Boshkovich sobiq klubini ipidan-ignasigacha biladi, Abramovda boshqacha syurpriz bormi yoxud Superligada hal qiluvchi palla

  • 25 oktabr, 2024, 09:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superliganing 22-turiga start beriladi. Uch kun mobaynida 7 ta qiziqarli o‘tishi kutilayotgan uchrashuvlarga guvoh bo‘lasizlar. Quyida bo‘lajak to‘qnashuvlar xususida to‘xtalamiz.

25 oktyabr

16:00. “Surxon” – “Lokomotiv”

Turnir jadvali hamda jamoalarning ko‘rsatayotgan o‘yinidan kelib chiqsak, bu bellashuvda “Surxon” favorit va ulardan ustunlik ko‘proq. O‘tgan turda “Surxon” Qarshida “Nasaf”ga qanday qarshilik ko‘rsatganini hamma ko‘rgan bo‘lsa kerak. Munosib kurashdi va haqli tarzda bir ochko bilan qaytdi. “Lokomotiv” bo‘lsa yana mag‘lubiyatlar girdobida.  Ha, futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biroq “Surxon” o‘z o‘yinini ko‘rsatadigan bo‘lsa, katta ehtimol bilan zafar quchadi.

18:15. “Navbahor” – “Metallurg”

O‘tgan turda vodiy derbisida arang mag‘lubiyatdan qutulib qolgan “Navbahor”ni endi nisbatan engilroq raqib – “Metallurg” kutyapti. Namanganda o‘tadigan uchrashuvda mezbonlarda imkoniyat ko‘proq. Lekin har qanday raqibni hurmat qilish kerak. Aslida esa g‘alaba mehmonlarga suv va havodek zarur. Chunki ular oxirgi o‘rinda va ligada jon saqlab qolish uchun kurashishmoqda. Boz ustiga “Metallurg” ustozi Grigoriy Kolosovskiy sobiq jamoasiga qarshi futbolchilarini qanday tayyorlashni bilsa kerak. Qolganini o‘yin davomida ko‘ramiz. Shunchaki, ijrochilar jihatidan qaraydigan bo‘lsak, namanganliklar ustunlikka ega.

26 oktyabr

16:00. “Qizilqum” – “Paxtakor”

Jamshid Saidov boshqaruvidagi “Qizilqum” ushbu turda “Paxtakor”ga qarshi o‘ynaydi. Sovrindorlar qatoridan joy olishga intilayotgan “Sherlar”da navoiyliklarni mag‘lub etishga qurbi etadi. Shu jumladan “Qizilqum”da ham bunday imkoniyat mavjud. Faqat kim o‘z imkoniyatidan qanday foydalanishiga bog‘liq. Hozircha imkoniyatlar teng.

18:15. “Andijon” – “Olimpik”

O‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogini yutgan “Andijon” shundan buyon o‘z maydonidagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Raqib Toshkentning “Olimpik” jamoasi. Chempionatda “Burgutlar”ning egallab turgan o‘rni biroz pastroqda. Boz ustiga ikkinchi davrada jamoa hali g‘alaba qozona olganicha yo‘q. Ushbu omillar shubhasiz “Andijon”ni faqat va faqat oldinga chorlaydi. “Olimpik” nihoyat o‘tgan turda ikkinchi davradagi ilk g‘alabasiga erishdi. “Bobur arena”da har qanday holatda ham anshlag bo‘ladi. Shu bois uchrashuvni kuzatish juda qiziq kechadi. Bu safar “Burgutlar” o‘z imkoniyatini qo‘ldan chiqarib yubormasa kerak.

27 oktyabr

17:15. “Bunyodkor” – “So‘g‘diyona”

Ikkinchi davrada o‘yinini va natijalarini yaxshilashga erishgan “Bunyodkor”ni jiddiy o‘yin kutib turibdi. “So‘g‘diyona”ni muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan Ivan Boshkovich bunga qadar “Bunyodkor”da ishlaganini yaxshi bilasiz. U sobiq klubini ipidan-ignasigacha qunt qilib ichib yuborgan bo‘lsa kerak. Boz ustiga “Bunyodkor”da o‘zi tarbiyalagan bir qator shogirdlarini “So‘g‘diyona”ga olib o‘tgan. Yaxshi o‘yin bo‘ladi. Jamoalar hujumkorlikni xush ko‘radilar. Sovrin ishqida “yonayotgan” jizzaxliklarda ustunlik nisbatan ko‘proq.

28 oktyabr

16:00. OKMK – “Neftchi”

Bu ham qiziqarli uchrashuvga aylanadi. Sovrinli o‘rinlar uchun kurashda imkoniyatini keskin kamaytirib yuborgan “Neftchi” kumush medalga yaqin turgan OKMK mehmoni bo‘ladi. Ikkala jamoa safida ijrochilar etarlicha, nomdor futbolchilar ham. Murabbiylar esa alohida mavzu. Maydonda haqiqiy jang bo‘ladi. Hech biri mag‘lubiyat tugul, hatto durangni ham o‘ylashmayapti. Maqsadlari g‘alabadan boshqa narsa emas. Bunday bahsni o‘tkazib yubormaslik kerak.

18:15. “Nasaf” – “Dinamo”

Chempionlik kurashida asosiy favorit hisoblangan “Nasaf” Qarshida quvnoq jamoa – “Dinamo”ni qabul qiladi. Muddatidan ilgari chempionlik masalasini hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lib turgan Ro‘ziqul Berdiev jamoasi uchun hatto OChLdan ham ko‘ra, ichki chempionatga ko‘proq e’tibor qaratgan. Chempionatning oxirlarida, bunday bosimda mezbonlarga oson bo‘lmaydi. Buni o‘tgan turda “Surxon”ga qarshi bellashuvda ko‘rdik. “Dinamo” hujumkor jamoa va Abramov ochiq futbol o‘ynashni taklif qiladi. Bu esa balki Berdiev jamoasiga qo‘l kelishi ham mumkin, agar Vadim Karlenovich boshqa syurpriz tayyorlamagan bo‘lsa?!

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!