Badavlat klub ikki yetakchisi o‘rniga mundialda porlagan fubolchilarni olib keladi
“Nyukasl Yunayted” jamoadagi yo‘qotishlarni qoplash va tarkibni kuchaytirish uchun Germaniya Bundesligasidan futbolchilar sotib olishni rejalashtirmoqda.
Bu orqali klub “Barselona”ga o‘tgan Entoni Gordon hamda 117 million yevroga “Tottenxem”ga o‘tish arafasida turgan Sandro Tonalining o‘rnini to‘ldirishni maqsad qilgan.
Bu haqida TEAMtalk xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, ingliz klubi Bundesligada ikkita transferni tez fursatda yakunlashni rejalashtirgan va hozirda Bazumana Tyure hamda Yoxan Manzambini sotib olish ustida faol ish olib bormoqda.
Gordonning o‘rniga asosiy nomzod sifatida “Xoffenxaym” va Kot-d'Ivuar terma jamoasining 20 yoshli qanot hujumchisi Bazumana Tyure ko‘rilmoqda. Ivuarlik futbolchi Germaniyadagi ilk to‘liq mavsumida 5 ta gol urib, 12 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Bundan tashqari, “qarg‘alar” rahbariyati “Frayburg” va Shveytsariya terma jamoasining 20 yoshli yarim himoyachisi Yoxan Manzambi transferi bo‘yicha ham muzokaralarda sezilarli ilgarilashga erishgan. U o‘tgan mavsumda barcha musobaqalarda 47 ta o‘yin o‘tkazib, 7 ta gol va 9 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan.
Har ikki nomzod 2026 yildagi jahon chempionatida ishtirok etib, o‘z salohiyati va talantini namoyish eta oldi.

Fikrlar