Davron Fayziev Superliga klubida!

  • 16 yanvar, 2024, 12:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

14 yanvar kuni 48 yoshni qarshilagan jizzaxlik murabbiy Davron Fayziev haqida gap ketganda ko‘pchilik uni asosan qiyin vaziyatga tushib qolgan klublarni boshqarishi va ular uchun qutqaruvchi rolidagi mutaxassis sifatida ko‘z oldiga keltiradi.

Tecno

Uning oxirgi jamoasi pro ligada “Qo‘qon-1912” bo‘ldi. Avvaliga u erda yordamchi murabbiy bo‘lib ishladi, keyinchalik bosh murabbiy lavozimiga o‘tdi. O‘tgan yilning yarmida esa oilaviy sabablarga ko‘ra klub bilan xayrlashgandi. Shundan beri Davron Orifovich futboldan biroz chetda edi.

davron fayziev2

2024 yildan u yana qaynoq ish faoliyatiga qaytdi, desak mubolag‘a qilmaymiz. Gap shundaki, Davron Fayzievga OKMK klubidan taklif kelib tushgan. Natijada jizzaxlik murabbiy bunga ijobiy javob qaytargan va Mirjalol Qosimov boshchiligidagi murabbiylar shtabiga qo‘shilgan. Mehnatkash mutaxassis uchun bu yaxshi tanlov va ayniqsa, OKMK uchun ham.

Davron Fayzievning murabbiylik faoliyati hozirga qadar 4 ta klub bilan bog‘liq edi. Bular – “So‘g‘diyona”, “Dinamo”, “Buxoro” va “Qo‘qon-1912” edi. Murabbiylik faoliyatini 2012 yildan boshlagan mutaxassis turli yillar davomida bosh murabbiy va yordamchi murabbiy lavozimlarida xizmat ko‘rsatdi. Aytish lozimki, mutaxassis bu vaqt davomida o‘zidan yomon taassurot qoldirmagan. Qaytanga, o‘z mehnati va ishi bilan qiyin holatdagi jamoalarni “ushlab” turgan.

davron fayziev

Fayzievning mahorati albatta Mirjalol Qosimov va uning jamoasiga qo‘l keladi. Aslida ham Olmaliq klubining Davron Orifovich nomzodini ma’qullagani bejiz emas. Hozirgi transfer siyosatida tarkibni yoshartirishga e’tibor qaratilayotgan paytda Davron Fayzievning bilimi va maslahatlari asqotishi tayin. Chunki u ham yoshlar bilan qanday ishlashni yaxshi o‘zlashtirgan.

Qo‘qondan ketgach, ko‘pchilikda uni endi qaysi klubda ish boshlashi ham qiziqtirgandi. Balki bu narsa mutaxassisning o‘ziga ham qiziq bo‘lib ko‘ringan bo‘lishi mumkin. Endilikda u anchagina yaxshi sharoit va imkoniyatlarga ega bo‘lgan, oldiga jiddiy vazifa qo‘yadigan klubda faoliyat olib boradi. U bunga munosib edi...

Shuhratbek Jo‘raev.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Искандар Нарзикулов
16/01/2024 17:25
Даврон омад
&
Football's
16/01/2024 16:32
Yaxshi