Chaynalgan "baklajka"dan chempionlikkacha! "Inter" bosib o‘tgan yo‘l sizni hayron qoldiradi!

  • 4 may, 2021, 07:28
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz Italiya A Seriyasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan «Inter»ni tabriklaydi va bu g‘alabaga qadar jamoa bosib o‘tgan yo‘l borasida fikr yuritadi.

2014 yilning 27 mart sanasida «Inter» o‘z uyida «Udineze» bilan to‘qnash keldi. O‘yin davomida klubning o‘sha davrdagi bosh murabbiyi - Valter Madzarri suv solingan idishni tishlab turgani kadrga tushib qoldi. Qarabsizki, 2-3 soatdan keyin, u internet yulduzi!

nfrsh

Bu kadr insonlarning yuzida tabassum uyg‘otishi mumkin, lekin jamoa muxlislari uchun og‘ir kunlarni eslatib turuvchi xotira sifatida tarixda abadiy qoladi. Italiyada klubni «aqlsiz Inter» deb atashadi. Bu hech qanday haqorat emas. Italyanlar uchun Axilles yoki Odissey singari taniqli Pazza atamasi «Inter»ga nisbatan qo‘llaniladi. Klub muxlislari ham o‘z madhiyalarida «Aqlsiz «Inter»ni sevish kerak» iborasidan foydalangan. Keling, voqealar rivojidan ildamlab ketmaymiz.
Massimo Moratti ajoyib prezident. 80-90 yillar oralig‘ida u o‘z zamonasining eng oldi rahbarlaridan edi. Yangi asr boshlangach, o‘zgarishlardan cho‘chigani uchun qolganlardan ortda qolishni boshladi. Qahramonimiz, futbol klubini erkatoy ayolga qiyoslar, o‘zi ham jamoa bilan shunday yo‘l tutar edi. Ortiqcha sarf xarajatlardan charchamagan Moratti juda ko‘p xatolarni amalga oshirgan bo‘lsada, tempni tushirib yuborgani yo‘q.

Neft biznesidan kelib tushayotgan pullarni «Inter»ga sarflashda davom etdi, biroq yillar o‘tgani sari futbol qimmatlashib bordi. Oilaviy biznes bankrotga uchragach, yangi asr boshida Moratti klubni moliyalashtirishda muammolarga duch kelishni boshladi. Oqibatda, jamoa tezda qarzga botib ketdi. Natijada, Moratti vaziyatdan kichik talofat bilan chiqib ketishga qaror qildi. U klub suyagi sanalgan qariya yulduzlarga suyanishdan bosh tortdi.

Moratti klub etakchilari pik formaga ko‘tarilganda, ularni sotib yuborishni istamas edi. Oradan 2-3 yil o‘tgach, ularni arzimagan summa evaziga qo‘yib yuborishga majbur bo‘lishi odat tusiga kirdi. Bu formula davom etgach, natijalar ham keskin pasayib ketdi.

Jamoaning yangi egasi - Erik Toxir futbol bilan u qadar qiziqmagani rost. Shunga qaramay, u ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ydi. Katta va’dalar berib tashlamadi, atrofiga o‘z do‘stlarini yig‘ib olmadi. U «Inter»dagi barcha menejerlarni o‘z vazifasida olib qoldi. Bu qaror yakunda o‘zini oqlamadi. «Neradzzuri» har mavsumda o‘rtamiyona futbolchilardan tashkil topgan jamoa bilan chempionlik uchun kurash olib borishni boshladi. Kelajagi porloq yoshlar esa, kuchliroq sanalgan «Yuve» yoki «Napoli» singari klublarga intildi.

2010 yilda amalga oshirilgan transfer kompaniyasi yodingizdami? Atigi 40 million evro evaziga, milanliklar Ishak Belfodil, Silvestre, Safir Tayder va Diego Laksaltni safga qo‘shib oldi! Bundan tashqari, klub har yili o‘rtamiyona futbolchilar uchun keragidan ortiq maosh to‘lar, 10 yaqin ijrochilar ijara asosida boshqa klub sharafini himoya qila boshladi. Bu klub byudjetiga ulkan zarar keltirishi turgan gap.

Ba’zan transferlar muxlislarni hayron qoldirgan. «Bolonya»dan sotib olish sharti bilan ijaraga olingan 30 yoshli Mudingayi yodingizdami?! U «Inter»dan so‘ng, to‘g‘ri B Seriyaga yo‘l olgan. Quyi ligalarda 9 o‘yin o‘tkazgach, butsalarini mixga ilib yuborgan futbolchining transferi ham «Inter»ni qanchalar noto‘g‘ri yo‘ldan borganini ko‘rsatib turibdi. Yoki Jonatanni eslay olasizmi? 2011 yilda braziliyalik himoyachi uchun jamoa 5 million evrodan voz kechgan. Taktik jihatdan uquvsiz bo‘lgani uchun o‘yindan tushib qoladigan futbolchi uchun birorta jamoa pul to‘lagani yo‘q. U faoliyatining so‘nggiga qadar erkin agent maqomida jamoasini almashtirdi.

