
Dipak Dipak: "Har qanday raqibga tayyormiz!"
Toshkentda o‘tayotgan jahon chempionatining yana bir sensatsion natijasi -51 kg vazn toifasida amaldagi jahon chempioni qozog‘istonlik Saken Bibossinovning kutilmaganda Hindiston vakili Dipak Dipakka imkoniyatni boy berib qo‘ygani bo‘ldi. Shu tariqa, hindistonlik bokschi yurtdoshimiz Hasanboy Do‘smatovning jahon chempionligi yo‘lidagi asosiy raqiblardan biriga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Biz jangdan keyin Dipak bilan bog‘landik va Hindiston delegatsiyasidan o‘rin olgan murabbiy Dmitriy Dmitruk va Dipak bilan qisqacha muloqotda bo‘ldik.
- Avvalo muhim g‘alaba bilan tabriklayman!
- Rahmat.
- Turnir boshlanishidanoq amaldagi jahon chempioni bilan tushib qolish yoqimsiz bo‘lsa kerak?
- Dipak: Qachondir kuchli raqiblar bilan to‘qnash kelinadiku.
-Endi, turnirdagi asosiy raqib sifatida kimni ko‘rmoqdasizlar?
- Dipak: Jahon chempionatida barcha raqiblar juda kuchli. Alohida bittasini ta’kidlamoqchimasman. Har qanday raqibga tayyormiz.
- Dmitruk: Bilasizmi, jahon chempionatida ishtirok etayotgan barcha raqiblar yaxshi hozirlik ko‘rgan. Hammasini jiddiy raqib sifatida ko‘ramiz.Kimgadir yuqori baho berib yoki qaysidir raqibga past baho berish kerak emas.
- Shunday deysizkuya, lekin baribir Hasanboy Do‘smatov bu vaznda eng jiddiy raqibligini bilasiz...?
- Dmitruk: Albatta, Hasanboy Do‘smatov juda yaxshi darajadagi bokschi, lekin yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, qolganlarni kuchiga ham past baho bermaslik kerak.
- Qiziq jihati, ushbu vazndagi etakchilaridan biri kolumbiyalik Yuberjen Martines ham musobaqani tark etdi...?
- Dmitruk: Shaxsan men Martinesga achindim. Garchi, ehtimoliy raqibimiz bo‘lishi mumkin bo‘lsa ham. Chunki u juda yaxshi bokschi edi. Uslublari maqul kelardi. Biroq, bu jahon chempionati va unda oddiy raqiblar bo‘lmaydi.
- Dastlabki ikki raund Saken Bibossinovga keldi. Shunda ham g‘alabaga ishonch bormidi?
- Dmitruk: To‘g‘risi, biz bunga ahamiyat ham berganimiz yo‘q. Maqsadimiz, faqat g‘alaba qozonish bo‘ldi.
Fikrlar