
"Borussiya" (Dortmund)da malaka oshirgan terma jamoamiz shifokori germaniyalik hamkasblari uddalay olmagan ishni bajargan. Qanday qilib hayron qoldirganini bilasizmi?
Bugungi zamonaviy futbolda tibbiyotning o‘rni juda katta ahamiyat kasb etyapti. Maydonda to‘p surayotganlarning sog‘ligi hamma vaqt birinchi o‘rinda. Agar sog‘ligi ko‘tarmasa shuncha harakati va mehnati befoyda. Shu sababli sport tibbiyoti shifokorlarining bilim hamda saviyalarini oshirish ham oxirgi paytlarda juda ommalashdi va shu bilan birga bunga jiddiy e’tibor qaratilyapti.
O‘zimizda ham malakali shifokorlar bor va shunga yarasha futbolchilar orasida mijozlari ham talaygina. Masalan, o‘zbek futbolida mashhur shifokorlardan biri – Abror Pirriev bo‘lsa, yana biri bu – Alisher Abdurahmonov. Hozirda u O‘zbekiston U-23 terma jamoasi va “Olimpik” klubining bosh shifokori sanaladi.
Malakali shifokor faoliyati mobaynida “Daugavpils” (Latviya), “Sho‘rtan”, “Nasaf”, “Mash’al”, Qashqadaryo bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi, “Andijon” va O‘zbekiston U-19 termasida ishlagan.
Abdurahmonovni hozirgi kunda o‘zbek futbolida ham tutgan o‘rni katta. Ayniqsa, o‘z kasbidan kelib chiqib futbolchilarning sog‘ligini nazorat qilish, ularni davolashda ancha ko‘zga tashlanib qolgan. Shu kungacha u kishi ancha yo‘lni bosib o‘tdi. Kasbi taqozosiga ko‘ra ko‘p narsalarni ko‘rdi va o‘rgandi.
Sohasining etuk mutaxassisi. Ko‘pchilikni yoqimli ma’noda ajablantirishdan charchamaydigan shifokor. Shu sababli Abdurahmonovning xizmatiga ko‘pchilik qiziqish bildiradi. Shuningdek, faoliyati mobaynida ham turli qiziq voqealar hamda sarguzashtlarni ham boshidan kechirgan. Lekin u bu haqida doim ham aytavermaydi. Agar Alisher aka bilan faoliyati haqida gaplashadigan bo‘lsangiz, uning hayotiy voqealari juda ham qiziq tuyuladi. Kuni kecha ushbu shifokor Sports.uz muxbiriga faoliyati davomidagi bir qator qiziqarli voqealarni aytdi.
“Adashmasam, 2008 yilda “Sho‘rtan” jamoasi bilan o‘sha paytdagi bosh murabbiy Viktor Pasulko boshchiligida yozda Germaniya davlatining Bitburg shahriga o‘quv yig‘in mashg‘ulotini o‘tkazishga bordik, - deya gap boshladi, Abdurahmonov. - Germaniyalik o‘z davrining taniqli futbolchilaridan biri bo‘lgan Rudi Fyollerning shaxsiy futbol maktabida shug‘ullanganmiz. U erda yosh futbolchilarga yaratilgan sharoitni ko‘rib juda havas qilganman. Qachon bizda ham yosh o‘yinchilarga shunday sharoitlar bo‘larkin, deya orzu qilgandim.
U erda bolalar futbolini chuqur o‘rgandim. Yoshlarni kuzatdim. Mashg‘ulotlariga bordim. Oshxonada qanday taomlanishi meni hayron qoldirgan. O‘shanda yogurt, tvorog, pishloq kabi mashulotlar AVSED gruppa vitaminlari bilan to‘yintirilgan. Ya’ni, o‘sha mahsulotlar ustiga qanaqa vitamin saqlashi muddati yozib qo‘yilgan.
Qanday vitaminlar qabul qilishi, jarohat va mikrojarohatlarni qanday davolashlarini ulardan o‘rgandim. Viktor Pasulkoning katta o‘g‘li futbol o‘ynab jarohat olgan ekan, o‘ng oyoq to‘piq qismidan. 3 oy davomida nemis shifokorlariga davolangan. Bu orada og‘rigan shishlari qaytgan. O‘shanda meni ko‘rib siz shifokormisiz deb so‘radi. Menga oyoq to‘pig‘ining tagi og‘riyotganini va shu bois yaxshi bosa olmayotganini aytib, davolay olasizmi dedi. Uni ushlab tekshirib ko‘rdim. Qarasam, to‘pig‘ini tagida kattagina gematoma turibdi. Ya’ni, qon qotib qolgan. Gematoma bo‘lgan joyini qattiqroq ushlasam og‘riqdan dodlab turib ketdi. Bunday jarohat bilan 1987 yil Latviya Respublikasining Daugavpils shahrida xarbiy gospitalda travmotologiya bo‘limida ishlab yurganimda xuddi shunday jarohat olgan futbolchi kelgandi. Uni oddiygina davolash uslubi – vitamin V12 2 gr, prozerin 2 gr, deksametazon 2 gr, lidokain 2%2 gr aralashmasi bilan o‘sha gematomani o‘ziga ukol qilib davolagandim.
