"Bu jamoa bilan chempion bo‘lamiz, bundan boshqa ilojimiz ham yo‘q, qaerdadir xato qildim deb o‘ylamayman" - Oston O‘runov "Navbahor"ga qaytishi, Rossiyadagi faoliyati va Katanets haqida intervyu berdi

  • 1 mart, 2023, 01:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Navbahor” klubi yangi mavsum uchun tarkibini yana ko‘zga ko‘ringan va tajribali futbolchilar bilan kuchaytirdi.

Tecno

Ayniqsa, Rossiya klublarida faoliyat olib borgan Oston O‘runov O‘zbekiston chempionatiga, xususan “Navbahor” klubiga qaytdi.

Albatta, bunda bosh murabbiy Samvel Babayaning roli katta. Yaqinda Sports.uz jurnalisti Namangandagi “Navbahor” bazasida O‘runov bilan suhbatlashdi.

- Oston, “Navbahor”ga qaytishingiz namanganlik muxlislar uchun katta xursandchilik ulashdi. Qachondir Namanganga qaytish haqida o‘ylaganmisiz yoki barchasi rejangizdan tashqari yuz berdimi?

- Boshida “Navbahor”ga qaytish rejada yo‘q edi. Rejamda Evropada to‘p surish edi. Kuchli chempionatlarga ketish haqida o‘ylardim. Lekin shu erda bo‘lishim taqdirda yozilgan ekan. Bundan xursandman.

- “Navbahor”da oldin o‘ynagan paytingizda endi tajriba to‘playotgan futbolchi edingiz. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, bu erga yanada mashhurroq va tajribali Oston O‘runov sifatida qaytdingiz. O‘tgan vaqt davomida o‘zingizda qanaqa o‘zgarishlarni his qilyapsiz?

- Oldin Namanganda o‘ynaganimda yosh, endi porlab chiqayotgan futbolchi edim. Hozirgi kelishimda yaxshi tushunib turibmanki, mendan hamma ko‘p narsa kutadi. Xudo xohlasa, barchaning ishonchini oqlayman. Yaxshi bilib turibman, maqsad chempionlikni qo‘lga kiritish. Bu jamoa bilan chempion bo‘lamiz, bundan boshqa ilojimiz ham yo‘q. Shuning uchun qo‘limizdan kelganicha bor kuchimiz va imkoniyatimizni ko‘rsatib, g‘alabalarga hissamizni qo‘shib, yaxshi natijalar qayd etamiz.

- Rossiyada “Spartak”, Ufa” va “Ural”dagi faoliyatingizni kuzatib bordik. Har bir o‘ynagan klubingizda o‘ziga yarasha sarguzashtlar, turli voqealar yuz berib turdi. Rossiyadagi faoliyatingizni qanday baholaysiz?

- Hammasi zo‘r ketayotgandi. Qaerdadir xato qildim, deb o‘ylamayman. Birinchi “Ufa”da to‘p surdim, o‘zimni ko‘rsatdim. O‘shanda ko‘p klublar meni olishni xohlashdi. TsSKA, “Spartak”, “Rubin” kabi jamoalar istagan. “Ufa” direktori Gazizov “Spartak” klubiga o‘tganida undan qaysi yaxshi futbolchilar borligi haqida so‘rashgan. U O‘runov deb aytgan va bu xususida o‘z intervyusida ham ta’kidlagan. “Spartak” prezidenti ham ro‘yxatda O‘runov menga yoqadi, deb aytgan. Keyin biz “Spartak”ka o‘tish bo‘yicha kelishdik. Bu klubga borganimda hammasi yaxshi ketayotgandi. Sport formaga kirib, astoydil ishlayotgandim. Orada koronavirus bo‘lib qoldim. Keyin rahbariyatda qanaqadir ajiotaj va kelishmovchiliklar bo‘ldi va bu orada men qolib ketdim. Ushbu vaziyatda mendan hech qanaqa xato o‘tmagan yoki kim bilandir nimanidir talashib qolmaganman. O‘zlari nimadir kelisha olishmagan, bu ta’sir qildi. Lekin Rossiyada men uchun barchasi yaxshi ketayotgandi.

oston2

- “Ural” bilan nima bo‘ldi? U erda ko‘p o‘ynamadingiz. Bosh murabbiy esa o‘yindan avval siz bilan yuz bergan holat haqida gapirgandi. Aslida nima bo‘lgan?

