
"Bunyodkor" - "Neftchi" hamda "Andijon" - OKMK uchrashuvlarida yuzaga kelgan bahsli vaziyatlar yuzasidan ekspert-hakamlar xulosasi berildi
Coca-Cola Superliganing davom etayotgan 23-turi ortda qolgan uchrashuvlarida yuzaga kelgan bir nechta vaziyatlar ko‘plab bahs va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu tushunmovchiliklarga barham berish maqsadida O‘zbekiston futbol hakamlari markazi Ekspert-hakamlar komissiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazdi va mazkur vaziyatlar bo‘yicha ekspertlar xulosasini jamladi. Quyida e’tiboringizga mutaxassislar xulosasini taqdim etamiz.
1-vaziyat: “Bunyodkor” – “Neftchi” bahsi, penalti bormi yoki yo‘q? Videotakrorda guvoh bo‘lganingizdek, mehmonlar a’zosining zarbasidan keyin to‘p “Bunyodkor” futbolchisi Farhod O‘tkirovning qo‘liga tekkan. Biroq qo‘l tabiiy holatda, bundan tashqari qo‘l futbolchining tanasiga yaqin bo‘lgani uchun bu vaziyatda o‘yinni davom ettirishga ruxsat berilgan. Qolaversa, bu vaziyat jarima maydonchasining ichida yoki tashqarisida sodir bo‘lgani borasida aniq javob yo‘q, chunki videotakrorlar orqali buni yaqqol ko‘rishning imkoni bo‘lmadi. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning o‘yinni davom ettirish va penalti belgilamaslik qarorini to‘g‘ri deb hisobladi.
2-vaziyat: “Bunyodkor” – “Neftchi” uchrashuvi, qizil kartochka to‘g‘ri berildimi yoki yo‘q? Bahsning 27-daqiqasida “Neftchi” a’zosi Diyor Turopovga qizil kartochka ko‘rsatilgan. VAR maxsus takroriy lavhalaridan ham ko‘rish mumkinki, bu vaziyatda qo‘pollik bor. Ekspert-hakamlar komissiyasi mazkur holatni bosh hakam Firdavs Norsafarov yaxshi pozitsiyadan kuzatib turganini va Diyor Turopov oyog‘ining tag qismi bilan raqib tizzasiga jiddiy zarba berganini inobatga olib, qizil kartochka ko‘rsatish to‘g‘ri qaror bo‘lgan, deb hisobladi.
3-vaziyat: “Andijon” – OKMK o‘yini, penalti to‘g‘ri belgilandimi yoki yo‘q? Vodiydagi bahsning 15-daqiqasida OKMK futbolchisining zarbasidan so‘ng darvozaga qarab ketayotgan to‘p mezbonlar a’zosi Vladimir Bubanyaning qo‘liga tegib, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan. Dastlab, bosh hakam Asker Najafaliev bir nechta futbolchilar to‘sib turgani bois vaziyatni ilg‘amagan, biroq VAR hakamlari unga xabar bergach, monitor oldiga borgan. Takrorlarni ko‘rgach esa 11 metrli nuqtaga ishora qilib, Bubanyaga sariq kartochka ko‘rsatgan. Ekspert-hakamlar komissiyasi qo‘l tabiiy holatda bo‘lmagani va yaqqol aniq zarba qaytarib qolinganini hisobga olib, mazkur vaziyatda penalti+sariq kartochka ko‘rsatilishi to‘g‘ri qaror ekanini ta’kidladi. Shu tariqa, Najafalievning qarori to‘g‘ri deb topildi.
4-vaziyat: “Andijon” – OKMK bahsi, to‘p qo‘lga tekkanmi yoki yo‘q? Uchrashuvning 66-daqiqasida “Andijon”ning hujumi vaqtida jarima maydonchasi ichida to‘p mehmonlar a’zosi Vitaliy Denisovning qo‘liga tekkan, degan mazmunidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda avj olmoqda. Bosh hakam bu vaziyatda to‘p qo‘lga tegmagan, deb topib, o‘yinni davom ettirishga ruxsat bergan. Ushbu bahslarga barham berish maqsadida e’tiboringizga vaziyat aks etgan sifatli videoni havola etamiz. Ekspert-hakamlar komissiyasi ushbu videoga asoslangan holda to‘p qo‘l orqali emas, gavda orqali o‘ynalganini ta’kidladi va hakamning qarorini bir ovozdan to‘g‘ri deb topdi.
Fikrlar
..
Фаргонани чемпионлик пойгасидан чикариб юборишди холос