
Azim Ahmedov: Muxlislarni xursand etishda davom etamiz
Xabaringiz bor kecha Superliganing 5-turida “Navbahor” Farg‘onada “Surxon”ni qabul qildi va 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdan so‘ng, “lochinlar” tarkibida eng yaxshi futbolchi deb topilgan yarim himoyachi Azim Ahmedov o‘zining o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Mazkur uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rgandik. Boisi, ushbu bahsdagi g‘alaba biz uchun juda muhim edi. Xayriyat, o‘z niyatimizga etib, yirik hisobda zafar quchishga muvaffaq bo‘ldik. Bugun bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga jamoamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bugungi g‘alabani avtohalokatda vafot etgan jamoamiz muxlislariga bag‘ishlaymiz.
O‘yinimizda ancha ijobiy o‘zgarish sezildi. Bundan buyog‘iga ham ijobiy natijaga erishib, muxlislarni xursand etishda davom etamiz.
Jamoamiz tarkibidan ko‘plab yangi futbolchilar o‘rin olishgan. Shu sababli, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun biroz vaqt kerak edi. Bu esa joriy mavsumning ilk bahslarida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Mana endi jamoaviy o‘yin shakllandi va bu muvaffaqiyatimizda muhim rol o‘ynamoqda", - deydi Ahmedov.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar