
“Charm to‘p-2019” an’anaviy futbol musobaqasining final bosqichi “Bunyodkor”da o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yoshlari o‘rtasida “Charm to‘p” an’anaviy futbol musobaqasini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 1-son (01-14/-1-771-son, 24.07.2019 y.) yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda ushbu musobaqa yuqori saviyada tashkil etildi.
Musobaqaning hal qiluvchi final bosqichi esa 24-28 avgust kunlari poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida o‘tkaziladi. Hozirda “Charm to‘p-2019” musobaqasining Respublika bosqichiga yo‘l olgan deyarli barcha jamoalar aniq bo‘lib ulgurdi. Galdagi vazifa – final bosqichini ham yuqori saviyada tashkil etish va musobaqa ishtirokchilari hamda muxlislarga bayramona kayfiyat ulashish.
Bugun “Bunyodkor” stadionida “Charm to‘p-2019” an’anaviy futbol musobaqasining ishchi guruhi a’zolari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari O.Kasimov, vazir o‘rinbosari Sh.Momindjanov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda tegishli mas’ul xodimlar qatnashdi. Bu haqda jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
25 avgustdan start oladigan final bosqichida jamoalar to‘rt guruhga bo‘lingan holda bahs olib borishadi. O‘z guruhlarida g‘olib chiqqan jamoalar esa yarim finalga yo‘l oladi va medallar uchun kurashni davom ettirishadi.
Guruh bosqich o‘yinlari “Bunyodkor” futbol akademiyasiga qarashli maydonlarda o‘tkazilsa, hal qiluvchi final o‘yini mamlakatimizning bosh arenasida shou tarzida tashkil etiladi. Final o‘yiniga kirish bepul bo‘lib, unda muxlislar mamlakatimizning 18-30 yosh toifasidagi eng kuchli havaskor jamoasining aniqlanish jarayoniga jonli guvoh bo‘lishadi. Shu bilan birga xalqimizning ardoqli san’atkorlari ishtirokidagi koltsert dasturi ham tomoshabinlarga bu oqshom haqiqiy san’at va sport zavqini his qilish imkoniyatini taqdim etadi.
Fikrlar