
Davron Fayziev: Aynan shu familiyalar top-oltilikdagi ikki jamoa o‘rtasidagi e’tiborli bahsni printsipial super qarama-qarshilikka aylantirmoqda
Bugun Angliya chempionati 25-turidan o‘rin olgan "Totenxem" – "Manchester Siti" uchrashuvi o‘tkaziladi. Ushbu bellashuv oldidan taniqli sharhlovchi Davron Fayziev telegramdagi o‘zining sahifasida quyidagilarni yozib qoldirdi.
- "Totenxem" – "Manchester Siti". Markaziy o‘yin. Bu afisha ortida ikki familiya turganini hamma tushunib turibti. Aynan shu familiyalar top-oltilikdagi ikki jamoa o‘rtasidagi e’tiborli bahsni printsipial super qarama-qarshilikka aylantirmoqda. Mourino – Gvardiola. Ularning “munosabatlari” boshlanishi 2009 yilga taqaladi. O‘shanda Chempionlar ligasi guruhida Pepning g‘alabalar mashinasiga aylangan "Barselona"si birinchi bor Jozening yo‘lto‘sarlari armiyasiga duch kelgan va yutolmagan, "Inter" – "Barselona" 0:0. Uyog‘i shouga aylanib ketgan.
Jahon futbolida gegemonlik o‘rnatib bo‘lgan Pep uchun Mour tuflisiga kirib qolgan toshdek erkin yurish imkonini bermasdi. "Inter" o‘sha yili sensatsion ravishda Barsani mag‘lub etib Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan. "Portu"da bu ishini qilganda ko‘pchilik tasodif deb bilgan bo‘lsa, Internatsionale voqeasidan so‘ng Mourino o‘sha paytning eng zo‘r 3 murabbiyidan biri darajasiga etdi. Yana biri Gvardiola edi. Uyog‘iga "Real Madrid" va "Barselona"dagi duellar, janjallar, ishkallar.
Taxta bozordagi karnay-surnaylar sababchilari ham aslida shu murabbiylar bo‘ladi. Qaysidir ma’noda aynan mana shu juftlik o‘rtasidagi keskinlik sabab Manchester shahrining ikki jamoasi ularni bir vaqtda ishlatib ko‘rgan bo‘lishi ham mumkin. APL piar mashinasining katta yutug‘i edi bu ham. Biroq Mourning o‘zi uchunam, MYu uchunam bu pasayishga davriga to‘g‘ri kelgani uchun birinchi urinishda o‘xshamadi. Bugun ikkinchi urinish bo‘ladi. Angliyada. Mourino – Gvardiola to‘qnashuvi, - dedi Davron Fayziev.
Ma’lumot o‘rnida, "Totenxem" – "Manchester Siti" o‘yini 21:30da boshlanadi.
Fikrlar