"Bunyodkor" futbolchisi diskvalifikatsiya qilindi, "Surxon", "Oqtepa" va "Aral Samali" murabbiylari jarimaga tortildi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Superliga 2-turi doirasidagi “Andijon” – “Surxon” uchrashuvi yakunlanganidan so‘ng, ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan paytda “Surxon” klubi bosh murabbiyi Rifat Akramxo‘jaev o‘zini noprofessional tarzda tutib, raqib jamoa murabbiylaridan birini turtib yuborgani uchun unga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, ushbu uchrashuv yakunlanganidan so‘ng, ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan paytda “Andijon” jamoasi futbolchisi Sunnatillo Hamidjonov “Surxon” klubi bosh murabbiyi Rifat Akramxo‘jaevga nisbatan juda qo‘pol munosabatda bo‘lib, o‘zini noprofessional tarzda tutgani uchun Sunnatillo Hamidjonovga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Superliga 3-turi doirasidagi “Bunyodkor” – “Andijon” uchrashuvining 36-daqiqasida “Bunyodkor” jamoasi futbolchisi Ibrohim Tomiva Gbadamosi oyog‘ining tag qismi bilan raqib futbolchisining ko‘krak qismiga kuchli zarba bergani uchun 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va unga jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Pro liga 2-turi doirasidagi “Olimpik” – “Oq-tepa” uchrashuvi yakunlanganidan so‘ng, “Oq tepa” klubi ma’muri Baxtiyor Irgashev bosh hakam sha’niga nomaqbul so‘zlar ishlatgani uchun unga nisbatan 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, mazkur uchrashuvdan so‘ng, “Oq-tepa” klubi direktori Alisher Shog‘ulomov hakamlikdan noroziligi bo‘yicha o‘yin protokoliga yozma ariza yozmay turib, buning o‘rniga OAV orqali o‘z noroziligini bildirgani uchun jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Pro liga 2-turi doirasidagi “Aral Samali” – “Xorazm” uchrashuvi yakunlanganidan so‘ng, “Aral” jamoasi muxlislari o‘z noroziligini qo‘pol tarzda namoyish etib, bosh hakam tomon maydonga turli buyumlar uloqtirgan. Agar bunday holat yana takrorlansa, klub uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazishi bo‘yicha ogohlantirildi. Shuningdek, “Aral Samali” bosh murabbiyi Timur Turdiev hakamlikdan noroziligi bo‘yicha o‘yin protokoliga yozma ariza yozmay turib, buning o‘rniga OAV orqali o‘z noroziligini bildirgani uchun jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Fikrlar