
"Birinchi bo‘lib gol urib olsak osonroq bo‘ladi, "Paxtakor" ustidan g‘alaba doimo yoqimli" - Anvar Hojimirzaev
“Dinamo” klubi Superliganing 3-turida Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yagona gol evaziga juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Uchrashuv qahramoni Anvar Hojimirzaev bo‘ldi. U hal qiluvchi yagona gol muallifi bo‘ldi va natijada “Dinamo” “Paxtakor” ustidan juda qimmatli g‘alabaga erishdi.
Hojimirzaev Sports.uz saytiga o‘yin haqida intervyu berdi.
- Rosti, ko‘pchilik “Dinamo”ni Toshkentda “Paxtakor”ni mag‘lub etishini kutmagandi. G‘alabaga qanchalik ishongandingiz yoki durang ham xursand qilarmidi?
- Biz hamma o‘yinga faqat g‘alaba uchun chiqamiz. Qolgani Allohdan. “Paxtakor” ustidan Toshkentda g‘alaba qozonish juda yoqimli, albatta.
- Uchrashuv to‘g‘risida fikringiz qanday? “Paxtakor” siz kutgan o‘yinni ko‘rsatdimi yoki...
- Kurashga boy qiziqarli o‘yin bo‘ldi, deb o‘ylayman. “Paxtakor” mamlakatimizni kuchli jamoalaridan biri. Jamoadoshlarim bu uchrashuvda g‘alabaga loyiq o‘yin ko‘rsatishdi.
- Namanganda oxirgi daqiqada penaltidan gol ura olmagandingiz. O‘shanda biroz kayfiyatingizga ta’sir qilgandi, bu safar esa o‘yin qahramoniga aylandingiz. Bu borada nima deya olasiz?
- To‘g‘ri, Namanganda omadim kelmadi. Bu futbol. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Barchasi Xudodan. Bu safar esa jamoamiz g‘alabasiga hissamni qo‘shganimdan xursandman.
- “Dinamo” uchta o‘yinda ham darvozasi daxlsizligini saqlab kelyapti. Avvalo, gol o‘tkazib yubormaslik muhimmi yoki gol urishmi?
- Orqa chiziqdagilar a’lo darajada harakat qilishmoqda, ko‘z tegmasin. Fikrimcha, birinchi bo‘lib gol urib olsak, osonroq bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- “Dinamo” bu yil qaysi o‘rinni ko‘zlayapti?
- Xudo xohlasa, sovrinli o‘rinlarga harakat qilamiz.
- Keyingi tur OKMK bilan o‘tadi. “Paxtakor”dan ko‘ra og‘ir kechadi, deb o‘ylaysizmi?
- Hamma uchrashuvlar o‘ziga yarasha qiyin o‘tadi. Albatta, navbatdagisi ham oson kechmasligi aniq.
- O‘tgan yili jamoaning eng yaxshi futbolisi bo‘ldingiz, Superligada ham alohida e’tirof etildingiz. Bu yangi mavsumda sizga motivatsiya beryaptimi yoki bosimmi?
- Motivatsiya desak to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Chunki yanada ko‘proq xohish bor. Xudodan so‘raymiz va harakatdan to‘xtamayman.
Fikrlar