (38,7), "Vilyarreal" (40,6) hamda "Valensiya" (54,8) jamoalarida ishlagan paytida yaxshi natijalarga erishgan.

image_2021-01-23_02-01-12

Mauritsio Sarri. So‘nggi klubi - "Yuventus". 16.06.2019 — 08.08.2020 yillar oralig‘ida ishlagan.

2019 yilning iyun oyida "Chelsi" bilan o‘z murabbiylik faoliyatidagi ilk sovrinni yutgan italiyalik murabbiy kutilmaganda, Londonni tark etdi. Kattaroq maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan Sarriga "Yuventus"dan taklif tushdi va muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. Karerasidagi eng katta klubga kelib qolgan 62 yoshli mutaxassis ishni tarkibni kuchaytirishdan boshladi. O‘sha paytda butun Evropa grandlari oromini o‘g‘rilagan de Lixt katta summa evaziga Turinga olib kelindi. Shuningdek, Remzi, Rabo, Danilo kabi yaxshi darajadagi futbolchilar A Seriya amaldagi chempioni safiga kelib qo‘shildi. Qo‘l ostida kuchli tarkib shakllangan Sarri oldiga "keksa senora"ni Evropa taxtiga qaytarish vazifasi qo‘yildi. Asli bank xodimi bo‘lgan Mauritsio o‘z g‘oyalarini qo‘l ostidagi futbolchilarga singdirishga ulgurmasdanoq, iste’foga chiqarildi. Aslida, bu turdagi mutaxassislar jamoaga bir mavsumda kirishib ketishi biroz mushkul masala. Bunga italiyalikning "Napoli"dagi faoliyati ham yaqqol misol bo‘la oladi. Neapolliklar boshqaruvida Sarri 3-mavsumda o‘zini ko‘rsatgandi. EChL ishqida yonayotgan "Yuventus" buncha vaqt kutib tura olmasdi.

photo_2021-01-23_02-05-46

Kike Seten. So‘nggi klubi - "Barselona". 13.01.2020 — 14.08.2020 yillar oralig‘ida ishlagan.

Ispaniya Superkubogida "Atletiko"ga mag‘lub bo‘lgan "Barsa" Valverdeni darhol iste’foga chiqardi. Tasavvur qiling, tarkibida jahonning eng kuchli futbolchilarini jamlagan klub mavsumning qoq o‘rtasida murabbiysiz qoldi. Kataloniyalik muxlislar yangi mavsumda jamoa bosh murabbiyi rolida o‘zlarining suyuklisi Xavini ko‘rmoqchi edi. Ammo ungacha kimdir klub bilan yilni yakunlab qo‘yishi zarur. Bunga mas’ul etib o‘rtamiyona Kike Seten tanlandi. "Barsa" osmonidagi qora bulutlar quyuqlasha boshladi: "El-klasiko"da mag‘lubiyat, La Liga azaliy dushman "Real"ga boy berildi, "Barsa" Ispaniya kubogi yarim finalida to‘xtatildi, EChL chorak finalida "Bavariya"dan qaqshatqich zarba qabul qilib olindi. Oqibatda, klub katta revolyutsiyaga qo‘l urdi. Avvaliga Seten, keyinchalik 2014 yildan beri prezidentlik faoliyatini olib borayotgan Bartomeu Kataloniyani tark etdi. 25 ta o‘yinda "ko‘k-anorranglilar"ga ustozlik qilgan ispaniyalik 64 % bahslarda g‘alaba qozonishga erishgandi. Klub u bilan moliyaviy muammolarni to‘liq hal qilib ulgurmaganiga qaramay, Kike "Barsa"dan norozi emas.

"Men o‘zimni dengiz bo‘yidagi uyimda, sigirlarim bilan yaxshi his qilyapman. Endi hech kimdan xafa emasman. Shikoyatimni baribir eshitmasligingizni bilaman. Chunki 40 yildan beri futbolni ichidaman. Ushbu o‘yin menga bergan narsalardan doim minnatdor bo‘laman",-deya Seten o‘z fikrlarini bildirib o‘tgandi iste’fodan keyin.

photo_2021-01-23_02-05-16

Lyusen Favr. So‘nggi klubi - "Borussiya" Dortmund. 22.05.2018 — 13.12.2020 yillar oralig‘ida ishlagan.

