
"Buxoro"ning ketma-ket uchta o‘yindagi omadsiz starti bu birinchisi emas!
“Buxoro” jamoasida vaziyat qanday? Klub nega mavsumni bu qadar omadsiz boshladi? Albatta, bu borada savollar ko‘p, ammo javoblar-chi? O‘zi shundoq ham oxirgi yillarda muxlislarini barqaror o‘yinlari bilan quvontira olmayotgan va pastga sho‘ng‘ish kuzatilayotgan jamoa negadir bunday salbiy muvaffaqiyatsizliklardan saboq chiqarmayotgandek tuyulmoqda. Aytaylik, o‘tgan mavsumda “Buxoro” arang Superligada jon saqlab qolganini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. O‘shanda klubning taqdiri oxirgi turda hal bo‘lgandi. O‘z uyida AGMKni qiyinchilik bilan 2:1 hisobida mag‘lub etib, Superligadagi o‘rnini saqlab qolgandi.
Yaxshi bilasiz, bu jamoani o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmidan beri tojikistonlik mutaxassis Muhsin Muhammadiev boshqarib kelmoqda. Ammo hozircha uning ishlari silliq kechmayapti. O‘tgan mavsum u bir amallab “Buxoro”ni saqlab qoldi, ammo yangi mavsumda ishqibozlarini yanada xavotirga solib qo‘ymoqda. Klub nahotki, o‘tgan yilgi xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan bo‘lsa?! Albatta, bu vaziyatda bosh murabbiyga ko‘p narsa bog‘liq. U qishki rejalarni ham o‘zi istagan darajada olib bordi va tarkibni ham o‘z qarashlariga mos tarzda tuzdi.
Xo‘sh, u yangi mavsum arafasida tarkibga kimlarni taklif qildi? Zohir Pirimov, Jasur Hakimov (ikkalasi - AGMK), Zafar Safoev (“Metallurg), Abror Xusinov (“Andijon”), Artyom Baranovskiy (Ukraina), Edin Yunuzovich (Xorvatiya), Aziz Omonov (“Lokomotiv”), Bobur Farhodov (“Bunyodkor”) kabi o‘yinchilar bilan tarkibini kuchaytirdi. Biroq mavsumni ketma-ket 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatlar bilan boshlagani muxlislarini qattiq ranjitdi. Natijada bosh murabbiyga nisbatan ishonchsizlik ortdi va uning iste’fosini ham talab qilishganlar bo‘ldi. Bu borada viloyat hokimi ham Muhsin Muhammadiev bilan uchrashib, mavsumni nima uchun omadsiz boshlaganini muhokama qilgan holda o‘z e’tirozlarini bildirgani haqida xabarlar ham chiqdi. Natijada bosh murabbiyning keyingi taqdiri so‘roq ostida qolgandi. Bu borada klub mutasaddilari o‘zaro maslahatlashishdi ham. Olingan oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, tojikistonlik murabbiyga yana biroz imkoniyat taqdim etilgani haqida eshitdik. Ma’lumki, hozirda koronavirus tufayli chempionat o‘yinlari ham to‘xtatilgan. Qachonki, vaziyat iziga tushib chempionat ham davom ettirilganida “Buxoro” 4-turni o‘z uyida “Andijon”ga qarshi o‘tkazadi. Agarda o‘sha paytgacha voqealar rivoji o‘zgarmasa, bo‘lajak bahs Muhammadievning keyingi taqdirini belgilab beradi.
Bizning e’tiborimizni tortgan yana bir jihat esa bu jamoaning mavsumni bir xil ko‘rinishdagi yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar bilan boshlagani bo‘ldi. Natijada statistik ma’lumotlarni tekshirib, “Buxoro”ning mavsumni qanday boshlagani va ayniqsa, dastlabki uchta turni qanday natijalar bilan tugatganini sinchiklab kuzatib chiqdik. Boisi buxoroliklar balki bungacha mavsumni ketma-ket yirik hisoblardagi mag‘lubiyatlar bilan boshlamagandir, joriy yildagisi ilk bor sodir etilgandir degan xayolda edik. Natijada klub ishtirok etgan har bir mavsumning dastlabki turlarini ko‘zdan kechirib chiqdik. Buni qarangki, “Buxoro”ning mavsum startini bunday xunuk natija bilan boshlashi birinchi marta yuz bermagan ekan. Hattoki, joriy yildagi natijasidan ham yomonroq ko‘rsatkichlar bo‘lganiga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, 2004 hamda 2005 yilgi mavsumlar “Buxoro” uchun o‘ta muvaffaqiyatsiz boshlangan. Masalan, 2004 yilgi chempionatning ilk turida o‘z uyida “Neftchi”ni qabul qilib 0:4 hisobida yutqazgan. Ikkinchi va uchinchi turlarda esa “Metallurg” bilan “Paxtakor”ga bir xil 3:0 hisoblarida imkoniyatni boy bergan. 2005 yildagi natijalari esa quyidagicha: 1-tur “To‘polang” – “Buxoro” – 3:1, 2-tur “Buxoro” – “Paxtakor” – 0:8, 3-tur “Nasaf” – “Buxoro” – 2:1. Ko‘rib turganingizdek, bu yil ham jamoa o‘sha muvaffaqiyatsiz startni takrorladi. Biroq ushbu ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng “Buxoro” odatda 4-turda g‘alaba qozonib kelgan. Qiziq, bu safargi vaziyat ham shunga o‘xshashdek tuyulmoqda. Muhammadiev uchun oxirgi imkoniyat berilganini inobatga olsak, balki 4-turga kelib “Andijon”ga qarshi uchrashuvda ilk g‘alabasini qo‘lga kiritar, yana kim biladi deysiz!
Fikrlar