Shomurodov gol urdi va o‘zini qiynagan “qora an’anaga” chek qo‘ydi!

  • 21 fevral, 2021, 08:08
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Italiya A Seriyasining 23-turi doirasida “Jenoa”ning “Verona”ga qarshi o‘tkazgan uchrashuv dramatik ko‘rinish oldi. Biz uchun kutilmagan jihat, Eldor Shomurodov va Goran Pandevning boshlang‘ich tarkibga kiritilmagani bo‘ldi. Bu gal Davide Ballardini asosiy to‘rurar Mattia Destro bilan Marko Pyatsani tushirishga qaror qildi.

Shomurodovning zaxirada qoldirilishini uning yaqinda jarohatidan taklangani va hal to‘liq o‘ynash uchun jismoniy holati tayyor emasligi bilan izohlash mumkin. Avvalgi o‘yinda ham legionerimiz faqat ikkinchi bo‘limda to‘p tepgandi.

Eldor o‘yinga qo‘shilishi bilan ilk urinishdayoq o‘zini ko‘rsatdi. Darvozabon Mattia Perinning uzoqdan yo‘llagan zarbasini Destro boshi bilan oldinga tashlab berdi. Himoyachi bilan kurashda ustun kelgan o‘zbek hujumchisi aniq zarba bilan kam gol o‘tkazadigan raqib posboni Marko Silvestrini dog‘da qoldi.

151644118_4321684611175759_1945838755796449174_o

Goldan ruhlangan genuyalik futbolchilar o‘yinni kuchaytira oldi va sekin-asta “Verona”ga tenglashib oldi. Biroq, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida himoyachilarning sustkashligi oqibatida  Marko Faraonening zarbasi yana Perin darvozasidan joy oldi.

Lekin qolgan daqiqalarda mehmonlarning xavfli hujumlarini bartaraf etgan “Jenoa” futbolchilari mag‘lubiyatdan qutilib qolish uchun bosimni kuchaytirdi. Bu so‘nggi daqiqalarga kelib, o‘z foydasini berdi. Xorvatiyalik legioner Milan Badel uzoq masofadan aniq zarba yo‘lladi. Bu vaziyatda darvozaga yaqin turgan Eldor himoyachilarni chalg‘itib, to‘p yo‘lini ochib berdi.

Umuman olganda, shu kuni Shomurodov o‘z odatiga ko‘ra, raqibdan to‘pni olib qo‘yish, ularning hujumini to‘xtatish, ikkinchi qavatdagi kurashlarda faol ishtirok etdi. U o‘z jamoasi tarkibida eng yaxshi ikki futbolchidan biri bo‘ldi.

Shu o‘rinda, Shomurodov faoliyatida “qora a’ananaga” barham berilganini ham ta’kidlash joiz. Gap shundagi, ketma-ket beshta uchrashuvdan buyon Eldor gol urgan o‘yinlarda jamoasi 1:2 hisobida yutqazmoqda.

Bu 2019 yili O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo kubogida Yaponiyaga qarshi o‘yinidan boshlangan. O‘shanda Eldor hisobni ochganiga qaramay, yaponiyaliklar keyinchalik ikkita gol urib, g‘alabani ilib ketgandi. Shuningdek, o‘tgan yili Toshkentda Eron bilan bo‘lgan bahsda ham Shomurodov gol urgan bo‘lsa-da, 2:1 hisobidagi g‘alaba mehmonlarga nasib qildi.

 O‘tgan yili “Rostov”ning Evropa ligasi doirasida Isroilning “Makkabi Xayfa” jamoasiga qarshi bahsida o‘zbek hujumchisi birinchi bo‘lib to‘p kiritgandi. Lekin isroilliklar ikkita gol urib, keyingi bosqichga chiqdi.

Eldorning bu “qora an’anasi” Italiyada ham davom etdi. A Seriya doirasida legionerimizning  “Parma” va “Sassuolo” darvozasiga yo‘llagan to‘pi jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolmadi va hisob ham odatdagidek 1:2 ko‘rinishiga keldi.

1111111111111111111111111111111111111111111111111111111111111111_1

Nihoyat, “Verona”ga qarshi o‘yinda bu an’anaga barham berildi. Aslida so‘nggi daqiqalargacha tarix takrorlanayotgan edi. Lekin Milan Badelning aniq zarbasi hammasini o‘zgartirib yubordi.

Endi “Jenoa”ni oldinda jiddiy uchrashuvlar kutib turibdi. Genuyaliklar navbatdagi uchrashuvni 28 fevral kuni Milan shahrida “Inter”ga qarshi o‘tkazadi.

Gol urib, uchrashuvda burilish yasagan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!