Baribir sendan zo‘ri yo‘q ekan! Superdarvozabonni ortga qaytarishadi
“Manchester Yunayted” 2023 yilda jamoani David de Xea tark etganidan keyin ishonchli darvozabon topa olmayapti. Manchesterga kelgan golkiperlarning birortasi o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q.
The Sun nashrining ma’lum qilishicha, “Manchester Yunayted” 34 yoshli ispaniyalik posbonni ortga qaytarish bo‘yicha ish boshladi.
Manbaga ko‘ra, David de Xeaning “Fiorentina” bilan tuzgan shartnomasida uni arzonlashtirishgan summaga transfer qilish imkonini beruvchi band bor ekan. Mankunianlar aynan shundan foydalanish maqsadida italiyaliklar bilan muzokara boshlagan.
Yaqinda “Manchester Yunayted” mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida “Fiorentina” bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan edi. Ana o‘sha bahsda David de Xeaning harakatlari Ruben Amorim boshchiligidagi murabbiylar shtabiga juda ma’qul keldi.
David de Xea 2011-2023 yillar davomida “Manchester Yunayted” darvozasini qo‘riqlagan. Ispaniyalik posbon bu vaqt mobaynida jami 545 ta uchrashuvda ishtirok etib, ulardan 190 tasida gol o‘tkazmagan.
Tajribali golkiper manchesterliklar safida Angliya chempionati, Evropa ligasi va Angliya kubogi sohibi bo‘lgan.
Fikrlar