Dilyaver Vaniev: Men bosh murabbiy emas, katta murabbiyman

  • 28 fevral, 2020, 06:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada Qashqadaryo viloyatidan bo‘lgan klublar soni ikkitaga etdi. Oldinlari ushbu viloyatdan elitada bira to‘la uchta jamoa – “Nasaf”, “Sho‘rtan” va “Mash’al” qatnashib kelardi. Oxirgi paytlarda esa futbolimizdagi turli islohotlar hamda ushbu viloyatda ham biroz pasayish bo‘lgani sababli birgina “Nasaf” viloyat nomidan chempionatda ishtirok etib kelayotgandi. Bu yil esa Muborakning “Mash’al” klubi ham Superligaga chiqdi va Qashqadaryoda yana futbol jonlanayotgandek.

Endi bevosita “Mash’al”dagi o‘zgarishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, xabaringiz bor, pro-ligada jamoaga Asror Aliqulov bosh murabbiylik qildi. Mavsum tugaganidan keyin ushbu mutaxassis do‘stona ravishda “Mash’al” bilan xayrlashdi va “Sho‘rtan”da ish boshladi. Natijada Superligada “Mash’al”ga kim bosh murabbiylik qilishi kun tartibiga chiqdi. Avvaliga Viktor Jalilov klubda ish boshlagani aytilgandi. Amom keyin voqealar rivoji o‘zgardi. Jamoani esa qishki yig‘in chog‘ida asosan Dilyaver Vaniev tayyorladi desak ham bo‘laveradi. U ko‘p yillardan beri “Mash’al” klubida turli lavozimlarda ishlab kemoqda. Futbolchi sifatida ham faoliyatining katta qismini muborakliklar tarkibida o‘tkazgan. Uni “Mash’al” klubining afsonasi desak ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Yaqinda esa jamoa aynan Vanievni bosh murabbiy sifatida e’lon qildi. Biroq uning o‘zi bu xabarni tasdiqlamadi. Ammo Vaniev jamoani har bir o‘yinga o‘zi tayyorlashi ma’lum bo‘ldi. O‘zi bilan bog‘lanib ayrim savollarga javob olish asnosida aslida kim bosh murabbiy ekanligini ham aytdi.

- Siz ko‘p yillardan beri “Mash’al”da faoliyat ko‘rsatib kelmoqdasiz. Aytish mumkinki, jamoaning yaxshi va yomon kunlarida ham birga bo‘lgansiz. Ayting-chi, uzoq yillardan beri sizni bu erda nima ushlab turibdi?

- Bu klubda futbol o‘ynashni boshlaganman va “Mash’al”da mening nomim chiqqan. Aytishim kerakki, “Mash’al” hayotimda katta ahamiyatga ega. U erda o‘zimning xayrlashuv uchrashuvimni o‘tkazganman. Aynan 2014 yili futbolchilik faoliyatimni tugatdim. O‘shanda “Nasaf” bilan uchrashuvda 20 daqiqacha maydonda o‘ynaganman va bu mening xayrlashuv o‘yinimga aylangandi. Shundan keyin ham klubda qolib boshqa lavozimlarda ishni davom ettirganman. Bir so‘z bilan aytganda, “Mash’al”dan juda minnatdorman. Chunki yuqorida aytib o‘tganimdek, ushbu jamoada men futbolchi sifatida etishib chiqqanman. Klubning yaxshi va yomon kunlarida ham birga bo‘lganman. Keyinchalik ham klubga sadoqat bilan ishlashda davom etaveraman. Umid qilamanki, biz birgalikda yana yaxshi kunlarni ko‘ramiz. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, men bu jamoada ancha yillardan beri ishlab kelyapman. Bu vaqt davomida eski va yangi rahbarlar bilan ham ishladim. Hamma vaqt men kim bilan ishlagan bo‘lsam doimo til topishib mehnat qilganmiz. Bemalol ayta olamanki, “Mash’al” o‘z mehnatlari evaziga nafaqat Qashqadaryoda, balki O‘zbekistonda o‘z obro‘siga ega bo‘lgan klubdir. Bu erdan ko‘plab futbolchilar etishib chiqqanligini ham barcha yaxshi biladi. Chunki “Mash’al” o‘z akademiyasidagi tarbiyalanuvchilariga ko‘proq e’tibor beradi. Oldinlari men ushbu jamoada sport direktori lavozimida ishlab keldim. Hozir esa katta murabbiy lavozimida faoliyat olib boryapman. Ayni paytda esa bor e’tiborimni asosiy tarkib o‘yinchilariga va ular bilan ishlashga qaratganman.

