
Azizbek Amonov: "Klubda xo‘jayinlar o‘zgargani bois yangi legionerlarni olishyapti, bu arablarda normal holat"
BAA chempionatida to‘p surgan legionerimiz Azizbek Amonov “Xorfakkan” jamoasi bilan xayrlashgani xususida saytimiz orqali xabar berib o‘tdi. Bu xabarni futbolchining o‘zi ham tasdiqladi va Sports.uz saytiga intervyu ham berdi.
- Azizbek, "Xorfakkan" klubini tark etayotgan ekansiz. Avvalo, shu xususida to‘xtalib o‘tsangiz.
- Ha, xo‘jayinlar o‘zgarishi va yangi xo‘jayinlar kelgani sababli shunday bo‘ldi, deb o‘ylayman. Hamma legionerlar ketib, yangi legionerlarni olishyapti. Bu arablarda normal holat. Bu – futbol. Unda esa shunaqa holatlar bo‘ladi. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak.
- Umuman olganda, "Xorfakkan" klubidagi faoliyatingiz o‘zingiz uchun ko‘proq nimasi bilan yodda qoldi?
- Bu erdagi e’tibor va hamma narsa vaqtida bo‘lishi. Moliyaviy jihatdan hamda o‘yin tashkilotchili tomonidan ham.
- Tabiiyki, Amonov keyingi faoliyatini qaysi klubda davom ettirishi, muxlislarni qiziqtirmoqda. Bilishimcha, oldingizda etarlicha variantlar bor. Bir to‘xtamga keldingizmi?
- To‘g‘risi, hozir bir nima deyishim qiyin. Ko‘ramiz, Xudo xohlasa oilam bilan maslahatlashib bir qarorga kelamiz.
- Ya’ni, siz yana legioner sifatida chetda to‘p surmoqchimisiz yoki Superligamizga qaytmoqchimisiz?
- Har bir futbolchi legioner bo‘lishni xohlaydi. Superliga ham juda qizg‘in davom etyapti. Qaysi biri to‘g‘ri kelsa, o‘shani tanlaymiz.
- Yaqinda olimpiya terma jamoamiz Olimpiadadagi ishtirokini boshlaydi. Tarkibni ko‘rdingiz, fikringiz qanday? Barcha kuchli o‘yinchilar jamlanganmi va nima kutyapsiz?
- Ha, murabbiy qarorini hurmat qilish kerak. O‘ylaymanki, ajoyib jamoa yig‘ildi. Umid qilamanki, ular munosib ishtirok etadilar va yaxshi natijalar ko‘rsatishadi.
- Shuningdek, sizni doim Katanets milliy terma jamoaga chaqiradi. Ammo rasmiy bahslarda kam ko‘ryapmiz. Bu xususida murabbiy bilan gaplashib ko‘rmadingizmi?
- Murabbiy qarori muhim. Necha daqiqaga imkon bersa shuncha harakat qilaman va shu daqiqalar ichida jamoaga yordam berishga harakat qilaman.
- Azizbek, xizmatingizga aynan qaysi mamlakatlardan takliflar bo‘lyapti?
- Hozircha shu maxfiyligicha qolsin. Xudo xohlasa, yangilik bo‘lsa, albatta xabar beraman.
- Shuningdek, yaqinda JCh-2026 uchinchi saralash bosqichi uchun qur’a tashlandi. Siz qanday raqiblarni kutgandingiz? Ko‘pchilik qur’a terma jamoamiz uchun juda qulay kelganini aytishmoqda. Fikringiz qanday?
- O‘zbekiston har qanday raqibga muammo tug‘dira oladi. U Yaponiya bo‘ladimi yoki boshqasimi, farqi yo‘q. Azaldan shunaqa bo‘lgan, hozirgacha O‘zbekiston kuchli terma jamoa. Guruh bosqichidagi har bir raqibni hurmatni qilamiz. Bor kuch bilan harakat qilamiz. Osiyo Kubogini ko‘rdingiz, Iroq Yaponiyani yutganini, Iordaniya nimalar qilganini. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ishonamanki, O‘zbekiston mundial yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar