"Сити", "Арсенал", "Челси"da porlagan yulduz qamalib ketishi mumkin
Mashhur hujumchi Rahim Sterlingga nisbatan Angliyada jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Unga mast holda avtomashina boshqargani uchun ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qoʻllanilishi mumkin.
Buyuk Britaniya ommaviy axborot vositalari, jumladan The Sun nashri yozishicha, Sterlingga xavfli haydash, noqonun moddalar saqlash va ushlanganidan soʻng tibbiy tahlil topshirishdan bosh tortish kabi bir nechta modda boʻyicha ayb qoʻyilgan.
Hodisa may oyi oxirida Angliyaning janubida sodir boʻlgan. Politsiya maʼlumotlariga koʻra, 31 yoshli futbolchi boshqaruvidagi Lamborghini avtomagistraldagi toʻsiqqa borib urilgan. U mast holda haydash va noqonuniy moddalar saqlashda gumonlanib, qoʻlga olingan. Keyinchalik Sterling tergov yakunlanguncha kafolat ostida qoʻyib yuborilgan.
Tergov natijalariga koʻra, endi futbolchi 15 sentabr kuni Beyzingstok magistratlar sudi oldida javob beradi.
Rahim Sterling hozirda erkin agent maqomiga ega. Uning soʻnggi klubi Niderlandiyaning “Feyenord” jamoasi boʻlgan. U oʻz vaqtida “Liverpul” tarbiyalanuvchisi sifatida katta futbolga kirib kelgan, keyinchalik “Chelsi”, “Manchester Siti” va “Arsenal” tarkibida ham maydonga tushgan.
“Manchester Siti” safida Sterling toʻrt marta Angliya premier-ligasi chempioni boʻlgan. Angliya milliy jamoasi uchun esa 82 oʻyin oʻtkazib, 20 ta gol urgan. U vatan jamoasi bilan birga Yevropa chempionati – 2020 musobaqasida finalgacha yetib borgan.

Fikrlar