Chempion murabbiy bilan yurtimizdagi eng kuchli futbolchi va murabbiylar kimligi, Tojikiston gegemonini Superligamizda qanday tasavvur qilishi va yana boshqa qiziqarli mavzularda suhbat

  • 16 oktabr, 2020, 22:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Tojikistonning birinchi raqamli klubi – “Istiqlol” kutilganidek ushbu mavsumda ham mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi va qatorasiga ettinchi yil oltin medallarni o‘zida saqlab kelmoqda.

Joriy chempionatda esa “Istiqlol”ni tajribali Vitaliy Levchenko boshqardi. U Tojikiston va Ukraina fuqarosiga ega bo‘lib, futbolchilik faoliyati davomida Ukraina, Rossiya va Xitoy jamoalarida to‘p surgan. Murabbiylik faoliyatida esa Ukraina, Rossiya hamda Tojikistonda ishladi.

Masalan, Ukraina yoshlar terma jamoasi, Tojikistonning milliy hamda yoshlar termalarida ham mehnat qilgan. 2017 va 2019 yillar mobaynida esa, “Krilya Sovetov”da murabbiy bo‘lib ishladi.

Bir so‘z bilan aytganda, 48 yoshli Levchenko o‘ziga yarasha tajribaga ega. Bu yil  “Istiqlol” bilan ichki chempionatdagi vazifani uddaladi. Sports.uz muxbiri ushbu mutaxassis bilan anchadan beri suhbatlashishni rejalashtirib yurgandi. Kuni kecha maqsadimiz amalga oshib, Levchenko saytimiz uchun suhbatlashishga rozi bo‘ldi.

-  Vitaliy Grigorevich, siz Tojikistonning birinchi raqamli klubi hisoblanadigan “Istiqlol” bosh murabbiyisiz. Bu jamoada ishlash qanchalik qiziqarli?

-  O‘z oldiga doim yuqori maqsadlarni qo‘yadigan klubda ishlash juda qiziqarli. Tojikistonda esa mana shunday jamoa “Istiqlol” sanaladi.

-  Siz haqsiz, biroq “Istiqlol” ketma-ket etti yil mobaynida tuzukroq qarshiliksiz Tojikiston chempioniga aylanib kelmoqda. Mana shunday klubda ishlash bir tomondan olib qaraganda, zerikarli emasmi?

-  “Istiqlol”da ichki maydondagi vazifalardan tashqari, OFKda yaxshiroq natija qayd etish kabi yuqori maqsadlar ham bor. Afsuski, pandemiya tufayli bu yo‘ldagi barcha rejalarimiz buzilib ketdi. Tojikiston birinchiligidagi zerikarli holat borasida shuni aytishim kerakki, “Istiqlol”ga munosib raqobat ko‘rsata oladigan klublar yaqin yillarda albatta bo‘y ko‘rsatadi.

-  Tasavvur qiling: agar “Istiqlol” O‘zbekiston Superligasida ishtirok etadigan bo‘lsa, qanday maqsadlar uchun kurasha olgan bo‘lardi?

-  Juda qiziq savol. “Istiqlol”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtirokini ko‘rgan bo‘lsangiz, klub sizning birinchiligingizda qanday o‘rinlar uchun kurasha olishini o‘zingiz xayolan tasavvur qilavering. Mening sub’ektiv fikrimcha, jamoamiz Superligangizda bemalol sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borgan bo‘lardi.

levchenko5 

-  Klub bilan tuzilgan shartnomangiz qancha muddatni tashkil qiladi? Qolaversa, “Istiqlol”ning moliyaviy holati ancha yaxshi ekanligidan xabardormiz.

-  Jamoa bilan o‘tgan yilning dekabr oyida shartnoma tuzgandim. Gapingiz rost, chindan ham “Istiqlol”ning moliyaviy imkoniyati boshqa klublarga nisbatan ancha yuqori. Darvoqe, mening jamoa bilan tuzgan shartnomam yaqinlashayotgan dekabrda o‘z poyoniga etadi.

-  “Istiqlol”da xizmat uchun qancha haq to‘ladashiyu, boshqalarda qancha?

-  Bu savolingizni javobsiz qoldirishimga to‘g‘ri keladi. O‘ylaymanki, mendan ranjimaysiz. 

-   “Istiqlol” bilan tuzilgan kelishuvni uzaytirmoqchimisiz yoki sizda boshqa variant ham bormi?

-  Hozir bu masalada aniq bir narsa deyishim amrimahol. Chunki shartnomani uzaytirish borasidagi muzokaralar hali boshlang‘ich nuqtada.

levchenko4

-  Agar xizmatingizga O‘zbekistondagi klublaridan taklif bildirilsa, ish joyingizni o‘zgartirgan bo‘larmidingiz?

-  Bunday savolga takliflar yuborilgan paytdagina ularni atroflicha o‘rganib, javob qaytargan bo‘lardim. Hozir bu masalada biror narsa deyishim qiyin. Shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, o‘zbek jamoalaridan xizmatimga qiziqish bildiriladigan bo‘lsa, albatta o‘ylab ko‘raman.

-  Unday bo‘lsa ayting-chi, boshqaruvingizdagi klubda o‘zbekistonlik qaysi futbolchilarni ko‘rishni istagan bo‘lardingiz?

-  Ism-shariflarini birma-bir sanab chiqishni istamayman. Ammo, shunisi aniqki, o‘sha futbolchilar “Istiqlol” o‘yinchilaridan mahorat bobida ustun bo‘lishlari lozim. Menga shunday ijrochilar asqotgan bo‘lardi.

-  Umuman, o‘zbek futbolini Markaziy Osiyodagi eng kuchlisi, deb hisoblash mumkinmi?

-  O‘zbek futboli Markaziy Osiyoning etakchilaridan biridir. Bu aniq.

-  O‘zi futbolimiz haqidagi fikrlaringiz qanday?

-  Milliy chempionatingizning saviyasi ancha yuqori. Qo‘shimchasiga terma jamoangiz hamma vaqt yaxshi o‘yin namoyish etib keladi. Bejizga yurtingizdagi ko‘plab futbolchilar chet mamlakatlarda to‘p surmayapti. Bu ham muvaffaqiyatning omillaridan biridir.

levchenko6

-  Markaziy Osiyoda tojik futboli sizningcha qaysi o‘rinda bormoqda?

-  Tojik futboli rivojlanib boryapti. Shu o‘sish bo‘lsa, tojik futboli o‘z mintaqasida etakchilardan biriga bemalol aylana oladi. Men shu erda ishlayotganim bois tojik futbolining shunga intilayotganiga o‘zim guvoh bo‘lib turibman.

-  Tojik futbolining Osiyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi va etakchilar qatorida turishi uchun qancha yil kerak bo‘ladi?

-  Qancha vaqt kerak bo‘lishini bilmayman. Birinchi navbatda infratuzilma shunga mos bo‘lishi darkor: terma jamoa o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi uchun zamonaviy maydonlar, baza... Shu bilan birga maydonlar maysasining tabiiyligi ham bu masalada muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bolalar-o‘smirlar futbol maktablarini rivojlantirish bu yo‘ldagi eng muhim jihatlardan biridir.

-  Tojik futbolining asosiy muammosi nimada?

-  Asosiy muammo - klublarning infratuzilmasi va moliyaviy imkoniyatida.

-  Darvoqe, Tojikiston terma jamoasiga ustozlik qilayotgan Usmon Toshevning ishi sizga yoqyaptimi? U jamoa bilan biror-bir muvaffaqiyatga erisha olishi mumkinmi?

-  O‘z hamkasbimning ishi qanday davom etayotgani borasida gapirmayman. Ustiga-ustak bashorat qilishni xushlamayman.

levchenko7

-  O‘zbek futbolida sizning tanishlaringiz yoki do‘stlaringiz bormi?

-  Ha, bor. Lekin har birini nomma-nom sanab chiqish qiyin. Birgina Denis Ivankovni misol tariqasida aytishim mumkin.

