Bolgariyada kurash bo‘yicha sovrin jamg‘armasi 25 ming evro bo‘lgan xalqaro turnir yakunlandi

  • 30.05.2022 19:58
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xabar berganimizdek, 28-29-may kunlari Bolgariyaning Burgas viloyati Ruin shaharchasida kurash bo‘yicha xalqaro turnir tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan ushbu musobaqaning sovrin jamg‘armasi 25 ming evrodan iborat edi.

Salmoqli mukofot jamg‘armasiga egaligi tufaylimi yoki targ‘ibot ishlari yaxshi olib borilganligi uchunmi, xullas Bolgariyada tashkil etilgan musobaqa Evropa kurash oilasida katta qiziqish uyg‘otdi. Buni kurash gilamlarida sportning yakkakurash turlaridan nafaqat Evropa, balki jahon chempionlari bellashganidan ham bilib olish qiyin emas. Ana shunday polvonlardan biri ruminiyalik Ilie Daniel Natea bo‘lib, u dzyudo va sambo bo‘yicha jahonning eng nomdor sportchilaridan biri sanaladi. Bu ro‘yxatga yana bolgariyalik 165 kilolik taniqli polvon Ashim Aylin, Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlari sovrindori (ayollar kurashi), Bolgariya faxri Evilina Nikolova, ukrainalik iste’dodli sportchi, dzyudo bo‘yicha kadetlar va kattalar o‘rtasida Evropa chempioni Elizaveta Litvinenko va boshqa taniqli sportchilarni qo‘shish mumkin.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Unda so‘zga chiqqan mahalliy hokimlik vakillari kurash sport turining gumanizm g‘oyalariga yo‘g‘rilganligi, uning salomatlikni mustahkamlashdagi o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi. Shu bilan birga, o‘zbek kurashi Olimpiya o‘yinlariga kirish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega ekanligini ham e’tirof etish barobarida Bolgariya tomoni bu yo‘lda biz bilan hamfikr ekanini aytib o‘tishdi.

Musobaqa Bolgariyaning Burgas viloyatidagi Ruin shaharchasida o‘tkazilishida ham ramziy ma’no bor. Chunki, tub aholisi asosan turklar bo‘lgan bu hududda aholi orasida azaldan yakkakurash turlariga qiziqish kuchli. Jumladan, Bolgariyaning birinchi Olimpiya chempioni Nikola Stanchev ham shu zamindan etishib chiqqan.

Mazkur hududda har yakshanbada turk kurashi, yunon-rum kurashi va boshqa sport turlari bo‘yicha xalq sayllari o‘tkazib turilishi odatiy tusga kirgan ekan, bir so‘z bilanaytganda Ruin shaharchasi Bolgariyaning polvonlar maskani ekan.

Kurash bo‘yicha xalqaro turnirda 20ga yaqin davlatdan 100 nafarga yaqin saralangan sportchilar ishtirok etdi. Eng qizg‘in bahslar erkaklar o‘rtasida +90 kg vazn toifasida kechdi. Unda g‘oliblik uchun bir emas, kamida uch nafar munosib nomzod bor edi. Bular - kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi, qit’a va jahon chempioni Muhsin Hisomiddinov, rumin Ilie Daniel Natea, bolgariyalik Ashim Aylin edi.

Murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida finalga Muhsin va Natea chiqib keldi. Oldinga o‘tib aytish kerak, ruminiyalik polvon ham bo‘y, ham vazn borasida raqibidan katta ustunlikka ega edi. 198 kilo tosh bosgan Iliening bo‘yi ham 2 metrdan oshardi. Bunday raqibni ko‘tarib urish tugul joyidan siljitish ham oson emas, shunga qaramay Muhsin bir chala ishlashga muvaffaq bo‘ldi. Ammo, o‘zi yonbosh tushib qoldi va yakunda bosh sovrin ruminiyalik sportchiga nasib etdi.

Musobaqa Nizomiga ko‘ra g‘oliblar 2500 evro, 2-o‘rin sohibi 1500 evro, ikkita 3-o‘rin egalari esa 500 evrodan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir g‘olib va sovrindorlari:

Ayollar

-63 kg

1. Olga Drix (Ukraina),

2. Evilina Nikolova (Bolgariya),

3. Eleonora Soatova (O‘zbekiston),

3. Malika Qahhorova (O‘zbekiston).

+63 kg

1. Elizaveta Litvinenko (Ukraina),

2. Gabriella Gigova (Bolgariya),

3. Gulasal Haydarova (O‘zbekiston),

3. Mariya Oreshkova (Bolgariya),

Erkaklar

-73 kg

1. Bozidar Temelkov (Bolgariya),

2. Konstantinos Kalatidis (Gresiya),

3. Antoniy Bitzamov (Gresiya),

3. Nikolay Graxmes (Moldova),

 

-90 kg

1. Rumen Radev (Bolgariya),

2. Vitaliy Sherel (Ukraina),

3. Ivan Stafanov (Bolgariya),

3. Pol Silviu Balavan (Ruminiya),

 

+90 kg

1. Ilie Daniel Natea (Ruminiya),

2. Muhsin Hisomiddinov

(O‘zbekiston),

3. Xusayn Xusayn (Bolgariya),

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!