Oxirgi o‘n yillikda "asalarilar" ajoyib tendentsiyani yo‘lga qo‘ydi. Har yili o‘z tarkibdagi iste’dodlarni qo‘yib yuborishga majbur bo‘luvchi klub medallar uchun doimiy kurash olib bormoqda. O‘z navbatida, jamoa boshqaruviga keladigan mutaxassislar ham shunga mos ravishda talant topish ishlarini eplashi shart. Favr ham ana shunday murabbiylar tipiga kiradi. Uning murabbiylik faoliyatida Erling Xoland, Jovanni Reyna, Jud Bellingem, Reyner Jezus, Yulian Brandt, Torgan Azar kabi yoshlar "sariq-qora" formani kiydi. Umuman olganda, shveytsariyalik mutaxassis Dortmundda yomon ishlamadi. "Bavariya" gegemoniyasini imkon qadar to‘xtatishga harakat qilgan murabbiy 61,8% o‘yinda g‘alaba qozongandi. Uning "Borussiya"dagi sarguzashtlari 13 dekabr kuni o‘z nihoyasiga etdi. Debyutant "Shtutgart"dan "Signal Iduna Park"da 5 ta gol o‘tkazib yuborgan "asalarilar" rahbariyati murabbiyni bo‘shatib yubordi.

photo_2021-01-23_02-06-31

Tomas Tuxel. So‘nggi klubi - PSJ. 14.05.2018 — 29.12.2020 yillar oralig‘ida ishlagan.

Parijliklar tarixidagi eng yaxshi natijalardan birini qayd etgan Tomas Tuxel dabdurustdan iste’foga chiqarildi. Bir tomondan, unga yaratib berilgan sharoitlar bilan faqatgina ichki front g‘olibligiga qanoat qilish mushkul edi. Sababi, jahonning eng qimmat futbolchilari jam bo‘lgan tarkib bundan ko‘prog‘iga loyiq. Darhaqiqat, PSJ Neymar, Mbappe, Tuxelsiz ham Liga-1ning eng kuchli klubi bo‘lgan. Bir necha 100 millionlik xaridlardan keyin ham eski hammom, eski tos ekanligi rahbariyatga ma’qul kelmadi va nemis mutaxassisi 29 dekabrda o‘z vazifasidan ozod etildi. Eng qizig‘i, PSJ bu qaror qabul qilinishidan 5 kun avval, "Strasburg"ni 4:0 hisobida mag‘lub etgandi. Katta ehtimol bilan, arab millionerlari jamoani EChL nimchorak finalidan o‘rin olgan "Barselona"ga qarshi uchrashuvga yaxshiroq mutaxassis tayyorlashini istadi. Tuxel esa, o‘z faoliyatini "tumanli albion"da davom ettirishi mumkin. Xabarlarga ko‘ra, unga "Chelsi"dan qiziqish mavjud.

photo_2021-01-23_02-07-01

Massimiliaono Allegri. So‘nggi klubi - "Yuventus". 16.07.2014 — 30.06.2019 yillar oralig‘ida ishlagan.

Allegrining vaziyati ham Tuxelnikiga o‘xshash. Har ikki mutaxassis jamoaga Evrokuboklarda chempion bo‘lish uchun olib kelingan. Afsuski, ularninig har ikkisi finalda imkoniyatni boy bergan. Italiyalik mutaxassis "keksa senora"ni boshqargan paytida bunga ancha yaqin kelgan. Biroq ilk urinishda "Barselona" ularga to‘sqinlik qilgan bo‘lsa, ikkinchi safar "Real" g‘alabani o‘ziniki qildi. Uning boshqaruvidagi "Yuve" Konte va Sarrinikidan kuchli bo‘lganini e’tirof etish joiz. Buni natijalardan ham bilish qiyin emas. Katta umidlar bilan Ronalduni Turinga olib kelgan rahbariyat EChLda natija talab qildi. 2018/19 yilgi mavsum chorak finalida "Ayaks" to‘sig‘idan o‘ta olmagan turinliklar safini Allegri tark etdi.

photo_2021-01-23_02-07-30

O‘shandan beri uni OAV uni "Real, MYu, "Chelsi" kabi grandlar bosh murabbiyiga aylanishi mumkinligi haqida yozmoqda. Ko‘ramiz, Allegri qaysi jamoada faoliyatini davom ettirar ekan. Hozircha, haqiqatga eng yaqin variant London tomonlardan bo‘lmoqda. Frenk Lempard "aristokratlar"da o‘zini yanada yaxshiroq ko‘rsata olmasa, tez orada APL murabbiylari safiga nisbatan tajribali mutaxassis qo‘shilishi hech nap emas.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!