
Bahrom Haydarov: "Rejamiz uchrashuv boshidayoq foyda keltirdi"
Bugun O‘zbekiston Kubogi nimchorak final bahslariga start berildi. Olmaliqda “Surxon” klubi “Mash’al” bilan kuch sinashdi.
Termizliklarning o‘yin boshida kiritgan goli tufayli “Mash’al” mag‘lub etildi. Shu tariqa, “Surxon” ilk chorak final ishtirokchisiga aylandi.
Bahs yakuniga etgach, “Surxon” jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Haydarov o‘yin haqida fikr bildirdi.
- Bugungi o‘yinga oldindan tayyorlagan futbolchilar bilan harakat qilishni rejalashtirgandik. Ammo ko‘rib turganingizdek, umuman boshqa tarkib tushdi. Oldingi o‘yinlarda asosiy safda o‘ynayotganlardan bir futbolchi bugun boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Biroq bu bizning ikkinchi tarkibimiz o‘ynadi, degani emas. Jamoamizda raqobat kuchliligini bildirib turibdi.
Muhimi, g‘alabaga erishdik. Shuning uchun muxlislarimizni g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yinga kelsak, o‘ylagan rejamiz uchrashuv boshidayoq foyda keltirdi. Natijada bu biroz ishimizni osonlashtirdi. “Mash’al” oldinga o‘tishga majbur bo‘ldi. Bu bitta o‘yinda hal bo‘lishi bois raqib ham hujumga jiddiy e’tibor qaratdi. Keyinchalik tashabbusni ularga berib o‘ynashga harakat qildik. Himoyada futbolchilarimiz yaxshi o‘ynadi.
Yana bir bor darvozamiz daxlsizligini saqlab qolganimizdan xursandman. Qarshi hujumlarda bizda yana imkoniyatlar bo‘ldi. Futbolchilarga mehnat qilib, bizning istaklarimizni tushunib to‘p surishayotgani uchun rahmat. Bu oxirgisi emas, o‘yindan-o‘yinga qo‘shib boramiz, - dedi Haydarov.
Fikrlar