To‘g‘ri, yaxshi transferlar ham bo‘ldi. 19 yoshli Mateo Kovachich yoki Filippe Koutino jamoa libosini kiydi, lekin tajribali o‘rtamiyonalar orasida yoshlar yo‘q bo‘lib ketishni boshladi. Shu bois, qora kunlar boshdan o‘tayotgan paytda, yoshlar katta sahnaga chiqqani yo‘q.

nfoshs24

Keyinroq, Toxir postni topshirdi. Badavlat xitoyliklar pulni ayab o‘tirgani yo‘q, lekin uni to‘g‘ri ishlatdimi? Bu savolga aniq javob berish mushkul. Gabriel Barboza va Joau Mariu uchungina 80 million evroni xarj qilib yuborgan rahbarlar o‘rtakash agentlar xizmatidan foydalanganini kechroq anglab etdi. Kia Djurabchian jamoa rahbarlarini kattagina summa evaziga omadsiz transferlarni amalga oshirishga ko‘ndira olgani e’tiborga molik. Barboza va Mariu fonida «Arsenal»ning Nikolya Pepega sarflagan 80 million evrosi ko‘rinmay ham ketadi! Ular birgalikda jamoa uchun 4 gol kiritdi xolos.

Jamoa krizis holatiga tushib qolgach, Roberto Manchini taklif etildi. Hatto u ham vaziyatni yumshatishga ojizlik qildi. Roberto yaxshi boshlagan bo‘lsa-da, yakunda 4-pog‘onani zabt etdi. U paytlari Italiyada faqat 3 klub EChL yo‘llanmasiga ega chiqar edi. Yozda esa, mavsumoldi mashg‘ulotlar chog‘ida jamoani tark etdi. Uning o‘rnini egallagan Frank De Bur murabbiy amalga oshirishi mumkin bo‘lgan barcha omadsiz qarorlarni qabul qilishga ulgurdi.

Luchano Spaletti kelgach, biroz tartib o‘rnatilgandek bo‘ldi. Mutaxassis kombinatsion futbolga asoslangan jamoa qurdi. Shu tariqa, oldinda  Perishich, Kandreva va Ikardi uchligi hosil bo‘ldi. Hammasi ko‘ngildagidek ketishni boshlagan bir paytda, jamoa sardori - Mauro Ikardida muammolar paydo bo‘ldi. U o‘z turmush o‘rtog‘ini agentiga aylantirgach, ichki muhit buzilib ketdi. Vanda Nara jamoa haqidagi turli gap-so‘zlarni teleekran orqali butun Italiyaga oshkor qilishni boshlab yubordi. Hatto, turmush o‘rtog‘ining yangi shartnomasi borasida mish-mishlarni ham turli tok-shoularda e’lon qilishdan uyalmadi.

«Inter» Ikardidan alamli bo‘lsa-da qutuldi. Aynan shu pallada «Yuventus»dagi eng muhim figura - Juzeppe Moratta iste’foga chiqarildi. Turin klubi bosh direktori Ronalduning transferiga oxirigacha qarshi chiqdi. Yakunda, portugaliyalik Italiyaga ko‘chib o‘tdi. Moratta esa, ishsiz qoldi. Ko‘p o‘tmay, pul bilan muammosi yo‘q «Inter»dan unga taklif kelib tushdi. Ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, «Yuve»ga alamli zarba berish mumkinligini payqagan Moratta darrov «Inter»ga ravona bo‘ldi.

Qahramonimiz Milanga ko‘chib o‘tgach, jamoa muxlislari yurak xurujini boshidan o‘tkazdi. Etakchilardan sanalgan Perishich va Ikardi klubdan «haydab yuborildi». Juzeppe hech bir futbolchining mavqeyi klubda murabbiyinikidan baland bo‘lmasligi uchun oxirgacha kurashdi. U hatto, bu printsip yo‘lida murabbiylarni ishdan olishgacha bordi.

E’tiborlisi shundaki, Moratta birgina iste’folar bilan cheklanmadi. U zaxira o‘rindig‘idagi janjalkash futbolchilar o‘rnini yosh va futbolga chanqoq yoshlar bilan to‘ldirib bordi. Qisqa qilib aytganda, klub manfaatlarini o‘zinikidan baland qo‘yadigan futbolchi jamoada qolmadi. Bu orada «Real» Madridning jismoniy tayyorgarligiga javob beruvchi mutaxassisni klubga olib keldi. Shuningdek, «Inter» faxriysi - Gabriel Oriali bilan shartnoma imzolandi. Hammasini o‘z o‘rniga qo‘ygach, hal qiluvchi zarbani berdi! Barcha qusurlardan qutilgach, yangi jamoa tuzish uchun Antonio Konte Milanga uchib keldi.

