"Bu erda muhit juda ajoyib, bir oiladekmiz" yoxud Odil Abdumajidov yana legionerga aylandi

  • 28 fevral, 00:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2025 yilgi birinchilikda Qozog‘iston chempionatida yana o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p surishadi.

Tecno

Yangi mavsumga tayyorlanayotgan “Turon” klubi tarkibini kuchaytirish uchun aynan hamyurtlarimizni taklif qildi.

Ularning orasida iqtidorli 23 yoshli himoyachi Odil Abdumajidov ham bor. O‘tgan yilgi mavsumni “Metallurg” klubida o‘tkazdi. Bu yil esa "Turon" sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. 

- Odiljon "Turon" klubining yangi futbolchisiga aylandingiz. Bu qanday yuz berdi?

- “Turon” klubi rahbarlari menga aloqaga chiqishdi. Jamoa oldiga qo‘yilgan maqsadlari haqida gaplashdik. Menga ma’qul keldi. Oilam bilan maslahatlashdik va shu qarorga keldik.

- Ayting-chi, yangi klubda sizga hammadan ko‘ra ko‘proq nima yoqyapti?

- Bu erda muhit juda ajoyib. Bir oiladekmiz.

- Qozog‘iston chempionati siz uchun begona emas. 2022 yilda "Ordabasi" tarkibida bir mavsum o‘tkazgansiz. U erga qaytganingizda eng avvalo nimani o‘yladingiz?

- Bu erda murabbiylar shtabi kuchli. Ulardan ko‘p narsa olsa bo‘ladi. Xudo xohlasa, o‘zimni ko‘rsatib, yanada yaxshiroq chempionatga o‘tishni maqsad qilganman.

- "Turon" tarkibida o‘zbekistonlik va O‘zbekiston chempionatida o‘ynagan futbolchilar ham bor. Moslashuv qiyin bo‘lmayaptimi?

- Bu erda to‘rtta o‘zbekistonlikmiz. Klubda ko‘plab futbolchilar bilan yaxshi tanish edim. Moslashish juda oson kechdi.

- Yangi klubda qaysi raqamni oldingiz va nima uchun?

- 2-raqamni oldim. Sababi, oxirgi yillarda shu raqamda o‘ynaganim uchun ko‘p o‘ylab o‘tirmasdan tanladim.

- "Turon"ning bu yilgi maqsadi qanday? Jamoaning salohiyati qanaqa?

- Bu yil “Turon” oldiga katta maqsadlar qo‘yilgan. Bu narsalar meni kelishimga sababchi ham bo‘ldi. Xudo xohlasa, chempionatda oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga harakat qilamiz.

- O‘tgan yili katta qiyinchilik bilan "Metallurg"ni Superligada saqlab qoldinglar. Ammo shunga qaramay, jamoa o‘z ishtirokini to‘xtatdi. Bu sizlarga juda alam qildimi?

- Albatta, alamli bo‘ldi. Men katta futbolga qadam qo‘ygan klubim bu meni ikkinchi uyimdek bo‘lib qolgan. Bizku mayli, futbolchimiz va boshqa klub topib o‘ynab ketamiz. Ammo u erda ishlaydigan qancha murabbiy va ishchilar bor edi. Ularga ham alam qildi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!