"Bo‘rnli" murabbiyi Dastan Satpaev jaroҳati tafsilotlarini ma'lum qildi
«Börnli» bosh murabbiyi Niki Xayen ingliz Chempionshipining to‘rtinchi turida «Midlzbro»ga qarshi o‘yinda jamoaning qozoqistonlik hujumchisi Dastan Satpaev harakatlarini yuqori baholadi, shuningdek, futbolchining ehtimoliy jarohati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv 1:1 hisobida durang bilan yakunlandi. «Börnli» safida maydonga asosiy tarkibda tushgan Dastan Satpaev 80 daqiqa o‘ynadi. Almashinuv paytida u son orqa qismiga qo‘l ushlab, noqulaylik sezyotgani ko‘rindi. Shunga qaramay, Qozog‘iston terma jamoasi a’zosi «Börnli» tarkibida uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topildi.
«Uni albatta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishimiz kerak bo‘ladi. Hozircha ko‘rinishiga qaraganda, unda shunchaki mushaklar tortib qolgan. U juda yaxshi o‘yin namoyish etdi. U uchun juda xursandman, 18 yoshli yigit jamoadoshlari uchun namuna bo‘la olayapti. Umuman olganda, Dastan katta ishtiyoq ko‘rsatdi, o‘yinga faol qo‘shildi, bir necha xavfli vaziyatlar yaratdi. Jamoada hamma uni hurmat qiladi, uning kamtarligiga yuqori baho beradi... Juda yaxshi, ochiqko‘ngil yigit. U tinmay mehnat qiladi va maydonda farq yaratishga harakat qiladi», — dedi Niki Xayen.
Murabbiy shuningdek, Satpaevning Angliya chempionati sharoiti va yangi talablarga qay tarzda moslashayotgani haqida ham fikr bildirdi.
«Ha, u asta-sekin moslashayotganini ko‘ryapmiz. Lekin bilasiz, Angliyada liga juda qattiq, jismoniy kurashlar ko‘p bo‘ladi, shuning uchun biz uni ma’lum ma’noda asrashga ham harakat qilamiz. Har doim ham bunga erisholmaymiz. Unda kichik jarohat bor, bu — mushak tortishi, ammo jiddiy oqibatlarsiz o‘tib ketadi, degan umiddamiz. Hech kim uni uzoq muddatga safdan chiqarib qo‘yadigan jarohat bo‘lishini istamaydi. Uning 90 daqiqa davomida o‘ynayotganini ko‘ryapsiz, bu tajribali futbolchilar uchun ham oson emas, yosh yigit haqida gap ketganda esa yanada qiyin», — deya qo‘shimcha qildi «Börnli» ustozi.
Ingliz Chempionshipining navbatdagi turida «Börnli» o‘z maydonida «Bristol Siti»ga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv 5 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Fikrlar