Shomurodov “yondiryapti”: Bu gal Onananing darvozasini “teshib” qo‘ydi!
Turkiya chempionatining 13-turi yakunlariga ko‘ra, “Istanbul Bashakshehir” hujumchisi Eldor Shomurodov Superliganing to‘purarlari poygasida yana yakkapeshqadamga aylandi.
Istanbulliklar bu gal jiddiy raqib – chempionatda uchinchi o‘rinda borayotgan “Trabzonspor” futbolchilari bilan kuch sinashdi. Istanbulliklar mezbonlik qilgan uchrashuv keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi.
Bu uchrashuv chempionatda sakkiztadan to‘p kiritib, liga to‘purarlari bahsida raqobatlashayotgan Eldor Shomurodov va Pol Onuachu uchun yuzma-yuz duel sifatida ham ahamiyat kasb etdi.
O‘yin “Bashakshehir” uchun omadsiz boshlandi. Festi Ebosele o‘ninchi daqiqadayoq to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Ammo hisobni ochish “Bashakshehir”ga nasib qildi. Hakam tomonidan belgilangan penaltini germaniyalik legioner Deyvi Zelke aniq bajardi. Negadir bu holatda to‘purarlar poygasida ishtirok etayotgan Eldor Shomurodovga 11 metrlik belgidan zarba berish imkonini berishmadi. Xullas, tushunarsiz holat.
“Trabzonspor” 37-daqiqada Felipe Augustoning aniq zarbasi evaziga hisobni tenglashtirdi. Shundan so‘ng katta sahnaga Eldor Shomurodov chiqdi. Hujumni o‘zi boshlagan legionerimiz 45-daqiqada jamoadoshining pasidan keyin boshi bilan aniq zarba berib, mashhur darvozabon Andre Onanani dog‘da qoldirdi.
Bir kishi kam bo‘lib o‘ynagan istanbulliklar bahsning ikkinchi yarmida toliqib qoldi. Hakam VAR takrorini ko‘rganidan keyin “Bashakshehir” darvozasiga penalti belgiladi. Uni Pol Onuachu aniq bajardi.
“Trabzonspor” darrov g‘alaba to‘pini ham kiritdi. Hisob tenglashganidan bir daqiqa o‘tib, Ernest Muchi mezbonlar darvozasini ishg‘ol qildi – 2:3.
Oxirigacha kurashgan “Bashakshehir” o‘yin yakunlanishi arafasida Bertug Yildirim istanbulliklarni mag‘lubiyatdan qutqargan gol muallifi bo‘ldi.
Ammo Istanbul klubiga durangni ushlab qolish nasib qilmadi. To‘xtalishlar uchun qo‘shib berilgan vaqtning 10-daqiqasida Ernest Muchi g‘alaba to‘pini kiritib, baribir jamoasining uch ochkoga ega chiqishini ta’minladi - 3:4.
“Bashakshehir”da qatorasiga to‘rtinchi uchrashuvda o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘yayotgan Eldor Shomurodov 13-o‘yinda to‘qqizinchi golini urdi. To‘purarlar reytingida hamyurtimiz bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turgan Pol Onauchu ham kiritgan to‘plari sonini to‘qqiztaga etkazdi. Farq shundaki, Eldor gollaridan bittasini penaltidan kiritgan bo‘lsa, Onauchu bu ishni uch marta amalga oshirgan.
Bu turda bir biriga qarshi o‘ynagan ikki to‘purarning “Oltin butsa” yo‘lidagi ta’qibchilari o‘rtasidagi kurash ancha qizg‘in kechyapti. Bu turda argentinalik yulduz Mauro Ikardi “Genchlerbirligi” jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib, ettinchi golini nishonladi.
“Fenerbahche” forvardi Yussuf En-Nesiri ham hamyurtimiz Husniddin Aliqulovsiz o‘ynagan “Rizespor”ga mavsumdagi ettinchi to‘pini kiritdi. Qolaversa, bu bahsda dublga erishgan “Real”ning sobiq futbolchisi Marko Asensio va bitta gol urgan Taliska to‘plari sonini oltitaga etkazib, “Konyaspor” vakili Umut Nayirga etib oldi.
“Bashakshehir” darvozasini ishg‘ol qilgan Felipe Augusto ham mavsumdagi oltinchi goliga mualliflik qildi.
Reytingda kuchli uchlikni bo‘lishib turgan bu o‘yinchilarning bari Evropaning kuchli ligalarida o‘ynab, tajriba to‘plagan charm to‘p ustalari hisoblanadi. Ularni ta’qib qilayotgan Karlo Xolse (“Samsunspor”), Juan (“Gyoztepe”), German Onugxa (“Kayserispor”), Pape Guye (“Kasimpasha”), Temmi Abraxam (“Beshiktosh”) va Rafa Silva (“Beshiktosh”) hisobida beshtadan gol bor.
Eslatib o‘tamiz, mavsum boshida “Roma”dan “Istanbul Bashakshehir”ga ijara shartnomasi asosida ko‘chib o‘tgan Eldor Shomurodov Superliga doirasida “Beshiktosh”, “Alanyaspor”, “Konyaspor”, “Galatasaroy”, “Kojaelispor”, “Genchlerbirligi”, “Trabzonspor” darvozalariga bittadan gol urgan bo‘lsa, “Antalyaspor” maydonida o‘tkazilgan bahsdan dubl bilan qaytgan.
“Istanbul Bashakshehir” Turkiya Superligasining navbatdagi turida “Kasimpasha” jamoasi mehmoni bo‘ladi. 30 noyabrda bo‘ladigan bu bahsda ham Eldor Shomurodovdan gol kutib qolamiz.
Kim kuchli? Husanovni qozoq futbolchisi bilan taqqoslashdi
Shomurodov jamoani yakka o‘zi elkasida ko‘tarib kelyapti...
Yana qancha gol kerak? Shomurodov endi haqiqiy to‘purarligini isbotlayapti...



Fikrlar