
“Barsa” ashaddiy raqib “Real”ga gol urgan futbolchisini qaytaradi
“Selta” sharafini himoya qilayotgan himoyachi Oskar Mingesa faoliyatini sobiq jamoasi “Barselona”da davom ettirishi mumkin.
Mingesa Kataloniya superklubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va professional faoliyatining dastlabki ikki mavsumini “Barselona”da muvaffaqiyatli o‘tkazgan.
Iste’dodli himoyachi debyutini Evropa Chempionlar ligasi jarohat tufayli safdan chiqqan Jerar Pikening o‘rnini egallash orqali nishonlagan. Ilk uchrashuvda Mingesa jamoadoshiga golli pas uzatib, jamoasining “Dinamo Kiev” ustidan 4:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan.
Bundan tashqari, Oskar himoyachi bo‘lishiga qaramay, Ispaniya chempionatida ashaddiy raqib – “Real” darvozasini ishg‘ol qilib, kataloniyaliklar muxlislar mehrini qozondi.
Biroq Ronald Kuman klubni tark etganidan keyin himoyachining ishlari yurishmadi. Jamoani qabul qilib olgan Xavi Ernandes Mingesaga ishonch bildirmadi. Natijada klub uni 3 million evro evaziga “Selta”ga sotib yubordi.
Ispaniya terma jamoasiga jalb qilina boshlagan o‘yinchining shartnomasida “Barselona”ni uni 10 million evroga qayta sotib olishi mumkinligi belgilangan band bor.
Fikrlar