-  Oxirgi marta bizning yurtimizga qachon tashrif buyurgansiz?

-  O‘tgan 2019 yili O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida tomosha qilganman.

-  Nima deb o‘ylaysiz, o‘zbek futbolidagi eng kuchli o‘yinchi kim?

-  Eng kuchli o‘yinchingiz yaqinda Italiyaning “Jenoa” (Shomurodov – muallif) klubi  bilan shartnoma imzoladi.

-  O‘zbekistonlik yana qaysi futbolchilarni yaxshiroq bilasiz?

-  Men Oston O‘runov hamda Odil Ahmedovni ham ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim.

-  Faoliyatingiz davomida shuningdek, “Krilya Sovetov” klubida ham ishlagansiz. Bu murabbiylik faoliyatingizni o‘zgartirib yuborgan palla bo‘lganmi?

-  Bo‘lmasam-chi! “Krilya Sovetov”da ishlash asnosida murabbiylik tajribam va bilimimni ancha oshirib olganman.

levchenko2

-  Tojik futbolida ham o‘z sohasining etuk mutaxassislari ishlayapti: Fuzaylov, Rahimov, Levchenko, Muhammadiev. Yana kimni bu ro‘yxatga qo‘shgan bo‘lardingiz?

-  Yuqorida nomlari zikr etilgan hamkasblarim orasiga Igor Cherevchenko bilan Vladimir Ejurovni ham qo‘shib qo‘ygan bo‘lardim.

-  O‘zbekistonlik murabbiylarni ham bilasizmi? Sizningcha, ularning orasida eng kuchligi kim?

-  Bahraynda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida bizga raqiblik qilgan Abduraimovni aytishim mumkin. Shuningdek, ayni paytda “Navbahor”da mehnat qilayotgan No‘’mon Hasanovni etuk mutaxassis, deb hisoblayman. Va albatta, Mirjalol Qosimovni ham aytib o‘tishim darkor.

-  O‘zbekiston terma jamoasiga ustozlik qilayotgan Vadim Abramovni ham yaqindan bilasizmi? Agar bilsangiz u haqda qanday fikr aytgan bo‘lardingiz?

-  Abramov bilan shaxsan tanish emasman. Lekin uning yordamchisi Marat Miftaxutdinovni yaxshi bilaman. Murabbiyning qanday ekanligini natijalar belgilaydi. Agar natijalar yaxshi bo‘lsa, demak murabbiy o‘z ishining ustasi sanaladi.

levchenko3

-  Murabbiy sifatida nimalarni orzu qilasiz?

-  O‘z ishimning haqiqiy professionali bo‘lishni orzu qilaman. Shuning barobarida o‘z oldimga qo‘yilgan vazifalarni bekama-ko‘st bajarishni istayman. Murabbiy har doim izlanishda bo‘lmog‘i kerak. Agar u o‘qishni to‘xtatar ekan, bir joyda qotib qoladi.

-  Muxlislarga nimalar degan bo‘lardingiz?

-  Ularga aytar gapim shuki, har doim sevimli klubingizni qo‘llab-quvvatlashda davom eting. Futbol shunday o‘yinki, unda yoqtirgan klubingiz har doim ham siz kutgan natijalarni qayd etavermaydi. Lekin siz mana shunday chog‘larda ham sevgan jamoangizni yaxshi ko‘rishda davom etmog‘ingiz kerak. Boisi, orzudagi klubga bo‘lgan ishonch har doim o‘zgarmasligi maqsadga muvofiqdir.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Javlon Abdullaev
16/10/2020 23:07
sizlardan iltimos qilar edik bunchalik ózbek futbolini yirga urmalaring, uzilarni yirga ursanglar ham, bu kim nega bundan interview olasizlar mavzu yoqmi boshqa, bu qayoqdagi musirlarku
Umarjon G'oyifov
17/10/2020 02:15
Бу мураббий хам яқин еунларда Ўзбекистонда ишлаб қолиши мумкин, шунинг учун интервю олган бўлиши мумкин. Хали кўрамизда.