O‘sha vaqtlar Sobiq ittifoq davri edi. Riga shahriga malaka oshirishga yuborishdi. Oldimga futbolchilar davolanishga ko‘p kelishni boshlashdi. Ular meni “Daugavpils” jamoasiga taklif qilishdi. Men bu paytda armiya xizmatida edim. Bir qancha muddat armiya sport klubi Daugavpilsda ishladim.
Xullas, Viktor Pasulkoning o‘g‘li menga siz meni davolay olmaysiz, chunki ayrim nemis klublarining shifokorlari ham davolay olishmagan dedi. Esimda, uni onasi ham shifokor ekan. Men esa uni davoladim va o‘g‘lini oyoqqa turib tuzalganini ko‘rgan. O‘shanda Pasulkoni oldiga kirib u “super doktor” deb aytgandi. Shuningdek, o‘shanda yana nima deganini bilasizmi? Seni o‘sha maqtagan klublaringni shifokorlari uch oyda davolay olishmagandi. O‘zbek shifokori bir haftada davolab o‘g‘limizni futbolga qaytardi. Tibbiyot birinchi O‘zbekistonda rivojlanganini mana isboti, axir Ibn Sino o‘zbek bo‘lgan, degandi.
Pasulko ham rahmat aytib rosa xursand bo‘lgandi. Menga nimadir iltimosing bo‘lsa, so‘ra, yordam beraman deb aytgan. Natijada undan bir nemis tarjimonini topib Germaniya bundesligasi klublarining ish faoliyatini o‘rganib, tajriba orttirishda yordam berishini so‘radim.
Murabbiy to‘g‘ri o‘ylabsan dedi va xursand bo‘ldi. Bu esa o‘zbek futboliga foyda bo‘ladi deb fikrimni tasdiqlagandi.
Rudi Fyoller orqali “Borussiya” Dortmund va “Kyoln” klublari bazalariga borib, ularning shifokorlaridan o‘zimga kerakli bo‘lgan jarohat va mikrojarohatlarni qanday davolash, qanday ish yuritishni o‘rgandim.
2017/2018 yilda Qashqadaryo viloyatimizda bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasini Nurali Sultonov boshchiligida ochdik. O‘sha futbol akademiyasida Germaniyada o‘rganganlarim bo‘yicha ishni tashkillashtirdik. Bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi Respublika birinchiligidagi chempionatda sovrinli o‘rinlarni oldik. Ko‘plab tarbiyalanuvchilarimiz “Sho‘rtan” va “Nasaf” jamoalarida o‘ynashyapti.
Keyin O‘zbekiston U-17 terma jamoasiga tajribali shifokor kerak bo‘lganligi sababli o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh shifokori va hozirgi kunda O‘FA tasarrufida ochilgan tibbiy qo‘mita raisi Abrorjon Pirriev bolalar futbolida ishlagansiz, deya menga taklif kiritdi. Natijada Toshkentga kelib shu bolalar bilan ishlashga rozi bo‘ldim.
Ravshan Sayfiddinovich Ermatov O‘FA birinchi vitse-prezidenti bo‘lganidan so‘ng Alisher aka biz sizga ishonamiz, futbolda tajribaga egasiz, shu sababli O‘zbekiston U-19 ni bersak bularni 2024 yili Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga tayyorlashda yordam berasiz deb aytdi. Mana shu o‘yinchilar bilan oltinchi yildirki birgaman.
Besh yildan buyon Respublika sport tibbiyoti ilmiy amaliy markazi shifokorlari bilan birgalikda futbolchilarni har birini o‘rganib, ilmiy tomonlama yondashib ish olib boryapmiz. Natijalarimiz hozircha yomon emas. Futbolchilarimiz Superligada yaxshi ishtirok etishyapti.
Bundan tashqari, Ravshan Ermatovni 2010 yili jahon chempionatiga o‘zim tayyorlaganman. Shveytsariyada hakamlarni chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganida dunyo bo‘yicha 100 nafar hakamni ichidan eng sog‘lomi o‘zbek hakami bo‘lgan. Shveytsariyadan Ermatovning o‘zi menga qo‘ng‘iroq qilib, ushbu xabarni aytgandi. Balki JARdagi mundialda o‘zbek hakamlarini ochilish o‘yinga tayinlashlariga sog‘ligining me’yordaligi ham sabab bo‘lgandir, - deya xotiralarini esladi, Alisher Abdurahmonov.
Fikrlar