- “Ural”da murabbiy bilan hamma o‘ylagandek kelishmovchilik bo‘lmagan. Shunchaki, biz bir-birimizga mos kelmasligimizni tushundik. Ular boshqacha futbol o‘ynaydi va mening uslubim to‘g‘ri kelmaydi. Ikki tomonlama do‘stona kelishib, shartnomani bekor qilganmiz.

- “Ural”ga o‘tish siz uchun yanglish qaror emasmidi?

- Yo‘q. Bu jamoaga o‘tganim yaxshi edi.

- Bosh murabbiyi bilan munosabatingiz qanaqa edi?

- Munosabatlarimiz yaxshi edi. Ishlash uslublari ham menga yoqardi. Goncharenko futbolchilar bilan ham zo‘r ishlaydi. Oramizda tushunmovchilik bo‘lmagan. Ketayotganimizda ham biz iliq xayrlashganmiz. Faqat boya aytib o‘tganimdek, “Ural” bilan bir-birimizga mos kelmadik.

- Mos kelmaslik bu o‘yin tomonlamami?

- Ha, o‘yin bo‘yicha. Hozirgi “Ural”ga meni aldab, dribling qiladigan xizmatlarim kerak bo‘lmadi. Faqat jamoaviy o‘yin edi. Murabbiydan hech bo‘lmaganda oldinga o‘tganimda menga raqiblarni aldash mumkinmi, deb so‘ragandim. U yo‘q dedi va to‘p bilan bo‘lganingda birinchi bo‘lib boshingni ko‘tar va bo‘sh turgan sheriginga uzat dedi va aldashimga ruxsat bermadi. Agar men aldamasam oddiy o‘yinchi bo‘lib yuraverardim.

- Rossiya klublaridagi faoliyatingiz davomida hozirgacha qaysi futbolchilar bilan yaqin aloqani saqlab qolgansiz?

- Rossiyada o‘rtoqlarim ko‘p, haligacha aloqada bo‘lamiz. “Ufa” va “Spartak”dagi yigitlar bilan gaplashib turaman. Biroq “Ural”da hali ulgurmagandim.

oston1

- 15 fevralda yurtimizda transfer oynasi yopildi. Shu vaqt ichida barcha klublar selektsiya ishlarini olib bordilar. Klublarimiz tomonidan amalga oshirilgan transferlar orasida Oston O‘runovning “Navbahor”ga qaytishini birinchi raqamli transfer deb hisoblash mumkinmi? Bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Albatta, qo‘shilaman. O‘zbekistonda bo‘lgan transferlar ichida eng yaxshisi bo‘ldi. Boshqa hech kim!

- “Navbahor”dan ketganingizda faoliyatingizda oldinga qadam bo‘layotgandi va keyinchalik legionerga aylandingiz. Ortga qaytgach, ayrim gap-so‘zlar bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni, O‘runovning yana qaytishi ortga tashlangan qadam deb hisoblashlari ham hech gap emas. Bunga munosabatingiz qanday?

- Gap-so‘zlar har doim bo‘ladi. Rossiyada yurgan paytlarimda ham bo‘lgan. Ming zo‘r o‘ynab yurganimda ham, jarohat olib o‘ynamayotganimda ham shunday bo‘lardi. “Navbahor”ga qaytishimni orqaga qadam deb o‘ylamayman. “Navbahor” rostdan ham O‘zbekistonning eng kuchli jamoasi. Bu qaytanga o‘zim uchun ham yaxshi-ku. Bungacha ma’lum vaqt o‘ynamagandim. Formamni tiklab, “Navbahor”ga yordam bera olaman.

- “Ural”dan ketib Toshkentga qaytganingizda Samvel Babayan “Navbahor”ga chaqiradi, degan hayol o‘tganmi?

- Yuqorida aytib o‘tganimdek, rejam xorij bilan bog‘liq edi. Variantlar bo‘ldi. Samvel Babayan juda tajribali. Birga “Lokomotiv”da ham ishlaganmiz. Ruhiy tomonlama va o‘sish borasida ham menga ancha yordami tegadi. “Navbahor”ni chempion qilib, yana chetga ketish rejam bor.

- Sir bo‘lmasa, qaysi klublardan takliflar bor edi?

