Davron Fayziev: "Murabbiy maydonga chiqib gol urib berishi qolyapti xolos, unda futbolchilarni to‘p surishiga ham hojat qolmaydi"

  • 12 avgust, 2022, 00:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” klubi Davron Fayziev bosh murabbiyligi ostida ikkinchi o‘yinini o‘tkazdi. O‘tgan turda vodiy derbisida “Neftchi” bilan jangovar 3:3 hisobi kuzatilgandi. Bu safar mehmonda “Olimpik” bilan 1:1 hisobida durang qayd etildi. O‘yindan so‘ng qo‘qonliklar ustozi Davron Fayziev fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- O‘yindan oldin “Paxtakor-79” xotirasini xotirlab yaxshi kayfiyatda uchrashuvni boshladik. O‘yinga bahoni muxlislar berishadi. Yaxshi tayyorgarlik olib bordik. “Olimpik”ni bir nechta bellashuvlarni ko‘rib chiqib, tahlil qildik. Maydonda ikkinchi raqam bo‘lib o‘ynashni niyat qilmagandik. Faqat hisobga qarab harakatimizni ozroq o‘zgartirdik. Kerakli joyda uchta hujumchi, qachonki, “Olimpik” katta kuch bilan hujumga o‘tganida beshta himoyachi bilan ham o‘ynashga o‘tdik. Yigitlarga hech qachon e’tirozim yo‘q. Berilgan ko‘rsatmalarni bajarishdi. Faqat imkoniyatdan to‘liq foydalanishimiz qiyin bo‘lyapti. Lekin o‘yinchilarimizda birinchi davradagi kabi goldan keyin tushkunlik alomatlari yo‘q. Shunisi quvonarli. Oxirigacha kurashda davom etishyapti. Umumiy ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, bizda vaziyatlar ko‘proq bo‘ldi. Futbolda kimdir xato qiladi, bu xatodan kimdir foydalanadi. Jamoamizga birgina g‘alaba etishmay turibdi. Futbolchilar mashg‘ulotlarda yaxshi ishlashyapti.

davron

- Jamoa ikkinchi bo‘limda ko‘proq himoyaga “yotdi”. Qarshi hujumda ko‘plab imkoniyatlar bo‘ldi. Birinchi bo‘limda ham yakkama-yakka vaziyatlardan foydalana olmayapti. Jamoaga nima etishmayapti?

- Bizga rahbariyat yoki boshqa joydan hech qanday bosim bo‘layotgani yo‘q. Faqat turnir jadvalidan kelib chiqqan holda balki bosh murabbiy sifatida men bosim qilayotgan bo‘lishim mumkin. Yoki ozroq hayajon bordir. Ammo hamma futbolchimizda tajriba bor. Murabbiy ko‘rsatmani beradi va talab qiladi. Maydonda o‘yinchi bajaradi. Bitta gol emas, kamida to‘rtta gol urishimiz mumkin edi. Bugungi o‘yinda oxirgi pas va yakunlovchi zarba etishmadi. Endi murabbiy chiqib gol urib berishi qolyapti, xolos. Agar “Qo‘qon-1912” yoki “Olimpik” murabbiyi maydonga chiqib gol ursa, unda futbolchilarni to‘p surishiga ham xojat qolmaydi (kuladi). Hamma joyda xato bor. Ish bor joyda xato bo‘ladi. Tanqidni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak va xatolarni qaytarmaslik kerak. “Olimpik” katta kuch bilan oldinga tashlanishini bilardik. Qaerdadir 10-15 daqiqa qarshi hujumda, yana kerakli joyda pressingda o‘ynadik. Bu o‘yin davomida ko‘rinib turdi. Qaerdadir tavakkalchilikka ham qo‘l urishga to‘g‘ri keldi. Yana qaerdadir o‘yin boshidagi ko‘rsatmalarga ham qaytishga to‘g‘ri keldi. Bugun ikkala jamoaga ham bir ochkodan nasib qilgan ekan. Ammo chiroyli futbol bo‘ldi.

davron1

- Birinchi davrada klubda yaxshigina moliyaviy muammolar bor edi. Hozir buning ma’lum qismi bartaraf etildimi? Holat qanday?

- Birinchi davrada bor edi. Ikkinchi davra boshlandi. Moliyaviy tomonlama katta qarzdorlik yo‘q, qisman bor. Birinchi davra bilan solishtirganda 70-80 foizga qoplandi. Barcha klubda ham bunday muammolar uchrab turadi. Sabr qilish kerak. Futbol kasbini tanlaganmiz, sabrli bo‘lishimiz lozim. Klub imkoniyatini ham to‘g‘ri tushunish kerak. Shuning uchun hech qaysi futbolchini chiqib bizda shunaqa muammo bor deb aytishga haqqi yo‘q. Bu o‘zimizning ichki muammoimiz bo‘lgan va bu yopildi, asta-sekin iziga tushyapti. Bitta yutuqqa erishsak, o‘ylaymanki, o‘yinchilarimizning o‘zlariga ishonchi yanada ortadi. Hozirgi o‘rnimizdan kelib chiqsak, qoniqarsiz holatdamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!