
Davron Fayziev Usman-Masvidal jangida kimning imkoniyatlarini yuqori baholamoqda?
MMA muxlislari yana bir necha kundan so‘ng bo‘lib o‘tuvchi “UFC 261” turnirini kutayotgan bo‘lsa ajab emas. Sababi, bu jang kechasida ta’bir joiz bo‘lsa, super to‘qnashuvlar bo‘ladi, deya olamiz. Jumladan, yarim o‘rta vazn toifasi chempioni Kamaru Usman ushbu divizionning tom ma’nodagi yulduzi Xorxe Masvidal bilan ikkinchi bor to‘qnash kelsa, qirg‘izistonlik Valentina Shevchenko Jessika Andrade bilan, “somoncha” divizion vakili Veyli Jang ushbu vazndagi yuqori texnika egasi Rouz Namayunasga qarshi oktagonga ko‘tariladi.
Qolaversa, kechadan yana bir qator qiziqarli o‘tishi kutilayotgan to‘qnashuvlar o‘rin olgan. Ular orasida baribir Usman-Masvidal qarama-qarshiligiga bo‘lgan qiziqish yuqori. Ularning dastlabki jangida nigeriyalik Usman ochkolar hisobida g‘alaba qozongandi. Xullas, bizni ajoyib jang kutib turibdi.
Biz esa an’anaga muvofiq, taniqli sharhlovchi Davron Fayzievning ushbu jangga oid fikr va mulohazalari bilan qiziqdik.
- Usman-Masvidal - 2! Ularning birinchi jangida Usman ochkolar bo‘yicha haqli ravishda g‘olib chiqqan. Lekin bitta omil borki, Masvidal bu jangda qatnashishini bir necha kun oldin bilgan. Tug‘ma atletlar bo‘ladiyu, Habib Nurmagomedov, Israel Adesanya kabi jang o‘tkazmasa ham doim “forma”da yuradigan, doimo mashg‘ulotlar o‘tkazadigan, Masvidal unday jangchilar sarasiga kirmaydi. U Mayamida hordiq chiqarib, jismoniy holatini bir maromda ushlamay turgan paytda jang o‘tkazishini bildi va bir hafta mobaynida mashg‘ulot o‘tkazish emas, vazn tashlash bilan shug‘ullandi. Keskin vazn tashlash, bilamizki, kuch yo‘qolishga olib keladi. Plyus Mayamidan Abu-Dabiga uchib borishga to‘g‘ri kelgan.
Vazn tashlashdan tashqari, rasmiy jarayonlarda ishtirok etgan, intervyu, media tadbirlar ham baribir chalg‘itadi. Aytmoqchimanki, Xorxe Masvidal Kamaru Usmanga qarshi o‘z imkoniyatining balki 70 foizida jang qilgandir. Shuning uchun ikkinchi jangda Masvidal keskinroq qarshilik ko‘rsatadi. Deylik, oxirgi to‘rtinchi-beshinchi raundlarda birinchi jangdagi bo‘lgani singari charchab, harsillab qolmaydi. Shuning uchun, bu galgi bahs Usmanning dominantligi ostida kechmasa kerak. Lekin baribir kichik favorit Usman!
Chunki bir yildan beri Masvidalni oktagonda ko‘rmayapmiz. Usman esa orada jiddiy raqibga qarshi jang o‘tkazdi. Gilbert Byornsni mag‘lubiyatga uchratdi. Ya’ni, Usman bizning ko‘z o‘ngimizda bo‘ldi. Ikkita to‘liq mashg‘ulot lagerlarini o‘tkazdi. U “forma”da bilamiz. Masvidal esa qanday jismoniy holatga ega ekanligini bilmaymiz. Ijtimoiy tarmoqlarda muntazam mashg‘ulotlarini qo‘ymaydi. Odatda, har-xil tadbirlardagi ishtiroklarini joylaydi. Shuning uchun ham baribir kichik favorit Usman, deb o‘ylayman. Lekin shu bilan birga birinchi jangga nisbatan solishtirganda Masvidalning g‘alaba qozonish imkoniyatini ham yuqori baholayman.
Fikrlar