Braziliya klubi himoyachisi bilan juda xunuk xayrlashdi
Braziliyalik himoyachi Leo Koelyo Braziliya chempionati uchinchi divizioni — S Seriyada ishtirok etuvchi «Amazonas» klubini tark etdi. Bu haqida MDZ Mendoza nashri xabar berdi.
Klub 33 yoshli futbolchi bilan xayrlashish haqidagi e'lonni noodatiy tarzda berdi: postga Koelyoning bir qator xatolari aks etgan lavhalar ilova qilingan. Ularda noaniq paslar, raqiblar goliga olib kelgan epizodlar, shuningdek, penaltiga sabab bo‘lgan qo‘pol qoidbuzarliklar ko‘rsatilgan edi.
«Amazonas»ning bunday xayrlashuv uslubi ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, klub ushbu postni o‘chirib tashladi.
Leo Koelyo 2025 yil yozida erkin agent sifatida «Amazonas» safiga qo‘shilgan. U jamoa tarkibida 29 o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urdi va 1 ta golli pas berdi.
Bundan oldin Koelyo Braziliyaning bir qator jamoalar sharafini himoya qilgan, shuningdek, Meksikaning «Atletiko San-Luis» va Urugvayning «Penyarol» klublarida ham to‘p surgan.
«Amazonas» hozirda Braziliya S Seriyasi chempionati jadvalida 14-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa o‘tgan mavsumda Seriya B divizionidan tushib ketgan edi.

Fikrlar