- Aniq bir nomni aytish qiyin. Variant bo‘ladi, keyin yo‘q bo‘lib qolardi. O‘zimni ham kutgim kelmadi. Avvalo, sport formamni tiklab, keyin ketsam to‘g‘ri bo‘ladi.

- “Navbahor”ning o‘tgan yilgi ishtirokini kuzatganmisiz?

- Hamma o‘yinlarini ko‘rdim. Yaxshi fikrdaman. O‘tgan yili ham ajoyib jamoa yig‘ilgandi. Oxirida ozgina etmay qoldi.

oston3

- Namanganlik ashaddiy muxlislarni yaxshi ko‘rasiz va ularning bosimini ham ko‘tara olasiz. Ular uchun aytadigan gapingiz bormi?

- Ishqibozlar faqat chempionlikni kutishsin. Qolgani bizni ham, ularni ham qoniqtirmaydi. Buni hamma tushunib turibdi. Birinchi o‘yindan shuni kutyapmanki, bunday futbolni yaxshi ko‘radigan ishqibozlar qarshisida o‘ynamaganimga ancha bo‘lgandi. Namangandagi muhitni sog‘indim. Oxirgi marta terma jamoa bilan Namanganga kelganimizda ko‘rgandim. O‘shanda ham hamma Oston, Oston deb baqirishgan, zaxirada o‘tirganimda ham ular murabbiyga Ostonni tushir, deb hayqirishgani esimda. Ishqibozlarning sizga bunday ishonchi yanada motivatsiya beradi va ruhiyatni ko‘taradi.

- Terma jamoa haqida gap ochildi. Bosh murabbiy Katanets bilan tez-tez gaplashib turasizmi yoki faqat yig‘in chog‘idami?

- Faqat yig‘inlar paytida gaplashib turamiz.

- U o‘z uslubini terma jamoa o‘yinchilariga singdira oldimi yoki bu jarayon hamon davom etyaptimi?

- Jarayon hali davom etyapti. Lekin u qanaqa vazifalar qo‘yilganini biladi. Hammaga tushuntirgan va qanday taktika qo‘llayotgani bo‘yicha terma jamoada endi barchani tushunchasi bor. Shunga moslab olib boryapti.

- Katanetsga ishonsa bo‘ladimi?

- Ishonsa bo‘ladi. Hozirgi natijalaridan ko‘rsangiz ham ishonsa bo‘ladi. Kamerunni yutdik. Kosta-Rikani ham yutayotgandik, ammo oxirida biroz bo‘shashdi va ikkita gol o‘tkazib yubordik. O‘shanda men o‘ynamagandim.

- Katanets jamoasida o‘zingizni qanday rolda ko‘ryapsiz?

- Katanets ishonch bildiryapti. Yig‘inlar chog‘ida ko‘p gaplashib turamiz. Oldiga chaqiradi va qanday o‘ynashim haqida tushuntiradi. Chaqirib, gapirgani menga yoqadi. Hamma narsani yuzingizga aytadi. Hech nimani berkitmaydi. O‘zbekiston sharafini himoya qilishni yoshligimizdan orzu qilganmiz. Shuning uchun albatta bor kuchimiz bilan terma jamoada ham o‘ynaymiz.

oston4

- Hammaning orzusi hisoblangan jahon chempionatiga chiqishimiz qachon yuz berishi mumkin? Vaziyatga real baho bera olasizmi?

- Real qarasak, navbatdagi jahon chempionatida buni amalga oshirishimiz kerak. Buni hamma tushunib turibdiki, bizga juda kerak. Hozirgi tarkib mundialga chiqishga va talabga javob beradi.

- Bu borada Superligamiz saviyasi ham talabga javob berish kerak. Fikringizcha, chempionatimiz darajasi hozir qanday?

- O‘tgan yili chempionat saviyasi ancha kuchaydi. Tomosha qilganingizda bu oldingi O‘zbekiston chempionati emas deb o‘ylaysiz. Jamoalar kuchaygan va raqobat ham. Qaysi klub yutishini bilmaysiz. O‘tgan yili hamma intrigani “Navbahor” berdi. Faqat chempionlikka ozgina etmadi.

- Asosiy maqsadingiz?

- Evropaning top-klublarida to‘p surish. Bunga ishonaman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Хакимжон Абдурахимов
01/03/2023 11:36
Шунака дангал гапирса буларканку,гап йук