Husanovning "Chelsi"ga transferi o'zbek klubini bankrotlikdan qutqarishi aytildi

  • 26.09.2026 00:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

«Manchester Siti» klubi va Oʻzbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovni qishki transferlar oynasi davrida bir necha klublar oʻz safiga qoʻshib olmoqchi. 

Oʻzbek legiogeriga daʼvogarlar orasida himoya chizigʻidagi muammolarni hal qilishga kirishgan Londonning «Chelsi» klubi favorit hisoblanadi. Bu jamoani boshqarayotgan Xabi Alonso himoya chizigʻini boshqarish vazifasini aynan Husanovga topshirishni istayotgani aytilmoqda. 

Taʼkidlash joizki, Husanovning London klubiga ehtimoliy transferi Toshkentning «Bunyodkor» klubiga sezilarli moliyaviy tushum olib kelishi mumkin. 

Bu haqida UzbekFootball sahifasi maʼlumot berdi. Bu manba muallifining taʼkidlashicha, u shaxsan Husanovning «Chelsi»ga oʻtishini istamaydi, biroq katta miqdordagi transfer puli orqali «Bunyodkor» futbolchini tarbiyalash uchun toʻlanadigan kompensatsiya hisobiga bankrotlikdan qutulib qolishi mumkin.

Maʼlumki, 22 yoshli himoyachi yetti-sakkiz yoshidan boshlab «Bunyodkor» akademiyasida tarbiyalangan va 2022 yilda Minskning «Energetik-BGU» jamoasiga oʻtguncha aynan shu klub tizimida boʻlgan.

FIFAning birdamlik mexanizmiga muvofiq, futbolchi 12 yoshdan 23 yoshgacha tarbiyalangan klublarga keyingi transferlar summasining besh foizi taqsimlanadi. «Bunyodkor» ushbu pulning faqat oʻz ulushini oladi — taxminiy hisob-kitoblarga koʻra, bu umumiy bitim qiymatining qariyb ikki foizini tashkil etadi.

Avvalroq Husanovning «Lans»dan «Manchester Siti»ga 40 million yevro evaziga oʻtishi chogʻida «Bunyodkor»ga toʻlanadigan kompensatsiya turli manbalarda 800 mingdan 1,05 million yevrogacha baholangan edi. Aniq raqam jamoatchilikka eʼlon qilinmagan.

«Bunyodkor»ning moliyaviy ahvoli oxirgi yillarda juda ogʻir boʻlib qoldi. 2026 yilda futbolchilar va xodimlar bir necha oy maosh olmagan, klub «Qizilqum»ga qarshi chempionat uchrashuviga bora olmagani uchun texnik magʻlubiyat qayd etilgan. Shuningdek, sobiq futbolchi Rivaldo oldidagi qarzlar sabab klubga yangi oʻyinchilarni roʻyxatdan oʻtkazish taqiqlangan.

Manbalarga koʻra, «Chelsi» Husanovni himoya chizigʻini kuchaytirish uchun nomzod sifatida koʻrib chiqmoqda va qishki transfer oynasida rasmiy taklif yoʻllashi mumkin. Shu bilan birga, bitim amalga oshish ehtimoli hozircha past baholanmoqda: oʻzbekistonlik himoyachi muntazam ravishda «Manchester Siti» tarkibida maydonga tushmoqda va yozda klub bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!