
Boymatov ketdi, turkmanistonlik legioner masalasi ochiq..."Mash’al"dagi o‘zgarishlar haqida klub bosh direktorining munosabati
Chempionatimizda transfer oynasi ochilishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Klublar esa allaqachon selektsiya ishlarini boshlab yuborgan. Bu yil Coca-Cola Superligada debyut mavsumini o‘tkazayotgan Muborakning “Mash’al” klubi ham tuzib qo‘yilgan rejalariga muvofiq ish olib bormoqda. “Mash’al” bosh direktori Ilhom Qurbonov bilan jamoa rejalari, legionerlar masalasi va keldi-ketdilar haqida gaplashdik.
- “Mash’al” transfer oynasidan qanday foydalanmoqchi? Bu borada klubning rejalari nimalardan iborat?
- Doimgidek yoshlarga e’tibor qaratamiz. Pro-ligada ijarada o‘ynayotgan futbolchilarimiz bor. Ularni chaqirib imkoniyat beramiz. O‘zlarini ko‘rsatgan yigitlarni asosiy tarkibga jalb qilmoqchimiz.
- “Mash’al”da to‘p surayotgan legionerlar haqida nima deya olasiz? Ular bilan hamkorlik davom ettiriladimi? Yoki yana boshqa xorijlik o‘yinchilar olib kelinadimi?
- Yo‘q, boshqa olmaymiz. Safimizda shundoq ham to‘rt nafar legioner bor-ku. Agar qaysidir klub birorta o‘yinchimizni sotib olaman desa, gaplashib ko‘rishimiz mumkin. 10 avgustdan transfer oynasi ochilishini hisobga olsak, balki keyinchalik o‘yinchilarimizga taklif bilan chiqishsa va bu biz uchun qiziqarli bo‘lib ko‘rinsa, albatta gaplashamiz. To‘g‘risi, futbolchilarni sotish orqali ham marketing bo‘yicha ishlarimizni yaxshilab olish niyatimiz yo‘q emas. Biz yoshlarga urg‘u beramiz va asosiy tarkibimizdan qaysidir futbolchimizga taklif kelib tushsa, buni ko‘rib chiqishga tayyormiz.
- Xorijlik o‘yinchilar “Mash’al”ga qanchalik yordam berishyapti?
- O‘tgan vaqt davomida ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishdi. Deylik, bitta legionerimiz 50-60 foiz o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan bo‘lsa, ikkitasi 70-80 foizgacha o‘ynadi. To‘rt nafar legionerdan uchtasi o‘zini 50x50 oqlayapti, deb aytishim mumkin.
- Mavsum boshida turkmanistonlik Durdiev bilan ham shartnoma tuzilgandi. Ammo uni “Mash’al”da o‘rnini topdi, deb bo‘lmaydi. U hali ham klub bilan birgami?
- U hozircha uchta o‘yinda maydonga tushdi, shundan bittasida asosiy tarkibda, ikkitasida esa zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Durdiev hali o‘zini 100 foizga ko‘rsata olgani yo‘q. Aynan shu tomonlama ushbu transferga qo‘l urganimiz odamni biroz xijolatga qo‘ymoqda. Holbuki, jamoamizdagi ukrainalik, kamerunlik va nigeriyalik legionerlar o‘zlarini ko‘rsata olishyapti. Durdievni Turkmaniston terma jamoasida o‘ynaganligi va biz hujum chizig‘ini kuchaytirishga muhtoj bo‘lganimiz uchun olgandik. Ammo, hozircha bu futbolchi haqida yuqori fikr bildirishga ojizman.
- Transfer oynasi ochilgan vaqtda u bilan xayrlashish rejasi bormi?
- Bu haqida o‘zi bilan gaplashamiz. Lekin unga hali to‘liq imkoniyat ham berganimiz yo‘q. Bitta o‘yin bilan xulosa qilib ham bo‘lmaydi. Yaqin orada o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazamiz va o‘sha bellashuvlarda Durdievga imkoniyat beriladi.
- Aynan qaysi jamoalar bilan o‘yinlar rejalashtirilgan?
- 8 avgust kuni “Qizilqum” bilan o‘ynaymiz. 12 avgustda “Sho‘rtan”ga qarshi maydonga tushamiz.
- “Mash’al” yangi futbolchilarni ham ko‘z ostiga olib qo‘yganmi?
- Yuqorida aytganimdek, ijarada yurgan futbolchilarimizni chaqirib, ularni yana sinab ko‘rmoqchimiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- Klub tomonidan javob berib yuborilgan o‘yinchilar ham bormi?
- Eldor Boymatov ketdi. Bitta uchrashuvda zaxiradan maydonga tushgan. Mashg‘ulotlarda uning o‘yini bizga taktik tomondan to‘g‘ri kelmadi.
Fikrlar