Baqoevning matbuot anjumanida jahli chiqdi

  • 5 oktabr, 2022, 21:57
  • Karim Xudayqulov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

OFK Kubogi hududlararo final bosqichi doirasidagi "So‘g‘diyona" - "Kuala-Lumpur Siti" o‘yini nihoyasiga etdi. Unda mehmonlar penaltilar seriyasida g‘alabani ilib ketdi, 5:3.

Tecno

O‘yinning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ham vaziyat o‘zgarmadi. Futbol lotereyasida esa "bo‘rilar" vakili Shahboz Jo‘rabekovning xatosi qimmatga tushdi.

Shu tariqa, malayziyaliklar final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi ular 22 oktyabr kuni Ummonning "Al-Sibb" klubi bilan bellashadi.

Uchrashuvdan so‘ng "bo‘rilar" bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Quyida uning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin: 

- To‘g‘risini aytsam, futbolchilar rejadagidek va yaxshi harakatlandi. Yakuniy zarbalarda muammolarga duch keldik. Biz gol urmadik. "Kuala Lumpur" o‘yinni his qilib o‘ynadi va navbat penaltilar seriyasiga keldi. Albatta, seriya bu - lotereya. Yigitlarning hammasidan xursandman. Hayot davom etadi.

- Shirinboy Abdullaev "Qizilqum"ga qarshi o‘yinda ham, hozir ham penalti qaytarmadi. Balki, Mitrovichga imkon berish kerakmidi?

- Endi nimadir deyishga kech. Biz mashg‘ulotlarda buni rejalashtirgandik. Bu yurish muvaffaqiyat olib kelishini kutgandik. Shirinboy ham tajribali darvozabon. Ba’zan shunday bo‘ladi. Hech kimga e’tirozim yo‘q. Rejamiz amalda ish bermadi.

- O‘zgarishlarni juda kech qildingiz. Vaholanki, 90 daqiqaning o‘zida bu ishga qo‘l urish mumkin edi.

- Bilasizmi, bugungi almashtirishlarimiz faqatgina jismoniy charchoq bilan bog‘liq. Kimdir toliqqan bo‘lsa, uning o‘rniga boshqa futbolchini tushirdik. Bizda yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi. Umuman olganda, maydonda ajoyib harakat qildik.

- Jamoa yarim finalda to‘xtadi. Superligada ham kurashdan chiqdi. Baqoevning kursisi qimirlab qolmadimi?

- Savolingizni uchrashuvga aloqasi yo‘q. Biz o‘yinni muhokama qilamizmi yoki mening kelajagimnimi? Agar siz kelajagimni muhokama qilmoqchi bo‘lsangiz, mendan intervyu oling. Har bir murabbiy keladi, ketadi. Barchasi rahbariyatga bog‘liq.

- Yarim final ham u qadar yomon natija emas. Savolga kelsak, raqib darvozabonining jismoniy holati yaxshi emasdi. Nima uchun uzoqdan zarbalar bo‘lmadi yoki penaltilar seriyasigacha borish jamoaning rejalarida bormidi? 

- Sizga minnatdorchilik bildiramiz. Jamoani yaxshi va yomon kunida qo‘llab-quvvatlayotganlarga rahmat aytaman. O‘yinga kelsak, bizda penaltigacha borish rejasi yo‘q edi. Raqib posboni yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Yakunlovchi zarbalarimiz o‘xshamadi. Shu sababli, uchrashuv penaltigacha bordi. Rejalarimiz agressiv va faol qanotlar bilan harakat qilish kerak edi. Penalti bu 50 ga 50. Unda kim yutishini bilib bo‘lmaydi. 


Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Akram Haedarov
05/10/2022 22:14
9-da blaknotcha bilan kelsin qarshiga baqoy tog'a Ro'ziqul akadan dars olib ketadi faqat maskani yechib kelsin qarshiga