
"Burgutlar"ning oktyabrdagi parvozi haqida nimalarni bilasiz yoxud "Andijon"da oyning eng yaxshi futbolchisi kimga nasib qildi?
Oktyabr oyi ham pro ligada ishtirok etayotgan “Andijon” jamoasi uchun muvaffaqiyatli kechdi. Ushbu oyda jamoaning Superliga masalasini hal qilishi kutilgandi va amalda bu o‘z tasdig‘ini topdi.
Viktor Kumikov jamoasi o‘tgan oyda 4 ta uchrashuv o‘tkazdi. Natijalar quyidagicha: “Andijon” – “Buxoro” – 2:1, “Xorazm” – “Andijon” - 0:1, “Andijon” – “Turon” – 1:1 va “Andijon” – “Mash’al” – 4:2. Guvohi bo‘lganingizdek, “Burgutlar” 4 ta bellashuvda 3 g‘alaba va 1 durang qayd etib, muddatidan ilgari pro liga g‘olibligi va Superliga yo‘llanmasini naqd qilib qo‘ydilar. Endi jamoa mutlaqo xotirjam! Vazifa muvaffaqiyatli bajarildi.
To‘plar nisbatida bu safar ancha sermahsullik kuzatildi. Boisi, jamoa oktyabr oyida raqiblar darvozasiga 8 ta gol urib, o‘z darvozasidan 4 ta to‘p olib chiqdi. Umumiy hisobda “Andijon” birinchi bo‘limda 3 ta, ikkinchi bo‘limda 5 ta gol urdi.
Oktyabr oyida kiritilgan 8 ta gollar muallifi kimlar? Shahboz Erkinov 4 ta gol urdi. Shuningdek, Ildar Mamatkazin o‘z hisobiga 2 ta gol yozib qo‘ydi. Qolaversa, chernogoriyalik legionerlar – Bogdan Milich bilan Goron Miloyko ham darvozani bir martadan ishg‘ol qildilar.
“Bobur Arena”da 3 ta uchrashuv tashkil qilindi. “Buxoro”, “Turon” va “Mash’al”ga qarshi o‘yinlar o‘tkazildi. Xo‘sh, tomoshabinlar tashrifi qanday? 10 oktyabr kuni “Buxoro” qabul qilingan bahsda diskvalifikatsiya sababli o‘yin tomoshabinlarsiz o‘tdi. 24 oktyabrda “Turon” qabul qilingan uchrashuvda 3207, “Mash’al”ga qarshi bellashuvda esa 3987 ishqiboz stadionda kuzatib bordi. Umumiy hisobda “Andijon” ishtirokidagi uchrashuvlarni 7194 nafar muxlis tomosha qildi.
Ildar Mamatkazin, Goron Miloyko, Vladimir Bubanya, Abduvohid G‘ulomov nima bilan ajralib turganini bilasizmi? To‘rtta o‘yinchi “Andijon” jamoasining oktyabr oyidagi to‘rtta uchrashuvida to‘liq, o‘zgarishlarsiz ishtirok etishdi. Shuningdek, oktyabr oyida “Andijon” penalti tepmadi va o‘z navbatida klub darvozasi tomon ham penalti belgilanmadi.
O‘tgan oyda futbolchilar tartib-intizom masalasida ancha yaxshi taassurot qoldirishdi. Ikkita o‘yinda jamoa a’zolari hech qanday ogohlantirishsiz harakat qildilar. Faqat ikkita bahsda 4 nafar futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatildi. Bular - Suhrob Berdiev (2 ta), Goron Miloyko va Ildar Mamatkazin. Qizig‘i shundaki, 22-tur doirasida “Xorazm” – “Andijon” bahsida bosh murabbiy Viktor Kumikovga 90-daqiqada hakam qizil kartochka ko‘rsatib, maydondan chetlatdi. Natijada Viktor Balyutovich uchta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.
Shuningdek, har bir uchrashuvdan keyin o‘yinning eng yaxshi futbolchisini aniqlash bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan ovoz berish jarayonlari oktyabr oyida ham doimiy ravishda o‘tkazildi. Unga ko‘ra, “Andijon”ning o‘tgan oydagi eng yaxshi o‘yinchisi ma’lum bo‘ldi. Bu jamoa sardori Ildar Mamatkazin.
Safarda “Xorazm” jamoasi ustidan qozonilgan 1:0 ko‘rinishidagi g‘alabada aynan yagona gol Mamatkazinning hisobiga yozildi. Bundan tashqari, Andijonda “Turon”ga qarshi kechgan bahsda ham Ildar raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Himoyadagi ishonchli o‘yinlari bilan barchada yaxshi taassurot qoldirdi.
Umuman olganda, ushbu futbolchi ikkinchi marotaba oyning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo‘ldi. Bunga qadar u aprelda ham munosib topilgandi. Bu safargi ovoz berish jarayonlarida kurash qizg‘in kechdi. Ayniqsa, Ildar Mamakatkazin bilan Shahboz Erkinov boshqalardan ancha ilgarilab ketdilar. Yakunda “Andijon” sardori g‘olib chiqish uchun 3402 ovoz yig‘di. Erkinov bo‘lsa, 2798 ovoz to‘pladi. Kuchli uchlikni chernogoriyalik legioner Bogdan Milich yakunlab berdi. U 839 ovoz oldi.
Bugungi mashg‘ulotdan oldin "Andijon" bosh murabbiyi Viktor Kumikov oktyabr oyining eng yaxshi futbolchisiga atalgan maxsus statuetkani Ildar Mamatkazinga topshirdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar