Bahrom Haydarov: "Birinchi bo‘limda umuman yaxshi o‘ynay olmadik"

  • 27.03.2025 22:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

“Qo‘qon-1912” – “Sho‘rtan” (0:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov o‘z fikrlarini bildirdib o‘tdi.

- Birinchi navbatda bunday ob-havoga qaramasdan jamoamizni oxirigacha qo‘llab-quvvatlagan ishqibozlarimizga rahmat aytaman. O‘yinga kelsak, birinchi bo‘limda umuman yaxshi o‘ynay olmadik. Tanaffusda yigitlar o‘zlariga kelishdi. Ular bilan gaplashdik, o‘yindan keyin ham gaplashdik va yana albatta muhokama qilamiz. “Nastroy”ga bog‘liqmi yoki boshqa sababi bormi, hali yana gaplashamiz. Ikkinchi bo‘limni alohida oladigan bo‘lsak, g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Chunki 3-4 ta imkoniyatimiz bo‘ldi. Asosiy vaziyatlar bizda bo‘ldi, yutishimiz kerak edi. Uch ochko suv va havodek zarur edi. Keyingi rejalarimiz va o‘yinlarimizga g‘alaba juda yaxshi ta’sir qilishi kerak edi. Durang ham yaxshi natija. Biroq uyda yaxshi taassurot qoldirmadik.

- Uchta uchrashuvdan beri hujumchilar gol ura olmayapti. Ularga e’tirozingiz bormi?

- Albatta, e’tiroz bo‘ladi. Bu aynan hujumchilarga emas, butun jamoaga tegishli. Gol urish bo‘lmayapti. Bu haqida gapirgim kelmayapti. Bu xususida yana gaplashamiz. Bundan fojea yasash kerak emas. Qishki tayyorgarlik paytida Beshimov ham, Xolto‘raev ham, Kondratyuk ham gol urish qobiliyati borligini ko‘rsatishdi. O‘ylaymanki, ular hali ko‘p gollar urishadi.

- Shota Gvazava maydonda ko‘rinish bermadi...

- Gvazava asosiy jarohatidan qutuldi. Lekin u hali sport formasida emas. Mashg‘ulotlarga maksimal darajada kirishadigan bo‘lsa, albatta imkoniyat beriladi. U ikki oydan beri yugurgani yo‘q. Unga hali yaqin 2-3 ta uchrashuvda umid qilmayapmiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!