- Superliga nomi ostida o‘tayotgan chempionatda “Mash’al” ilk bor ishtirok etadi. Chunki bungacha muborakliklar faqat eski oliy liga deb nomlangan chempionatda qatnashgandi. Hozirda esa tarkibda asosan hali Superligada qatnashmagan yosh o‘yinchilar ko‘proq. Shuningdek, tarkibga ayrim legionerlar ham qo‘shilishgan. Nima deb o‘ylaysiz, “Mash’al” ushbu mavsumda syurpriz ko‘rsata olishga qodirmi? Umuman, klubdan nima kutish mumkin?

- Birinchi navbatda aytishim kerakki, biz debyutant jamoa emasmiz. Negaki, bilsangiz “Mash’al” salbiy natijalar tufayli quyi ligaga tushib ketmagandi. Shunchaki, o‘sha paytda jamoamizni qandaydir sabablarga ko‘ra kuchlilar orasidan chiqarib yuborishgandi. Shuning uchun ham “Mash’al”ni Superligada debyutant deb hisoblay olmayman. To‘g‘risini aytsam, bu yilgi tarkibni shakllantirish bizga qiyinchiliklarni tug‘dirdi. Nimagaki, oxirgi paytlarda akademiyamiz ozgina oqsab qolgandi. Natijada u erdan etarli darajada iqtidorli yoshlar etishib chiqmayotgandi. Shunga qaramasdan biz asosiy e’tiborimizni o‘zimizning mahalliy tarbiyalanuvchilarimizga qaratganmiz. Nima bo‘lganda ham biz uchun tarkibni shakllantirish o‘ziga yarasha qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. Ayniqsa, selektsiya ishlarida o‘zimiz istaganchalik faollik ko‘rsata olmadik. Biz esa yana selektsiyani davom ettirishimiz kerak. O‘zingiz ham yaxshi bilasiz, chempionat juda qiyin kechadi, shu bois u erda munosib ishtirok etish jamoamiz uchun og‘ir bo‘lishini yaxshi tushunib turibmiz. Shunga qaramasdan biz harakat qilamiz. “Mash’al”ning o‘z o‘yin uslubi bor. Azaldan beri klub o‘zining o‘yini borasida tegishli an’analariga ega. Biz esa bosh murabbiy bilan samarali ish olib borgan holda o‘yin uslubimizdan voz kechmaymiz.

- Lekin yoshlarning o‘zi bilan chempionatda munosib qatnashish ham murakkab jarayon hisoblanadi. “Mash’al” katta darajadagi transferlarni amalga oshirgani yo‘q. Hozirgi tarkib bilan esa sizlarga qo‘shimcha muammolar tug‘dirmaydimi?

- To‘g‘ri aytyapsiz, yosh futbolchilar bilan Superligada qatnashish jamoamiz uchun juda qiyin bo‘ladi. Legionerlarga keladigan bo‘lsak, ularni biz katta pullar evaziga olib kelganimiz yo‘q. Ular o‘ynaydigan pozitsiyaga o‘zimizdan futbolchilarni qidirganmiz-u, ammo o‘zimiz xohlagan o‘yinchilarni topa olmadik. Natijada ichki imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda legionerlarni olib kelishga qaror qildik. Jamoamiz har qanday holatda ham oxirigacha kurash olib boradi. Chempionat davomida qo‘limizdan kelgan barcha chorani ko‘ramiz va muxlislarimizni xursand etish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

- Qiziq, jamoada bosh murabbiy kim?

- Men katta murabbiyman. Bosh murabbiy esa Zoir To‘raqulov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ibratjon Hikmatjon
28/02/2020 07:01
Dilyaver chimchi Mashalga Navbahorda tanilib keyin ketgansanu Navbahorga Chilonzordan kelgansan pul uchun Andijonda ham uynagansan