Debyut: O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sobiq WBC chempionining professional boksdagi faoliyati...

  • 10 aprel, 2020, 11:04
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 1
  • Boks
CHERY AUTO

  Oleg Maskaevni yurtimiz boks ixlosmandlari yaxshi bilishadi. Chunki u o‘z vaqtida mamlakatimiz sha’nini havaskor boksda munosib himoya qilgan edi... Keyinchalik faoliyatini professional yo‘nalishga bag‘ishlagan ushbu charmqo‘lqop ustasi ulkan natijalar qayd eta olishga erishgandi.U asli Qozog‘istonda tug‘ilgan bo‘lsada, O‘zbekistonda xarbiy xizmatni o‘tash asnosida, yurtimiz nomidan xalqaro arenalarda ringga ko‘tariladi. U havaskor boksda +91 kgda 1994 yil Osiyo o‘yinlari g‘olibi, 1995 yil Jahon Kubogi sovrindori bo‘lgan. Oleg aslida, 16 yoshgacha Qozog‘istonning Karaganda shahrida xokkey bilan shug‘ullangan. Keyinchalik, Rossiya fuqoroligini qabul qilgandi.Uning haqiqiy yulduzli onlari professional boksda ro‘y beradi. Oleg professional ringda og‘ir vazn toifasida 46 ta jang o‘tkazib, 39 ta g‘alaba (28 ta KO) va etti mag‘lubiyat qayd etgan.

 Professional faoliyati mobaynida Xasim Rahmon, Devid Tua, Semyuel Piter kabi super og‘ir vazn toifasi yulduzlari bilan murosasiz janglar olib borgandi. Ular orasida Xasim Rahmonni dahshatli tarzda mag‘lub etgani jahonda anchagina shov-shuv bo‘lgandi. Maskaev og‘ir vazn toifasida WBC yo‘nalishining (2006-2008 yillar) chempioni hisoblanadi. U so‘nggi jangida 2013 yil 4 noyabr kuni britaniyalik Denni Uilyamsni mag‘lubiyatga uchratgan edi. Bu voqea uning debyutidan 20 yil o‘tib sodir bo‘lgan.

 “Debyut” ruknimizning bu galgi  “qahramon”i  Oleg Maskaev 1993 yil 17 aprelda professional boksdagi ilk jangini o‘tkazadi. Mazkur jang Qozog‘istonning Taraz shahrida bo‘lib, raqib mezbonlar vakili, mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirayotgan havaskor boksda Olimpiada va jahon chempionati sovrindori, Aleksandr Miroshnichenkoni 6-raundda texnik nokautga uchratadi.

 Aleksandr esa faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni qabul qilib oladi va bu faoliyatini yakunlashiga sabab bo‘ladi. Miroshnichenko Maskaevga qadar 21 ta jang o‘tkazib barchasida g‘alaba qozongan va raqiblarini 15 bora nokautga uchrata olgandi. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi “qahramon”imizning debyut jangidagi raqibi ham juda kuchli bo‘lgan. Oleg esa, bu bosqichdan muvaffaqiyatli tarzda o‘tib, keyinchalik professional boksdagi o‘z tarixini yaratadi...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Alibek Narmamatov
10/04/2020 16:13
Shunday maqolalardan davom ettiringlar, rahmat!