Tan olish lozim, Konte kelishi bilan barchasi ishga tushib ketgani yo‘q. Konte ilk kunlardanoq, «Yuventus» bilan o‘rtada farq kattaligi haqida fikr bildirishdan to‘xtamadi. Shu bois, Moratta u istagan darajadagi forvard - Romelu Lukakuni sotib oldi. Shunga qaramay, natijalar qoniqarli bo‘lgani yo‘q. Qishda esa, Konte istagan Arturo Vidal o‘rniga Kristian Eriksen xarid qilindi. Afsuski, mutaxassis jamoaga bosh emas, motor bo‘ladigan ijrochi qidirayotgan edi.

«Inter» chempionatda ikkinchi pog‘onani egalladi va Evropa Ligasida yaxshi ishtirok etdi. Bu uzoq yillik omadsizlikdan charchagan muxlislar uchun umid bag‘ishlagani rost. Shunga qaramay, bu mavsumdan Konte umuman qoniqmadi. Antonio jamoa bilan xayrlashmoqchi ekanligini har bir matbuot anjumanida takrorladi. Ba’zi uchrashuvlarga hatto o‘z advokati bilan tashrif buyurdi. U istalgan paytda jamoa bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinishi mumkinligiga shama qilgan bo‘lsa, ajab emas.

Konte «Chelsi» va «Yuventus»dagi ilk mavsumidayoq chempionlikni qo‘lga kiritgan. Vaholanki, o‘sha jamoalarda chempionlik ta’mini totib ko‘rgan yigitlar mavjud edi. Del Pero, Pirlo, Buffon... «Chelsi» esa, Konte kelishidan bir yil avval chempionlik taxtiga ko‘tarilgan edi. «Inter» esa ulardan keskin farq qiladi. Jamoa a’zolarining 65 foizi faoliyati davomida birorta kuchli chempionat oltin medallariga ega emas edi.

Evropa Ligasi finali so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Mutaxassis o‘z jamoasi «Sevilya»dan kuchli ekanligini isbotladi, lekin natija ispanlar foydasiga ishladi. Oradan bir yilga yaqin vaqt o‘tdi. Milanliklar chempionat yakunlanishiga 4 tur olganida 82 ochko bilan oltin medallarga ega chiqdi. Transferlar ko‘p bo‘lmaganiga qaramay, tarkib deyarli 100 foiz o‘zgardi. Bastoni asosiy tarkibga suqilib kirdi. Perishich va Darmian o‘rtasida raqobat paydo bo‘ldi. Hakimi esa o‘ng qanotda yakka hukmron. Agar 2 yil avvalgi «Inter»ning himoyasini yodga olsak, progress darrov ko‘zga tashlanadi.

Avvalgi «Inter»dan birgina Samir Xandanovich qoldi xolos. Qolgan barcha Kontening yangi o‘yin uslubida o‘zini ko‘rsatdi. Bugungi kunda Konte targ‘ib etayotgan o‘yin falsafasi «ko‘k-qora»larga juda mos. Ular o‘z fishkasi bilan qolganlardan ajralib turadi. To‘g‘ri, mutaxassis jamoani super darajaga ko‘targani yo‘q, lekin boshqalar uddalay olmagan bir ishni amalga oshirdi. U «Inter»ni stabil g‘alaba qozonishga o‘rgatdi. Ayrim uchrashuvlarni juda yomon o‘tkazib ham yakunda 3 ochko ishlab olish mumkinligini isbotladi.

nfrsh

Hozirgi natija Konte uchun boshlanishi xolos. Futbolchilar uchun esa, umuman aksi. Samir Xandanovich, Ranokkio, D'ambrozio o‘z faoliyatidagi ilk oltin medalga ega chiqdi. Ko‘p o‘tmay, ular Konte qurishi mumkin bo‘lgan yangi jamoaning ustunlariga aylanadi. Shunga qaramay, Antonio Konte yana mashg‘ulotlarda advokati bilan telefonda suhbatlashishni boshladi. Uning mavsum so‘ngida ketishi mumkinligi haqida mish-mishlar yurganidan xabardorsiz. Bu italiyalik koach uchun odatiy xol. Shunga qaramay, bir narsa aniq: «Inter» - Italiya chempioni! Bu tarixda qoldi. Qolganini omon bo‘lsak, ko‘raveramiz!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Abdushukurov O
04/05/2021 17:24
Ha... Omon qolsangiz ko'raverasiz...☺