
Bahodir, ehtiyot bo‘l! Jalolovga Olimpiadada eng xavfli yangi nokautchi raqib chiqdi
Frantsiya poytaxti mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sport ishqibozlari boks musobaqalarini ham alohida e’tibor bilan kuzatib boradi.
Chunki o‘zbek boks maktabi bugungi kunda dunyoda eng etakchilardan hisoblanadi va hamyurtlarimiz har qanday musobaqada g‘oliblikka asosiy da’vogarlar sifatida e’tirof etib kelinmoqda.
Parij Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi to‘liq tarkib bilan qatnashadi. Xususan, erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda Hasanboy Do‘smatov (-51 kg), Abdumalik Xalakov (-57 kg), Ruslan Abdullaev (-63,5 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev (-71 kg), To‘rabek Habibullaev (-80 kg), Lazizbek Mullojonov (-92 kg), Bahodir Jalolov (+92 kg) ringga ko‘tariladi.
Xotin-qizlar bahsida Sabina Boboqulova (-50 kg), Nigina O‘ktamova (-54 kg), Sitora Turdibekova (-57 kg), Navbahor Hamidova (-66 kg) yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Barcha yakkakurash turlari kabi boksda ham eng keskin va tomoshabop janglar o‘ta og‘ir vazn toifasida kuzatiladi. Bu vaznda amaldagi jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Bahodir Jalolov Parijda ham asosiy favorit sifatida tan olinmoqda.
Aksariyat ekspertlar Parij ringlarida Bahodir Jalolov va qozog‘istonlik Qamshibek Kunkabaevning oltin medal uchun o‘zaro raqobatini taxmin qilmoqda.
Keyingi yillarda bu ikki pahlavon o‘rtasidagi to‘qnashuvlar boks “klasiko”si ta’rifini olgan. Hozircha, ular o‘rtasidagi o‘nta jangda umumiy g‘alabalar soni bo‘yicha Bahodir ustun – 7:3.
Britaniyalik mashhur jurnalist Teylor O’Xiggins Bahodir Jalolovni favorit sifatida ta’riflar ekan, o‘zbek bokschisi uchun eng xavfli raqib Qamshibek Kunkabaev, degan fikrga qo‘shilmadi.
- Meni hayron qoldirayotgani shuki, faoliyatidagi eng zo‘r davrlarini o‘tkazib bo‘lgan Qamshibek Kunkabaev Teremoana Junior oldida favorit sifatida ko‘rilayotganidir.
Mening fikrimcha, avstraliyalik bokschi olimpiya chempionligi uchun kurashda Bahodir Jalolovga eng xavfli raqib hisoblanadi.
Jalolov va Teremoan musobaqaning chorak finalida to‘qnash kelishi kutilmoqda. Men Jalolovni engish uchun Teremoananing Kunkabaevga qaraganda imkoniyati ko‘proq, - deb ta’kidladi Teylor O’Xiggins.
Avstraliyalik 26 yoshli Teremoan Junior 2023 yili Toshkentda o‘tkazilgan jahon chempionatida Bahodir Jalolov bilan bir marta jang qilgan. Uch raundli bellashuvning ikkinchi raundida raqib muddatidan oldin taslim etilgandi.Britaniyalik jurnalist avstraliyalik bokschining imkoniyatlarini yuqori baholayotgani bejiz emas, albatta. Toshkent ringlaridagi mag‘lubiyat Teremoananing havaskor boksdagi faoliyatida oxirgisi bo‘lib turibdi. Undan keyin bu charm qo‘lqop ustasi ketma-ket 13 ta jangda zafar quchdi. E’tiborli jihati shundaki, Teremoana Junior bu bahslarning o‘ntasida kuchli va tajribali raqiblarga to‘qnash kelib, ularning barchasida nokaut qayd etdi.
Teremoana Junior xuddi Bahodir Jalolov singari professional yo‘nalishda ham jang o‘tkazmoqda. Hozircha, to‘rtta bahsda qatnashib, ularning barchasida raqiblarini muddatidan oldin taslim qilgan.
Jalolovning professional boksdagi tajribasi ham ancha katta. Kuchli zarbaga ega bokschimiz 14 ta uchrashuvning hammasini nokaut bilan o‘z foydasiga hal qilgan.
Fikrlar