Bizga qanday murabbiy zarur? Murzoev nima deydi?
O‘zbekiston milliy terma jamoamiz boshlangan KAFA musobaqasini Toshkentdagi yangi stadionda Ummonga qarshi o‘tkazdi va unda 1:1 hisobi qayd etilganini bilasiz. O‘yinni bevosita stadionda kuzatgan Kamoliddin Murzoev bir qator masalalarda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ummon termasiga qarshi o‘yin haqida
- Umuman olganda, doim birinchi o‘yinlar qiyin kechgan, ayniqsa, mezbon jamoaga. Eksperimental, ya’ni, birinchi marta bunday tarkibda maydonga tushgan terma jamoamiz mag‘lub bo‘lib turib o‘yinni durangga etkazishdi. Menimcha, yomon natija emas. Murabbiyga ham qo‘l ostidagi futbolchilarni sinab ko‘rib, hozirgi paytda ularni darajasini bilib olish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Musobaqa boshlanishidagi ilk o‘yin fonida bu yomon natija emas, deb o‘ylayman.
Yangi stadion xususida
- Maydon haqida gapiradigan bo‘lsak, juda chiroyli. Har tomonlama standartga javob beradi. Maydon maysasi ham yaxshi holatdaligi menga yoqdi. So‘nggi paytlarda bizdagi muammo aynan maydon maysasi bilan bo‘lgan edi. Lekin bu uchrashuvda maysa yaxshi holatdaligini va umuman, bu stadion Mustaqilligimiz bayrami arafasida ochilib, bunday musobaqani qabul qilishi, yurtimizdagi futbolga e’tibor, undagi islohotlar, Yurtboshimiz tomonidan sportning futbol turiga qaratayotgan e’tiborini katta namunasi deb o‘ylayman.
Paulo Bentu nomzodi xususida
- Bentu masalasiga kelsak, uning tajribasiga shubha yo‘q. Portugaliya, Janubiy Koreya, BAA terma jamoalarini boshqargan. Natija o‘laroq, uni katta natijalar ko‘rsatgan murabbiy deb ayta olmasak kerak. Ko‘ramiz, agar futbolimiz rahbarlari shu to‘xtamga kelishsa, shunday qarashlar bor. O‘ylaymizki, har qanday nomzod terma jamoamizni eng yuqori natijalarga etaklay oladi. Azaliy orzu - jahon chempionatida ham chiroyli o‘yinlar ko‘rsata oladi.
Yangi murabbiy masalasi terma jamoamizga ta’sir qilyaptimi?
- Albatta, bu narsalar o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Bunday ma’lumotlarni o‘qigan murabbiy va uning ishchi guruhi noqulay holatga tushishi aniq. Shunday bo‘lsa-da, Timur Kapadze va uning murabbiylar shtabining professionalligiga umid qilamiz. Bu voqealarning rivoji, yakuni tezroq amalga oshib, psixologik jihatdan engib o‘tishadi, degan umiddaman. Futbolchilar ham tezroq qanday murabbiy bilan ishlashni tushunib etishni xohlashadi. Chunki deyarli bir haftalikda ko‘plab ma’lumotlar chiqib keldi. Bu ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Lekin 100 foiz shu narsa sabab deb ko‘rsatiladigan holat emas. Futbolda aytilgan so‘z bor: mayda detallar bo‘lmaydi.
Aslida bizga qanday murabbiy zarur?
- Bizga kim murabbiy bo‘lishidan qat’iy nazar katta bir musobaqani butun dunyo ko‘radi. Bu azaliy orzuimizdagi turnir. Unda jamoamizni optimal tarkibi bilan yuqori darajada o‘yinlar ko‘rsatib, o‘zbek futbolini dunyoga taratib berishi kerak. Shunday murabbiy tayinlanishi kerakki, bu narsani uddalay olishi lozim. Hali vaqtimiz bor. Bu musobaqa oddiygina sayohat bo‘lib qolmasligi lozim. Mundial ortidan futbolimiz kelajagi, dovrug‘i, yoshlarga e’tibor aynan tashqi futbol olamidan, skautlar, boshqa klublar tomonidan katta e’tibor ostida turadi. Yanada o‘sish uchun jahon chempionatida yaxshiroq qatnashishimiz kerak.



Fikrlar