
Daydi to‘tining qaytishi yoxud Luis Suares yana mojaro markazida
"Inter Mayami" Liga kubogi finalida kutilmagan tarzda "Sietl Saunders"ga yirik 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Uchrashuv yakunlangach, Messi va uning jamoadoshlari raqib futbolchilari bilan tortishib ketdi. Mojaro kattalashib, ikki klub a’zolari ham bir-biriga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Murabbiylar va menejerlar maydonga tushib, futbolchilarni ajratishga harakat qilishdi.
Shu to‘polon davomida futbol jamoatchiligining e’tiborini tortgan bir holat yuz berdi. Ayyorligi va qitmirligi bilan mashhur Luis Suaresning "Sietl Saunders" xavfsizlik xodimi Gene Ramiresga tupurayotgani aks etgan video keng tarqaldi va hozirda muhokamalar markazida turibdi. Bu vaziyatda jabrlanuvchi shunday izoh berdi:
"U meni tishlaydi deb o‘ylagandim".
"Inter Mayami" ham, Suaresning o‘zi ham voqea yuzasidan intervyu bermadi. Biroq AQShning bir qancha OAVlari urugvaylik hujumchi jazolanishi mumkinligini xabar qilmoqda.
Suares faoliyati davomida bir necha bor mojarolarga aralashgan. Eng mashhuri — 2014 yilgi jahon chempionatida italiyalik himoyachi Jorjio Kellinining elkasidan tishlagani va buning uchun to‘rt oyga futboldan chetlashtirilgani edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Suares tupurgani uchun yarim yildan bir yilgacha diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.
Fikrlar