"Dinamo" Kiev "Barsa" va "Bavariya"ni muammosiz engayotgan Evropa chempionlar ligasining o‘rinbosarlar o‘rtasidagi musobaqasida nima gaplar?!
UEFA U19 musobaqasi syurprizlarga boy. Bu erda "Jilina" "Inter"ni parchalab tashlashi, "Gent" "Chelsi"ni muammosiz engishi va "Deportivo" yuqori darajada harakat qilishi mumkin. SPORTS.uz ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan EChLning ikkinchi darajali chempionati haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashadi.
Bir tasavvur qilib ko‘ring, "Dinamo" "Barsa"ni mehmonda 4:1, "Bavariya"ni o‘z uyida 4:0 hisobida taslim etib, pley-offga yo‘llanma oldi. "Bryugge" esa, "Manchester Siti" to‘sig‘idan muammosiz o‘tdi. Yoshlar o‘rtasidagi EChLni kuzatib borayotganlar gap nima haqida ketayotganini darrov anglagan bo‘lsa ajab emas.

"Deportivo" - top!
Bu klubning asosiy jamoasi La Ligada emas, biroq yoshlari Evropani zabt etish sari dadil qadam tashlamoqda. Guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, 1/16 bosqichiga yo‘l olishni uddalagan jamoa "Dinamo" Kiev bilan to‘qnash keldi. O‘z uyidagi bahsda stadionga 20 ming muxlis tashrif buyurganiga qaramay, penaltilar seriyasida ispanlar mag‘lubiyatga uchradi. Natija o‘z yo‘liga. Asosiysi, jamoa yoshlari klub arenasiga xalqaro musobaqa havosini olib kelishni uddaladi.
"Olimpiakos"ning agressiv muxlislari
Afsuski, turnir davomida yoqimsiz holatlar ham uchrab turadi. 2019 yilda greklarning eng taniqli jamoasi o‘z uyida "Bavariya" bilan kuch sinashdi. Raqiblar hisobni yirik ko‘rinishga keltirgach, maydon egalari Myunxendan tashrif buyurgan fanatlar sektoriga "shturm" uyushtirdi. Xayriyat, qonun himoyachilari katta janjal sodir bo‘lishini oldini oldi. Aks holda, nemis muxlislari uyiga sog‘-omon etib borishi katta so‘roq ostida qolishi mumkin edi. Ularning bu ishi sababli jamoalar qolgan daqiqalarda to‘pni maydon markazida ushlab turib, vaqtni o‘ldirdi. Bu esa, fanatlarni yanada qattiq g‘azablanishiga sabab bo‘ldi, ammo bu safar grek futbol ishqibozlari emotsiyalarni jilovlashga muvaffaq bo‘ldi.

Kashf etilmagan yulduzlar va Raulning murabbiylik iqtidori
Har qanday yoshlar o‘rtasidagi musobaqadagi asosiy faktor sanalgan iqtidorlar masalasida ham EChLning kichik versiyasi hech bir turnirdan qolishmaydi. Misol sifatida "Atalanta"ning 2020 yildagi eng yaxshi to‘purarlaridan biri Roberto Pikkolini ko‘rsatish mumkin. U UEFA tasnifidagi musobaqaning har bir o‘yinida gol kiritdi. Barcha Italiyada yangi top darajadagi goleador etishib chiqayotganini taxmin qila boshladi. Bergamoliklar vunderkind uchun "Spetsiya"dan tushgan taklifga rozi bo‘lib, uni ijaraga berib yubordi. Afsuski, Pikkoli mashhurlik yukini ko‘tara olmadi. Keyin "Jenoa"da omadini sinab ko‘rdi, ammo yana hech narsa o‘xshamadi. Hozircha, Roberto o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlaganicha yo‘q.
Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin. "Ayaks" darvozaboni Dan Raytsiger ham yoshlar o‘rtasidagi EChLda juda yorqin o‘yinlarni o‘tkazdi. "Atletiko" bilan bo‘lgan pley-off bahsi uning yulduzli onlariga aylanib ketdi. Penaltilar seriyasida raqibning 3 zarbasini bartaraf etibgina qolmay, Dan hal qiluvchi zarbani aniq yo‘llab, jamoasini chorak finalga olib chiqdi. Afsuski, ko‘p o‘tmay professional futbolga kirib kelgan kiper yo‘qolib qoldi.
Musobaqaning amaldagi chempioni kim deysizmi? Bu Raul Gonsales boshchiligidagi Madridning "Real" klubi! O‘tgan mavsumda "qirollik klubi"ning kichik jamoasi finalda "Benfika"ni dog‘da qoldirib "ko‘hna qit’a"ning eng kuchli yoshlar jamoasi nomini o‘ziniki qilib oldi. G‘oliblikdan so‘ng ko‘plab mutaxassislar Raulni "qaymoqranglilar"ning asosiy murabbiyiga aylanishini taxmin qildi. Hozircha, Raul kichik jamoa bilan shug‘ullanishni afzal ko‘rmoqda, lekin istalgan paytda Karlo Anchelottining o‘rnini egallashi mumkin. U "Karlo ota"ni almashtirishi mumkin bo‘lgan asosiy variant!

Joriy mavsumda kimlar chempionlik uchun kurash olib boradi?
1 va 2 mart sanalarida turnirning 1/8 bosqichidan o‘rin egallagan o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. EChLdan farqli o‘laroq, bahs taqdirini yagona uchrashuv hal qiladi. Quyida juftliklar bilan tanishib olishingiz mumkin.
"Liverpul" – "Genk"
"Real" – "Atletiko"
"AZ Alkmar" – "Yuventus"
"Dinamo" Kiev" – "Sporting"
"Manchester Yunayted" – "Borussiya" Dortmund
"Jilina" – "Zaltsburg"
PSJ – "Sevilya"
"Mityulland" – "Benfika"
Sizninga yakunda kim chempionlikni qo‘lga kiritadi? Fikringizni izoxlarda qoldiring!



Fikrlar