
Bahrom Haydarov: "Keyingi uchrashuvlarda hisobni saqlab qoladigan jamoa bo‘lmaymiz"
Superliganing 5-turida “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida “Buxoro”ni qabul qildi va birinchi bo‘limda Iqbol Malikjonov tomonidan kiritilgan yagona gol mezbonlarga uch ochkoni taqdim etdi. Bu orqali qo‘qonliklar joriy mavsumdagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumanida qo‘qonliklar ustozi Bahrom Haydarov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Mavsumdagi birinchi g‘alaba bilan muxlislarimizni, rahbariyatni tabriklayman. Ancha yoqimli hissiyot. Bu g‘alaba birinchi bo‘lmasin, bardavom bo‘lsin. Bu kabi g‘alabalar bilan stadionimiz ham to‘ladi va qiziqishni ham orttiramiz. Bevosita o‘yinga kelsak, birinchi bo‘limni juda yaxshi o‘tkazdik. Tayyorgarligimiz, kombinatsiyamiz o‘xshadi. Birinchi navbatda yigitlarga rahmat aytaman. Albatta, hayajon bo‘ldi, chunki bosim bor edi. 4 ta turdan beri g‘alabamiz yo‘q edi. Ushbu bosimdan o‘tib oldik. Bu futbolchilarga ishonch keltiradi va keyingi uchrashuvlarga motivatsiyani oshiradi. Ikkinchi bo‘limga kelsak, 1:0 biznikilarni biroz bo‘shashtirdimi yoki qo‘rquv bo‘ldimi, o‘zgarishlar orqali o‘yinni biz tomonga o‘tkazishga harakat qildik. Lekin kutilmagan jarohatlar bois himoyaga o‘tishimizga sabab bo‘ldi. Bu golga aylanishi ham mumkin edi. Buni ko‘rib chiqamiz, bunday holatlar yuz bermasligi kerak. Bilasizlar, 1:0 qaltis hisob. O‘ylaymanki, keyingi uchrashuvlarda hisobni saqlab qoladigan jamoa bo‘lmaymiz.
- Keyingi o‘yinlarda ham muhim bahslar kutyapti va O‘zbekiston Kubogidagi ishtirokini ham davom ettiradi. Kubokdagi vazifa qanday?
- Bizda ajratish yo‘q. Bu Kubok bo‘ladimi yoki boshqasimi, barchasi mamlakat darajasidagi futbol musobaqalari hisoblanadi. Superliga ham, Kubok ham biz uchun muhim. Raqibga qarab har bir futbolchini o‘ynatishimiz kerak. Oldingi uchrashuvda ham yoshlarga imkoniyat berdik. Ko‘rdinglar, Kubok musobaqasida kutilmagan natijalar ham bo‘ladi. O‘zbekiston Kubogidagi birinchi vazifamiz guruhdan chiqish. Biz hech birini ajratmaymiz. Har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Keyingi turlarga tayyorgarlik har doimgidek bo‘ladi. Kundan-kunga qo‘shishimiz kerak. Legioner hujumchimizga kelsak, ko‘p jarohat olgandi. Rejalarimiz buzilmaganda uni o‘yin oxirlarida maydonga tushirishni o‘ylab turgandik. Akramovni jarohati vaziyatni o‘zgartirdi. O‘ylaymanki, keyingi o‘yinlarda o‘zlarini ko‘rsatishadi.
- O‘tgan safar qizil kartochka olgan futbolchilar nechta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi?
- Biz ham buni kutib turibmiz. G‘ofurov ham, Hasanov ham asosiy tarkib futbolchilarimiz. Har birini o‘z o‘rni bor. Biz ham kutyapmiz, har hafta yangitdan reja qilavermaysiz-da, 3-4 ta o‘yin uchun rejamiz bo‘ladi. Ularni o‘ynatishimiz yoki almashtirishimiz kerak. Menimcha, qo‘mita shu kunlarda ko‘rib chiqadi.
- O‘rinbosarlar safida Jasur Ahmadjonov 7 ta gol urdi. Uni asosiy tarkibda maydonga tushirish rejasi bormi?
- Albatta. Uni bugungi o‘yinda 20 talik qaydnomaga kirgizish rejamiz ham bor edi. Biz bilan ikki-uch kundan beri mashg‘ulotda shug‘ullandi. Tabiiyki, Ahmadjonovga ham imkoniyat beriladi. Maqsadimiz, o‘zimizni mahalliy yoshlarni etishtirish va ularni asosiy jamoaga jalb qilish. Bizda to‘sqinlik yo‘q. Asosiy tarkibda shug‘ullanib, raqobatda yutib, asosiy jamoada o‘ynasa, muammo yo‘q. Kuchliroq bo‘lsa o‘ynayveradi. Lekin hali yosh. Asta-sekin unga ham albatta imkon beriladi. Lekin bunday bosim yuqori uchrashuvda maydonga tushirsangiz o‘zini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Asta-sekin imkoniyat beriladi.
Fikrlar