"Chelsi" shu paytgacha asosiy bo‘lgan darvozabonini sotuvga qo‘ydi
«Chelsi» klubi asosiy darvozabonlaridan biri Robert Sanchesni sotishga tayyor. Bu haqida jurnalist Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manba ma'lumotiga ko‘ra, «Chelsi» yaqinda Emiliano Martinesni xarid qilganidan so‘ng, 28 yoshli ispaniyalik darvozabonni transfer ro‘yxatiga qo‘ygan. London klubi Sanches uchun 24,5–28 million yevro atrofidagi takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor ekani aytilmoqda. Hozircha futbolchi uchun asosiy da'vogarlar sifatida «Tottenxem» va «Komo» tilga olinmoqda.
Joriy mavsumda Robert Sanches Premyer-ligada faqat bitta o‘yinda maydonga tushib, ikki gol o‘tkazib yuborgan. «Brayton»ga qarshi 4:3 hisobida yakunlangan so‘nggi uchrashuvda esa u umuman o‘yin ro‘yxatiga kiritilmadi.
Shu bilan birga, Sanchesning «Chelsi» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan. Shu bois, ehtimoliy xaridorlar uni qo‘lga kiritish uchun jiddiy moliyaviy taklif bilan chiqishiga to‘g‘ri keladi.

Fikrlar