
Butun jamoa eplolmagan ishni Shomurodov ikki daqiqada uddaladi!
A Seriyaning 23-turidan o‘rin olgan “Jenoa” va “Verona” o‘rtasidagi uchrashuv Eldor Shomurodov uchun omadli bo‘ldi. Genuyaliklar ikki marta hisobda ortda borishiga qaramay, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida mag‘lubiyatdan qutilib qoldi.
Bellashuvga tanaffusdan keyin qo‘shilgan Shomurodov ikki daqiqayu 58 soniyada gol urib, o‘yinda burilish yasay oldi. Bu “Jenoa” tarixida zaxiradan o‘yinga tushib, kiritilgan eng tezkor gollardan biri bo‘ldi. Birinchi taym davomida ko‘p vaziyatlarda raqib qarshisida ojiz qolgan “Jenoa” o‘zbek hujumchisi maydonga tushishi bilan oldinga o‘ta boshladi.
Uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi. Mezbonlar so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutilib qolgani o‘yinga o‘ziga xos intriga qo‘shdi. Shu tariqa, “Jenoa”ning mag‘lubiyatsiz seriyasi ettita uchrashuvni tashkil qilmoqda.
“Jenoa” muxlislari Eldor Shomurodovning o‘yinini va jamoaning mag‘lubiyatdan qutilib qolishidagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
E’tiboringizga italiyalik futbol ishqibozlarining o‘zbek hujumchisi haqidagi fikrlarini havola qilamiz.
Michele Paciolla:
Shomurodovni mavsumdagi uchinchi goli bilan tabriklaymiz. Ajoyib o‘yin bilan ham. U juda foydali harakat qildi va hujumlarni tezlashtirib yubordi.
Francesco Guida:
Eldorga gap yo‘q. U har qanday vaziyatda ham oxirigacha kurashadigan futbolchi ekanini ko‘rsatdi. Bu galgi golini ham shu tarzda kiritgani tasodif emas.
Antonio Duron:
Eldor o‘yinga tez qo‘shilib ketdi. Maydonga chiqqanidan keyin uch daqiqa ichida gol urdi. Afsuski, keyinchalik o‘zini ko‘rsata olmadi. To‘g‘risini aytganda, qolgan daqiqalarda butun jamoa o‘yini oqsadi.
Carmine Ricciardi:
Butun bir jamoa eplay olmagan ishni, o‘zbek futbolchisi ikki daqiqada uddalab, “Verona” darvozasini ishg‘ol qildi.
Aldo Campopiano:
Menimcha, Shomurodov bu goli orqali boshlang‘ich tarkibdagi joyini yana qaytarib oldi. Eldordek foydali o‘yinchi ko‘proq o‘ynashi kerak!
Pauline Bagnan: (Aldo Campopiano firkiga javoban)
Men esa, o‘zbek hujumchisi o‘yin davomida, raqiblar toliqib qolganida maydonga tushirilishi tarafdoriman. Shunday holatda, u o‘zining tezkorligi va kurashuvchanligi bilan jamoaga katta foyda keltira oladi.
Canio Cestone:
Har gal Shomurodovning o‘yinidan hafsalam pir bo‘lib, uni tanqid qila boshlasam, Eldor menga gol urish orqali javob qaytaradi. Bu shunchaki, ajoyib. Endi uni ko‘proq tanqid qilaman, shekilli.
Orlando Esposito:
Eldor uchun juda muhim gol. U jarohatdan keyin darrov o‘zini ko‘rsatdi. Afsuski, u ko‘p shikastlanmoqda. Mavsum davomida uch marta safdan chiqdi. Shunga qaramay, har gal o‘zining eng yaxshi formasiga qaytishga juda kam vaqt sarflayapti.
Fikrlar