
"Buxoro" nazorat bahsida g‘alaba qozondi, tarkibga Maxaradze qo‘shildi
Yig‘inini Toshkentda davom ettirayotgan “Buxoro” klubida ham o‘zgarishlar davom etyapti. Bosh murabbiy Davron Fayziev tarkibni yanada kuchaytirish va raqobatni oshirish maqsadida legioner o‘yinchilarni ham taklif qilishda davom etyapti.
Hozirda “Lokomotiv” klubida to‘p surib kelayotgan gruziyalik Kaxi Maxaradzening ukasi Boris Maxaradze “Buxoro” mashg‘ulotlariga qo‘shildi. 1990 yilda tug‘ilgan kichik Maxaradze himoyachi bo‘lib, bungacha u Gruziyaning “Lokomotiv” (Tbilisi), “Shukura”, “Dinamo” (Batumi), “Kolxeti-1913” kabi klublarda to‘p surgan.
Qolaversa, “Buxoro” safiga ganalik yarim himoyachi Nezer Tavia qo‘shilgan va hozirda murabbiylar uni ham sinovdan o‘tkazishyapti. Bundan tashqari, bungacha “Istiqlol” jamoasining mashg‘ulotlarida ishtirok etgan hujumchi Davron Isoqov ham “Buxoro”ning yig‘inida ishtirok etyapti.
Bugun “Buxoro” jamoasi birinchi liga ishtirokchisi – “Neftgazmontaj”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashdi. Murabbiylar etakchi futbolchilarga dam bergan holda asosan yangi kelgan o‘yinchilar sinovdan o‘tkazildi.
“Buxoro” tarkibi: Raxat Japparov, Boris Maxaradze, Hakimxon A’lamxonov, Sardor Izzatov, Azamat Isroilov, Nurjaxon Muzaffarov, Abdujamol Isroilov, Jobirbek Navro‘zov, Abdulla G‘aybullaev, Rahimjon Obidov, Shaxzod Beshimov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Sardor Qobuljonov, Mirjalol Jumaev, Saydullo Toshpo‘latov, Shoxruh Xolmatov, Rustam Abduhamidov, Fayzullo Jumanqo‘ziev, Davron Isoqov, Nezer Tavia.
Ushbu uchrashuvda “Buxoro” 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Gollarga Shoxruh Xolmatov (penaltidan), Nezer Tavia va Davron Isoqov mualliflik qildilar.
Fikrlar